1998-yilda AQSh Davlat departamenti diniy erkinlik ko'lami haqida ilk bor xalqaro tahlilnoma chiqarganida, o'sha paytdagi bosh diplomat Madlen Olbrayt bu huquqni Amerikaga asos solgan omillardan biri, deb atagan.
"Fuqarolari erkin e'tiqod qila olgan davlat kuchli, farovon va tinch bo'ladi", - degan Olbrayt.
Arbob erkinlik har bir insondan mas'uliyat talab qilishini ham eslatgan. Insonlar bir-birining huquqlarini hurmat qilib, bag'rikeng bo'lishi demokratik jamiyatni hosil qiladi.
AQSh davlatchiligini shakllantirishda diniy erkinlik eng muhim talablardan biri deb belgilangan. Siyosiy idoralar peshtoqida "Xudoga ishonamiz" degan yozuvlar turishi bejiz emas, chunki bu sarhadda yangi hayot boshlagan yevropaliklarning katta qismi u yerda azoblangan diniy oqimlarning vakillari, e'tiqod va vijdon erkinligi izlagan jamoalar bo'lgan.
Ular yangi dunyoda o'z dinini bemalol targ'ib qilishni ham istagan. Biroq missionerlik bu odamlar uchun boshqa e'tiqodlarni kamsitish emas edi. Yana bir muhim mezon: dinsizlik yoki xudoga ishonmaslik ham e'tiqod erkinligidir.
Davlat departamenti jahon bo'ylab bu huquq qay ahvolda ekani haqida hisobot chiqarib, butun hukumatni boxabar qiladi, shuningek, xalqaro miqyosda bu erkinlikni himoya qilayotganini namoyish etadi.
Buni ham ko'ring Tolibon: Afg’onistonda xristianlar yo’qDavlat kotibi Entoni Blinken 2021-yil tahlilnomasi taqdimotida deydiki, diniy erkinlik targ'iboti - AQSh tashqi siyosatidagi prioritetlardan biri.
"Bu fundamental huquq va bilamizki, erkinlik toptalgan mamlakat barqaror bo'lmaydi. Mojarolarga yetaklovchi omillardan biri - e'tiqodni hurmat qilmaslik", - deydi Blinken.
Hisobot Iroq, Tayvan va Sharqiy Timorda vaziyat yaxshilanayotganidan darak beradi. Saudiya Arabistoni, Xitoy, Pokiston, Afg'oniston, Myanma esa diniy erkinlik eng toptalgan mamlakatlardir.
"Barcha jamiyatlar, xususan o'zimizniki va Yevropa bo'ylab yahudiylarga va musulmonlarga nisbatan salbiy yondashuv keng qanot yozmoqda. Bunga qarshi ko'proq va qattiqroq kurashishimiz lozim, - deydi Blinken. - AQSh diniy erkinlikni himoya qilishdan aslo to'xtamaydi. Hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqaro jamiyati bilan bu borada yaqindan ishlayveramiz".
Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha elchi Rashad Husayn deydiki, 2000 betdan oshiq hisobot insoniyatning bugungi kunini, u yashayotgan jamiyatlarning ahvolini aks ettiradi. Odamlar hali ham e'tiqodi uchun qiynoqqa solinmoqda, cheklovlarga uchramoqda, deydi rasmiy.
Rossiyada nasroniylarning muayyan oqimlari, Yevropada yahudiylar, Eronda bahaylar, Shimoliy Koreya va Nigeriyada nasroniylar, Myanma va Xitoyda musulmonlar, qolaversa qator mamlakatlarda ateistlar va gumanistlar ta'qib ostida, nafrat bilan yuzma-yuz, deya tasvirlaydi Husayn.
"Ko'plab tuzumlar o'z fuqarolarini dini uchun ezadi. Xitoy va Myanmada o'tgan yillarda hatto genotsidga guvohmiz".
Husayn qayd etishicha, zo'ravonliklar va qonli mojarolar ortida aslida mana shu toqatsizlik va nafrat turibdi.
"Bunday zulmga ko'z yumish vijdonsizlikdir", - deydi elchi.
U ham Blinken singari Vashington diniy erkinlik himoyasida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishini aytadi.
