Qrimda qariyb 1,5 ming qrim-tatar safarbarlikka chaqirilgan. Ukraina qurolli kuchlari shtabi Qrimdan safarbar qilingan askarlar Xersondagi frontga jo‘natilganini ma’lum qildi.
Huquq himoyachilari Rossiyadagi safarbarlikni qrim-tatarlarga nisbatan qo’llanishini navbatdagi genotsidga ham qiyoslashmoda. Safarbarlikka jalb qilingan qrimliklarning umumiy soni uch ming atrofida ekanligi inobatga olinsa, ularning yarmi Qrim aholisining 12 foizga yaqinini tashkil qiluvchi qrim-tatarlar hisobiga to’g’ri kelayotgani ko’rinadi.
“Amerika Ovozi” Ukraina prezidentining Qrim muxtor respublikasi bo’yicha vakili Tamila Tasheva bilan Qrimdagi, shuningdek, safarbarlikka jalb qilingan qrim-tatarlar bilan bog’liq vaziyat yuzasidan suhbatlashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tamila Tasheva: Qrimdagi safarbarlik bilan bog’liq vaziyatda Ukraina fuqarolari, qrim-tatarlariga alohida diqqat qilinayotganini, ular nisbatan ko’proq chaqirilayotganini ko’rish mumkin. Biz aniq foizlar haqida gapira olmaymiz, ammo qrim-tatarlarga 1,5 mingga yaqin chaqiruv qog’ozi berilganini aniq ayta olamiz. So’nggi kunlarda bu raqam yana ortgan bo’lishi mumkin, lekin shunda ham foiz haqida gapirishimiz qiyin, chunki chaqirilganlarning umumiy soni noma’lum. Agar ishgo’lchi hukumat bergan 3,5 ming atrofidagi sondan kelib chiqsak, bu haqiqatda katta raqam, qrim-tatarlar safarbarlikka chaqirilganlarning 50-60 foizini tashkil qiladi.
Ammo chaqiruv bilan bevosita safarbarlikni ajratish kerak, chaqiruvni rad qilganlar ham ko’p. Ishg’olchi hukumat rahbari Sergey Aksenov safarbarlik qanday ko’rsatkichlarga ko’ra bajarilganini ochiqlamadi, yakuniy raqamlar hozircha aniq emas. Bu safarbarlikning huquq himoyachilari tomonidan genotsidga qiyoslanayotgani haqida, qrim-tatarlar safarbarlikka alohida tanlanayotgani ehtimol genotsid emasdir, chunki genotsid xalqaro huquqiy me’yorlarga ko’ra tasdiqlangan fakt bo’lishi kerak. Ammo bu genotsid tajribasiga juda o’xshash.
"Amerika Ovozi": Siz 1,5 mingga yaqin qrim-tatarlar chaqiruv olganini aytdingiz. Ularning Ukrainaga qarshi urishmoqchi emasligi ayon, ammo ularda boshqa bir tanlov qolmasligi ham haqiqatga yaqin. Shunday bo’lsa, ular urushga tashlangan taqdirda Ukraina hukumati nima qilmoqchi? Ularni himoyalash uchun biror choralar taklif qilinmoqdami?
Tamila Tasheva: Eng asosiysi, albatta bizning fuqarolarimiz urishishni istamaydi. Shuning uchun ham biz ularni safarbarlikka tushmaslikning barcha choralarini ko’rishga chaqiryapmiz. Minglab odamlar Qrimni tark etyapti, Ukraina hukumati xalqaro hamkorlari orqali ularning uchinchi mamlakatga chiqishiga ko’maklashmoqda. Qrimda yashayotgan fuqarolarimizni ko’plarida tegishli tartibdagi Ukraina hujjatlari yo’q. Ukraina hukumati shundan kelib chiqqan holda Qrimdagi o’z fuqarolariga yordam qilish choralarini izlayapti.
Bundan tashqari biz fuqarolarimizni agar ular urush maydoniga tashlangan taqdirda ham harbiy jinoyatlar sodir etmaslik, rahbariyat buyrug’ini bajarmaslikka chaqiramiz. Chunki siz buyruqni bajarganingizdan keyin jabrlanuvchi emas, jinoyatchiga aylanasiz, bu esa jinoiy javobgarlik uchun asos yaratadi. Ayni paytda biz safarbarlikka jalb qilinayotgan fuqarolarimizni jabrlanuvchilar sifatida qabul qilyapmiz. Shundan kelib chiqqan holda ulardan bu maqomni saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni so’raymiz, imkonsiz vaziyatda Ukraina qurolli kuchlariga asir tushishga harakat qiling.
Men ishonch bilan aytaman, sizning ishg’ol qilingan hududdan majburan safarbar qilinganingiz ish ko’rib chiqilishida alohida inobatga olinadi. Ehtimol ular asirlikdan zudlikda ozod qilinmas, ammo Ukraina buning ochiq, adolatli jarayon bo’lishini kafolatlaydi.
"Amerika Ovozi": Ayni paytda Qrimda safarbarlik, jumladan qrim-tatarlarga chaqiruvlar tarqatilishi davom etyaptimi yoki bu jarayon to’xtaganmi?
Tamila Tasheva: Safarbarlik kampaniyasi tugagan, har holda ishg’olchi hukumat rahbari Aksenovga ko’ra shunday. Bizdagi ma’lumotlarga ko’ra ham chaqiruvlar faol tarqatilayotgani yo’q. Lekin bu jarayon qayta tiklanishini kutish mumkin, ayniqsa yarim oroldan tegishli sondagi aholi safarbarlikka jalb qilinmagan taqdirda. Shuning uchun ham biz yarim oroldagi fuqarolarimizni ehtiyot bo’lishga, odamlar to’planadigan jamoat joylariga bormaslikka, aloqalarni cheklab turishga chaqiramiz.