179 kundirki Rossiyaga qarshi urushayotgan Ukraina armiyasi bilvosita, masofadan hujumga o’ta boshlagan. Qrimdagi harbiy obyektlar davomli nishonga olinishi Rossiya armiyasini tahlikada qoldirgani kuzatiladi.
Bu hafta Qrimdagi aerodrom, Qora dengiz floti shtabi, qurol-aslaha omborlari muttasil hujum ostida qoldi. Ayrim zarbalar Rossiya havo mudofaasi tomonidan qaytarilgan bo’lsa, ayrimlari mo’ljalga yetib bordi.
Ukraina armiyasi front ortidagi bu obyektlar qanday qurollar bilan nishonga olinganini ochiqlamaydi, ammo zarbalarning davom etishiga ishora bermoqda.
Harbiy ekspertlar Qrimdagi obyektlar AQSh bergan dronlar yordamida nishonga olinganini ehtimol qilishyapti. Ukraina armiyasi so’nggi paytda harbiy dronlar turi, sonini ko’paytirdi.
Turkiya “Bayroqdor” dronlarining Qrimda ishlatilishiga taqiq qo’ygan. AQSh Ukrainaga taqdim etilgan qurollar Ukraina hududi bo’ylab ishlatilishini, Qrim ham Ukraina hududi ekanligini ta’kidladi.
Ukrainlar, xususan, Kiyevdagi qrim-tatar faollari Ukraina qurolli kuchlarining navbatdagi nishoni Qrim ko’prigi bo’lishini kutishmoqda. Qrim ishg’oli ortidan qurilgan bu ko’prik - yarim orolni Rossiya bilan bog’lab turadigan asosiy yo’l. Kerch bo’g’ozi ustidan qurilgan ko’prik rus armiyasi ta’minotida o’ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavhum, ammo ko’lami oshayotgan urush qurbonlari
Bevosita frontdagi vaziyatda o’zgarishlar kam. Rus armiyasi Donetskda Baxmut shahriga yaqinlashgan. Xarkov, Donetsk, Zaporojye va Xerson viloyatlari bo’ylab cho’zilgan frontda to’qnashuvlar davom etayotgan bo’lsa-da, jiddiy siljish yo’q. Ukraina armiyasi mudofaani ushlab turibdi, rus armiyasi hujumlari sekinlashgan.
Har ikki tomonning qurolli kuchlari tarqatayotgan ayrim xabarlarda dushmanning bir kunlik yo’qotishi 500 kishi atrofigacha baholanadi. Urush holatida bu raqamlarning qanchalik haqiqatga yaqinligini tekshirish imkonsiz.
Tomonlar o’z armiyasidan berilgan qurbonlar sonini ochiqlamaydi, ammo urushda o’lgan harbiylar soni umumiy hisobda 100 mingdan oshib ketganiga doir taxminlar mavjud.
Nafaqat harbiylar, balki tinch aholi ham otishmalar va raketa zarbalaridan halok bo’lyapti. Bu hafta Rossiya Xarkov shahridagi yotoqxonani nishonga oldi. Ukraina harbiy obyektlarga aloqasi bo’lmagan bu yotoqxona o’qqa tutilishi oqibatida 10 kishi o’lgani, 40 nafarga yaqin odam jarohatlanganini bildirdi.
BMT kuzatuvlariga ko’ra, hozirgacha Ukraina urushida 5500 dan oshiq tinch aholi o’lgan, ulardan 300 nafari bolalar. Ukraina Bosh prokuraturasi urushda 373 nafar voyaga yetmagan bolalar halok bo’lganini ma’lum qilgan.
Buni ham ko'ring Ukraina urushi: Yevropa yadro tahdidi ostidaAtom stansiyasidan yadroviy qurol tahdidigacha
Yadroviy tahdid, Zaporojyedagi atom stansiyasi bilan bog’liq taranglik bu hafta oliy darajadagi uchrashuvda muhokama qilindi. Ukrainaga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tashrif buyurdi.
Turkiya, Ukraina va BMT rahbarlarining uch tomonlama muzokarasida asosiy diqqat atom stansiyasidagi vaziyatga qaratildi. Guterrish stansiyasini to’qnashuvlardan xoli hudud sifatida belgilashga chaqirdi. Rossiya bu taklifni rad etdi.
Ammo Lvovdagi uchrashuvda Xalqaro atom agentligi ekspertlarini Zaporojye atom stansiyasiga safari yuzasidan ham muzokaralar bo’lib o’tdi, bu borada ayrim kelishuvlarga erishildi.
Urush yadro tahdidi atom stansiyasi bilan cheklanmasligiga ishora beryapti. Britaniya qurolli kuchlari markaziy shtabining sobiq rahbari Richard Berrons “BBC” ga bergan intervyusida Ukrainadagi urushda Rossiya kichik quvvatdagi yadroviy raketalardan foydalanishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlamoqda.
Unga ko’ra, Ukraina armiyasi hujumga o’tgan taqdirda shunday xavf yuzaga chiqishi mumkin.
“Gap qit’alararo ballistik raketalar emas, kichik hajmdagi yadroviy qurollar haqida ketmoqda”, - deydi general.
Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina armiyasi Zaporojyedagi janglarda kimyoviy qurol qo’llagani, bir guruh jangchilar zaharlangani haqida iddao bilan chiqqan edi.