Buni ham ko'ring Kanadaga ko’chgan hazoralar: Afg’oniston biz uchun xavfsiz joy emas"E'tiqod yaxshilik va ezgulik tomon yo'ldir. Uni hech kim hech qachon yomonlik yo'lida qo'llamasligi kerak. Bizning davlatimiz bunga izn bermaydi", - deydi Husayn.
Markaziy Osiyoda, AQSh hisobotiga ko'ra, vaziyat yaxshilanmagan
Tojikiston va Turkmanistonda diniy erkinliklar qo'pol tarzda buziladi. Bu haqda ogohlantirib kelayotgan AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi Bayden ma'muriyatini bu hukumatlar bilan aloqani cheklashga, jazo choralarini qo'llashga undaydi. Davlat departamentining bildirishicha, har bir davlat bilan hamkorlikda diniy erkinlik darajasi hisobga olinadi. Amerika o'z milliy xavfsizligini ta'minlash uchun ba'zi hukumatlar bilan ishlashga majbur, biroq real vaziyatga aslo ko'z yumilmaydi, deydi rasmiylar.
Inson huquqlari tashkilotlari nazarida esa Vashington bir tomondan hisobotlar chiqarib, mamlakatma-mamlakat baho beradi, boshqa tomondan esa huquqbuzar hukumatlar bilan strategik sherik. Bunday tanqidni ular aynan Markaziy Osiyo respublikalari bilan hamkorlikka nisbatan ham aytadi.
O'zbekistonda 2021-yilda ro'yxatdan o'tish uchun hujjat topshirgan 17 guruhdan birortasi qabul qilinmagan, deyiladi hisobotda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta'kidlashicha, e'tiqod erkinligi himoya qilinadi, islohotlar natijasida ahvol yaxhilanadi. Bugungi O'zbekistonda diniy libosda yurishga oldingidek taqiq yo'q, biroq davlat muassasalarida cheklovlar talay.
Hisobotda O'zbekistonda islomdan boshqa e'tiqodda bo'lganlarga nisbatan toqatsizlik kengayib borayotgani haqida ham ogohlantiriladi. Xususan imomlar nasroniylarga qarshi nafrat urug'ini sochayotgani qayd etiladi.
O'zbekistonning 35 millionlik aholisi orasida, AQSh hukumati taxminicha, 88 foizi musulmon. Biroq respublika hukumatiga ko'ra, 96 foiz aholi islomga e'tiqod qiladi.
Bu yilgi hisobot ham oldingilari singari O'zbekistonda diniy ta'lim cheklanganini tanqid qiladi.
Buni ham ko'ring AQSh komissiyasi: O'zbekiston diniy erkinlik bo'yicha hamon maxsus kuzatuvdaTojikiston, hujjatda tasvirlanishicha, har qanday din vakili e'tiqodi uchun jazolanishi mumkin bo'lgan jamiyatdir. Hukumat nazorati keskin, har qanday diniy faoliyat uning ruxsati bilangina amalga oshirilishi lozim.
9 millionlik aholining kamida 90 foizi musulmon. Boshqa dinlar haqida gap ketsa, rasmiylar ko'pchilikning e'tiqodi hurmat qilinishi kerak, deya siyosatni oqlashga harakat qiladi. Musulmonlar cheklovlardan nolisa, mutaassiblik va terrorizmga qarshi kurash shunday choralar talab qilinishi aytiladi.
2016-yildan beri Tojikiston Davlat departamenti tomonidan "alohida xavotirga molik mamlakat" deya tamg'alangan. Biroq, yuqorida huquq tashkilotlari qoralaganidek, Dushanbe bilan hamkorlik bois unga nisbatan sanksiyalar qo'llanilmaydi.
Aholisi 20 millionga yaqinlashgan Qozog'istonda ommaviy so'rovlarda odamlarning 70 foizi o'zini musulmon deb tanishtirgan, 25 foizi esa nasroniy.
