Demokratiya kuchli va erkin matbuot talab qiladi. AQSh Davlat kotibining Global jamoatchilik bilan ishlash bo'yicha muovini Elizabet Kennedi Trudo (Elizabeth Kennedy Trudeau) yaqinda O'zbekistonda va Qirg'izistonda bo'lganida bu davlatlarning rahbariyatlari va fuqaro jamiyati a'zolari bilan shu singari mavzularda gaplashdi. O'zbekiston - Vashingtonning uzoq yillik strategik sherigi. Qirg'iziston esa, muttasil chekinishlarga qaramay, Amerika nazarida hamon Markaziy Osiyodagi eng erkin jamiyat, demokratik jihatdan nisbatan ilg'or. Trudo Toshkent va Bishkekka "aql o'rgatish" uchun emas, samimiy va ochiq muloqot uchun borib kelganini aytadi, nafaqat mutasaddilar, balki nohukumat sektor vakillari bilan ham. "Amerika Ovozi" Davlat departamentida bu yetakchi diplomat bilan suhbatlashdi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bizga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur, Trudo xonim.
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Men ham bag'oyat xursandman, sheriklarimiz, hamkorlik, safarim haqida gaplashish imkoniyatidan minnatdormiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Oktabr oyidagi bu sayohatingizni kuzatdik, albatta. Qirg'iziston va O'zbekiston sizning tashrifingizdan hayajonda edi, chunki, o'zlari qayd etib kelishadi, Vashingtondan yuqori lavozimli rasmiylar ko'p bormaydi. Siz global jamoatchilik bilan ishlaydigan bosh diplomat sifatida Bayden ma'muriyatidan nima xabar bilan bordingiz, Toshkent va Bishkekka?
Matbuot erkinligi haqida gaplashdik. Yana bir mavzu va bu nafaqat O'zbekiston, balki AQSh uchun ham dolzarb - dеzinformatsiya.
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Ular mening borganimdan mamnun bo'ldilar, men ham bundan quvondim. Markaziy Osiyo - o'ta muhim mintaqa va mamlakatlarning har biri o'ziga xos ahamiyatga ega. Bizning hukumatimiz bu davlatlarni jiddiy sherik deb hisoblaydi va teng ravishda muloqot olib boradi. Bir davrada bir-birimizni tinglaymiz. yuzma-yuz so'zlashamiz. Safarimdan asosiy muddao ham shu bo'ldi. Vashington, Nyu-York, Berlin yoki Parijdan vaziyat boshqacha ko'rinadi. Lekin Bishkek va Toshkentga borsangiz, real ahvol juda boshqacha. Fuqarolar va hukumatlar yuzlashayotgan masalalarni u yerga boribgina, yuzma-yuz o'tirib, o'rganamiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Albatta, lekin siz borganingizda ular sizdan yangi bir xabar kutishadi. Yillardan beri yangraydigan yoki odatdagi gaplar emas, biror o'zgarishdan darak. Hamkorlik kengayishi, mintaqaviy masalalar yuzasidan birga ishlash, ikki tomonlama aloqalar. Ular bilan muhokama qilingan eng dolzarb mavzu nima bo'ldi?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Qay mamlakat haqida gapirayotganimizga bog'liq. O'xshash va farqli jihatlari bor. O'zbekistonda prezidentning islohot dasturini muhokama qildik. Bu dasturga ko'ra shu kungacha ancha progress ham bo'ldi, jumladan paxta dalalarida mehnat huquqlari borasida. Matbuot erkinligi haqida gaplashdik. Yana bir mavzu va bu nafaqat O'zbekiston, balki AQSh uchun ham dolzarb - dеzinformatsiya.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi adolatsiz va asossiz urushi haqida so'zlashdik. O'zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini tushunamiz. Bu hukumat betaraflik yo'lini tanlagan.
Hamkorligimizni kengaytirish yo'llari haqida fikr almashdik. O'zbekiston biz uchun yuksak ahamiyatga ega davlat. O'zaro safarlar ko'payaveradi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qirg'izistonda-chi?
Qirg'izistondagi hamkorlarimizga aytayapmiz: demokratiya mustahkamlanishi uchun kuchli va erkin matbuot zarur.
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Qirg'izistonda holat sal boshqacha. Lekin u yerda ham aloqalarimiz mustahkam. Media muhit u yerda boshqalarnikidan farqli. Feyk xabarlar va umuman axborot maydoni bilan bog'liq yangi qonunchilik to'g'risida ancha ochiq gaplashib oldik. Xavotirlarimizni eshitishdi, o'zaro qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga urg'u berdik. Hamkorligimizni kengaytirish uchun imkoniyatlar talay.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qirg'iziston matbuotiga ko'ra, siz bu o'lkani Markaziy Osiyoning "media erkinligi chirog'i" deb atabsiz. Ayniqsa Bishkekdagi rahbarlarga bu so'zlar juda yoqqan. Ammo, kuzatayotgan bo'lsangiz kerak, Qirg'izistonda ahvol og'ir va tobora murakkablashib bormoqda. Faollar va blogerlarni yoppasiga hibsga olish, bosimlar. Tanqidiy matbuotni yopishga chaqiriqlar. Qanchalik xavotirdasiz?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Gap shundaki, Qirg'izistonda matbuot erkinligiga erishish yo'lida salmoqli qadamlar tashlangan va ular mintaqada bu sohada yetakchilik qilgan. Yuqoridagi so'zlarim shu haqda. Biroq bir videosi uchungina butun boshli televizion stansiya yopilganini qoralaganmiz. Ochiq gaplashayapmiz bu haqda. Qirg'izistondagi hamkorlarimizga aytayapmiz: demokratiya mustahkamlanishi uchun kuchli va erkin matbuot zarur.