Buni ham ko'ring Yevropaning Ukrainaga yangi moliyaviy yordami. Ozarbayjon bilan gaz kelishuvi. Ukrainada kadrlar almashinuviRossiya fuqarolarining Yevropaga kirishini taqiqlash
Urush inafaqat jang maydonini, balki dunyogi siyosiy, ijtimoiy vaziyatni ham silkitishda davom etyapti. Hafta davomida rossiyaliklarga nisbatan ommaviy sanksiyalar qo’llash, Rossiya fuqarolarini Yevropa Ittifoqi hududiga kiritmaslik, mavjud vizalarni bekor qilishga chaqiriqlar jiddiy munozaraga sabab bo'ldi.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya fuqarolarining Yevropaga kirishini taqiqlash, rossiyaliklarga Yevropada yashash huquqini beruvchi hujjatlarni bekor qilish tashabbusi bilan chiqdi.
Taklif Yevropa Ittifoqining qator a’zolari, Boltiqbo’yi, Sharqiy Yevropa davlatlari tomonidan qo’llab-quvvatlandi. Yevropa Ittifoqi parlamenti bu masalani rasman muhokama qilishga hozirlanayotgani haqida ma’lumotlar bor.
Ammo ayrim davlatlar bu tashabbusni qo’llashmadi, jumladan Germaniya va Portugaliya. Kansler Olaf Shols Germaniyaning bunga qarshiligini Rossiyada tazyiqqa uchragan fuqarolar uchun imkoniyat qoldirish zaruriyati bilan izohladi.
Tashabbuschilar nazarida esa Rossiya aholisi ommaviy ravishda Ukrainadagi urushni qo’llab-quvvatlamoqda.
Markaziy Osiyo Rossiyaga ko’makdoshmi?
Qozoq muxolifatchisi, bloger Erjan Turg’umboy Ukrainadagi urush va uning mintaqaga ta’sirini yoritib kelayotgan faollardan biri. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, jamoatchilikdan farqli ravishda mintaqa hukumatlari Rossiyani bilvosita qo’llab kelishyapti.
Oxirgi paytda Ukraina tufayli Qozog’istonning Rossiya bilan aloqalari ziddiyatlashgani haqidagi qarashlar mutlaqo asossiz. Aksincha, aloqalar yanada mustahkamlangan.
“Markaziy Osiyoda Ukrainadagi urushga nisbatan munosabat turlicha. Masalan, qozoq jamoatchiligida aksariyat [Vladimir] Putin boshlagan bu vahshiy urushni yoqlamaydi. O’zbekistonda ham shunday guruhlar bor. Qirg’iziston, Tojikistonda ham o’ziga yarasha. Ammo jamoatchilik darajasidagi bu qarashlar albatta hukumatlar pozitsiyasini bildirmaydi, ayniqsa Qozog’iston masalasida. Oxirgi paytda Ukraina tufayli Qozog’istonning Rossiya bilan aloqalari ziddiyatlashgani haqidagi qarashlar mutlaqo asossiz. Aksincha, aloqalar yanada mustahkamlangan. [Qosim-Jo’mart] To’qayev Sochiga borib, Putin bilan yana uchrashib keldi, Rossiya biznesi Qozog’istonda faoliyat olib borishi uchun barcha sharoitlarni muhayyo qildi. Har kuni minglab rossiyaliklar Qozog’istonga keladi, chegara hududidagi o’tish punktlari soni ko’paytirildi. 1-2 kun ichida ro’yxatdan o’tib, biznesini boshlash uchun imkoniyatlar yaratib berilgan. Rossiya-Qozog’iston o’rtasidagi temir yo’l qatnovi, yuk tashish hajmi bir necha barobar ortgan. Xullas, Markaziy Osiyo hukumatlari, ayniqsa Qozog’iston bu urushda bilvosita Rossiyani qo’llab turishibdi”, - deydi qozoq muxolifatchisi.
Putin Rossiyasini Ukraina armiyasi emas, faqat rossiyaliklar yengishi mumkin
24-avgustda Ukraina urushiga yarim yil to’ladi. AQSh va Yevropa Ittifoqi Ukrainani harbiy, iqtisodiy, siyosiy tomondan qo’llab-quvvatlab kelmoqda.
So’nggi paytda, ayniqsa qish arafasida iqtisodiy muammolarga uchrayotgan ittifoqda urushga nisbatan munosabat o’zgarayotgani, Kiyevni harbiy, iqtisodiy jihatdan quvvatlash harakatlari susayganiga doir qarashlar bor.
Erjan Turg’umboy nazarida Rossiya va Ukraina matbuotidagi bayonotlardan qat’i nazar hozircha bu urushda muvaffaqiyat qozongan tomon borligi haqida gapirib bo’lmaydi.
“Putin Ukraina urushini uzoq muddatga cho‘zishga qaror qilgan. U Yevropada urushga nisbatan munosabat o’zgarishini, Ukrainani quvvatlash harakati susayishini kutmoqda. Haqiqatda shunday jarayon kuzatilyapti, yordam miqdori kamaymoqda. Faqat AQSh Ukrainani qo’llashda, Rossiyani holdan toydirish qarorida sobit. Bu haqiqatan to’g’ri tanlangan taktika. Rossiya, Putin rejimi ustidan Ukraina armiyasi emas, rossiyaliklarning o’zigina g’alaba qilishga qodir. Muammolarga cho’kkan Rossiyada silkinishlar boshlanmas, xalq qo’zg’almas ekan, Putin rejimining qulashini kutish juda qiyin”, - deydi Turg’umboy.