Bu respublikada ham qo'shnilaridagi kabi dindorligi uchun hibsga olish, sudlash va tazyiqqa olish hollari uchraydi. Ro'yxatdan o'tmagan guruhga a'zolik jinoyat hisoblanadi. E'tiqodi sabab uyushishga hukumat tahdid sifatida qarab, jamoat joylarida dindorlikni namoyon etish cheklanadi. Diniy targ'ibot man etilgan.
Diniy adabiyotlar senzura qilinadi, ularning chop etilishi qattiq tekshiruv ostida. Qozog'iston rahbariyati bu choralarni, O'zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg'izistonda bo'lganidek, radikalizmga qarshi kurashning bir qismi, barqarorlikni ta'minlash uchun zarur tadbir deb izohlaydi.
2019-yildagi so'rovlarda Qozog'istonda respondentlarning deyarli 19 foizi ateist yoki xudoga ishonmasligini aytgan.
Qirg'izistonda 21 diniy to'da ekstremist hisoblanib, a'zolari ta'qib ostida. Ularning materiallarini tarqatish man etilgan.
Jumladan nasroniylarning “Iyegova guvohlari” oqimiga qarshi kurash o'tgan bir yilda yanayam avj olib, hukumat uning vakillarini fuqarolarni bu guruhga kirish uchun majburlayotganlikda, odamlarning ongini zaharlayotganlikda ayblagan.
Qo'shni davlatlar singari Qirg'izistonda ham har bir diniy guruh registratsiyadan o'tishi shart. O'tkazilmasa, faoliyatiga chek qo'yilishi kerak.
Respublikada 6 millionlik aholining taxminan 90 foizi musulmon, 7 foizi nasroniy, shuningdek, oz sonli yahudiylar, buddistlar, bahaylar va boshqa dinlarning vakillari ham bor.
Buni ham ko'ring Mafkuraviy ekstremizm yoki qonli ekstremizm? O'zbekistondagi e'tiqod erkinligi AQShda muhokamada5,6 million odam yashaydigan Turkmanistonda musulmonlar 89 foizni, nasroniylar esa 9 foizni tashkil etadi.
Vashington respublikani 2014-yildan beri "alohida xavotirga molik mamlakat" deb qayd etadi, lekin Tojikiston kabi u bilan hamkorlik "milliy manfaatlar yo'lida muhim" deya asoslanib, Ashgabatga nisbatan biror jazo chorasi qo'llanmaydi.
Turkmaniston - mintaqada inson huquqlari eng keng va og'ir tarzda buziladigan jamiyat. Vaholanki, konstitutsiya fuqaroga e'tiqod erkinligini kafolatlaydi. Din va hukumat ajratiladi. Diniy tashkilotlar siyosatga va boshqaruvga aslo aralashmasligi shart.
Ro'yxatdan o'tish bag'oyat murakkab, deyiladi Davlat departamenti hisobotida. Nazorat ham shunga yarasha. O'tgan bir yil ichida to'rt guruh qayta registratsiya qilingan - uch islomiy tashkilot, bittasi nasroniy.
Isroil elchixonasi hisobicha, mamlakatda taqriban 200 yahudiy istiqomat qiladi.
Hukumatlar kamdan-kam hollarda Davlat departamentining bu kabi tahlilnomalariga munosabat bildiradi. Bildirganda, xususan Markaziy Osiyoda, muammolar deyarli tan olinmaydi. Mutasaddilar e'tiqod erkin deya izohlab, faqat radikal harakatlari bilan nazarga tushgan jamoalar keskin nazoratda ekanini aytadi.
O'tgan yillarda Vashington O'zbekistonda qator ijobiy o'zgarishlarni e'tirof etgan. Respublika uzoq yillar "alohida xavotirga molik mamlakat" edi. Endilikda u maxsus kuzatuvda, ya'ni vaziyat nisbatan bo'lsa-da, yaxshilangan. Ammo bu yilgi hisobotga ko'ra, O'zbekistonda o'tgan bir yil ichida muayyan progress bo'lmagan.
Respublikada, qolaversa, qo'shni mamlakatlarda ham "diniy mahbuslar" atamasiga qarshilik kuchli. G'arb hukumatlari va xalqaro tashkilotlarning bu jamiyatlarda insonlar dindorligi uchun qamaladi, degan xulosasi inkor etiladi.