Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti barobarida avj olgan Tojikiston-Qirg’iziston o’rtasidagi to’qnashuv sammit yakunlanar ekan, bosildi, tomonlar o’t ochishni to’xtatishga kelishdi. Prezidentlar Emomali Rahmon va Sadir Japarov Samarqandda ziddiyat yuzasidan muzokara o’tkazdi.
Tojikiston va Qirg’iziston chegara qo’shinlari o’rtasida ikki kun davom etgan bu to’qnashuvni har ikki davlat prezidenti Samarqanddan kuzatdi.
Bu vaqt davomida ular turli davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o’tkazdi. Sammit yakunlanishi ortidan kamida ikki kishi o’lgani, 10 dan ortig’i yaralangani aytilayotgan to’qnashuv muhokamasiga vaqt topishdi.
Bungacha bir shaharda, bir majmuada bo’lib turgan prezidentlar ziddiyatni to’xtatish haqida bevosita, bilvosita ham gaplashmadi, tomonlarni murosaga chaqirgan vositachi lider ham ko’rinmadi.
“Ozodlik” radiosining Markaziy Osiyo bo’yicha muxbiri Bryus Pannier tojik-qirg’iz ziddiyatida kuzatilgan shu g’alati holatga diqqat qaratadi.
Uning ta’kidlashicha, Samarqanddagi anjuman doirasida ko‘rishib turgan prezidentlar ziddiyatni o’zaro muloqotda to’xtatishi mumkin edi, ammo bunga vaqt topishmagani bu to’qnashuvga g’alati tus berdi.
“Agar Qirg’iziston va Tojikiston prezidentlari gaplashishni istamagan taqdirda ham, Shanxay tashkiloti yetakchilari Zinpin yoki Putin tomonlarni murosaga chaqirishi mumkin edi, lekin mening bilishimcha ular ham, boshqa yetakchilar ham bunday tashabbus ko’rsatgani yo’q. Bu juda g’alati ko’rinadi”, - deydi Pannier "Ozodlik"ning qirg’iz xizmatidagi intervyusida.
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti 16-sentabr kuni Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish bilan o’z ishini yakunladi. Sammitda tashkilot a’zolari o’rtasidagi ziddiyat muhokama qilinganiga doir ma’lumot yo’q.
To’qnashuv sammit ortidan ikki davlat rahbarlarining alohida uchrashuvida muhokama qilindi. Tomonlar chegara hududidan og’ir qurollarni olib chiqish, mojaro yuzasidan surishtiruv o’tkazishga kelishib olgan.
Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasidagi chegara to’qnashuvlari mintaqadagi eng ziddiyatli nuqtalardan bo’lib qolmoqda.
Tomonlar o’rtasidagi umumiy chegara uzunligi ming kilometrga yaqin, bu hududning katta qismi, 300 kilometrdan oshig’i belgilanmagan, o’zaro aniqlashtirilmagan. Chegara qo’shinlari, chegara hududida yashayotgan aholi ishtirokidagi to’qnashuvlar davomli kuzatiladi. Ziddiyatda raketa tizimlari ishlatilgani xavotirli.
Qirg’iziston chegara xizmati ma’lumotiga ko’ra, Tojikiston tomonidan otilgan raketalar Botkent shahridagi bir nechta inshootlarni vayron qilgan.
Tojikiston tomoni Qirg’iziston chegara qo’shinlari chegara punktini, turar joylarni o’qqa tutganini, ikki kishi halok bo’lganini bildirmoqda.
Navbatdagi ziddiyatga nima sabab bo’lgani hozircha noma’lum.
Tojikiston, Qirg’iziston ShHTdan tashqari, Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga (KXSh) ham a’zo davlatlar. KXSh Bosh kotibi Stanislav Zas 16-avgustda Qirg’iziston, Tojikiston tomoni bilan muloqotda bo’ldi, tomonlarni o’q otishni to’xtatishga chaqirdi.
Qirg’iziston, Tojikiston prezidentlari bu ziddiyat davomida Samarqandda Rossiya Prezidenti Putin bilan ham muloqotda bo’lishgan.
Qirg’iziston tomoni Japarovning Putin bilan uchrashuvini to’laqonli rasmiy muzokaralar sifatida taqdim etgan, bu uchrashuvda chegara ziddiyati gaplashilgani haqida hech narsa deyilmaydi.
Rahmon sammit doirasida Putin bilan qisqa muloqotda bo’lgan, ammo bu uchrashuv rasmiy maqomda taqdim etilmaydi.
“Ozodlik” muxbiri Bryus Pannier sammit manzarasida yuz bergan qirg’iz-tojik to’qnashuvi rossiyaparast kuchlar tomonidan qo’zg’atilganini ehtimol qiladi.
Ammo bu to’qnashuvda rossiyaparast kuchlar kim tomonda ekanini aytish qiyin. Rossiya Qirg’izistonda ham, Tojikistonda ham harbiy bazalarini joylashtirgan. Har ikki davlat Moskva ittifoqchilaridan sanaladi.
Ayrim qarashlarga ko’ra, xususan qozoq sharhlovchisi Erjan Turg’unboyning ta’kidlashicha, Imomali Rahmon Putinning mintaqadagi eng sodiq ittifoqchilaridan biri hisoblanadi.
“Qirg’iz-tojik chegarasidagi ziddiyat o’chog’i Moskva uchun bosim dastaklaridan biriga aylangan. Diktator Imomali Rahmon hozirgi vaziyatda Putining mintaqadagi eng sodiq ittifoqchisi, uning bir ishorasi bilan ziddiyatni alangalatib berishi mumkin. Bunday vaziyatda Sadir Japarovda Putin huzuriga yugurish, Moskvaga ta’zim qilishdan boshqa imkoniyat qolmaydi”, - deydi Turg’unboyev.
Samarqand sammiti manzarasidagi bu to’qnashuvga doir mulohazalarga ko’ra, ShHT doirasida vaziyatning aylanib o’tilishi mintaqa ziddiyatlarini Rossiya vakolatidagi masala sifatida qoldirilayotganiga ham ishora.