Chegaradagi mojarolar paytida Qirg'iziston ochiqlik yo'lidan borganini ham e'tirof etganmiz. Bu - mintaqa uchun namuna. Lekin shu kunlardagi muammolardan xabardormiz va xavotirimizni Bishkek biladi va bildirayapmiz.
Safarlardan nima qilish kerakligi haqidagi uzun ro'yxat bilan qaytamiz. Bizdan nima so'rashayapti, qay sohada... Ularni amalga oshirish - bizning zimmamizda.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Safarlardan keyin bu masalalarga qanchalik qaytasiz, ular ustida qanchalik ishlaysiz?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Bilasizmi, bu safar juda ko'p odam bilan gaplashdik, har ikki davlatda - nafaqat rasmiylar, balki jurnalistlar va nohukumat tashkilotlarning vakillari va oddiy fuqarolar. Ular bilan aloqadamiz, muammolar haqida voqif qilib turishadi. Safarlardan nima qilish kerakligi haqidagi uzun ro'yxat bilan qaytamiz. Bizdan nima so'rashayapti, qay sohada, hamkorlikni qayerda kengaytishimiz kerak, degandek. Ularni amalga oshirish - bizning zimmamizda.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonda Prezident Mirziyoyevning qizi Saida Mirziyoyevaning idorasiga ko'ra, va ular bundan mamnun, siz aytibsizki, tashrifingizdan maqsad "aql o'rgatish" emas edi. Lekin sizning vazifangiz - AQSh qadriyatlari va prioritetlarini targ'ib qilish. Ularga Amerika istaklari haqida aytishingiz kerak. Nimani qanday qilmoq kerak, degan mazmunda gaplashib, ularni muayyan ishlarga undaysiz, shunday emasmi?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Bilasizmi, bizga Davlat kotibi Blinken buni belgilab bergan: biz hamma bilan teng darajada diplomatiya yuritamiz. BMTda yonma-yon o'tiramiz. AQShda bitta ovoz, O'zbekistonda bitta ovoz. Muloqotda har ikki tomon gapiradi, tomonlar bir-birini tinglaydi. Hamma bilan har yerda shunday yo'l tutamiz. Bizda har muammoga yechim yo'q. Buni ochiq aytamiz. Tan olib aytamiz, o'rganishimiz kerak bo'lgan narsalarimiz ham, ular bilan baham ko'rishimiz mumkin bo'lgan narsalar ham talay. Qo'shma Shtatlar sheriklarini o'zidan past ko'rmaydi. Kim bilan hamkorlik qilishni davlatlar o'zi tanlaydi. AQSh muzokara va muloqot tarafdori.
Dеzinformatsiya xususida ancha fikr almashdik. AQSh va O'zbekistonda bu muammo odamlar hayotiga qanchalik ta'sir qilishini tushunamiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Prezident qizi bilan muloqotning eng qiziq jihati nima bo'ldi?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Uning o'ziga xos mutaxassis ekani va yurtiga mehr-muhabbati. Qator mavzularni, jumladan xotin-qizlarning huquqlari, gender masalalari hamda matbuot erkinligi ahamiyatini muhokama qildik. Dеzinformatsiya xususida ancha fikr almashdik. AQSh va O'zbekistonda bu muammo odamlar hayotiga qanchalik ta'sir qilishini tushunamiz. Uni hal etish naqadar qiyin ekanini, jurnalist sifatida yaxshi bilasiz. Bu - tezlikda murakkab tus olayotgan muammo. Dеzinformatsiya chegara tanlamaydi. Unga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak. Odamlarimizga bu muammoni yengish uchun qanday yordam bera olamiz? Uchrashuvda shunga ancha diqqat qaratdik.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Odatda AQSh rasmiylari mintaqaga borishganida prezidentlarning oilalaridan uzoqda yurishadi. Bilasiz, Markaziy Osiyo nepotizmga asoslangan korrupsiya changalida. Hokimiyat tepasidagi odamning oila a'zosi bilan ko'rishganingiz shu bois ajablanarli. Qanchalik bemalolsiz bu borada?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Fond rahbari ekan, [Saida Mirziyoyeva] bilan judayam bemalol ko'rishdim, chunki uning tashkiloti muhim ishlar bilan band - nafaqat xotin-qizlar huquqlari, balki ayol tadbirkorlarni quvvatlash, shuningdek, matbuot erkinligi targ'iboti. Bu inson bu masalalar bilan sidqidildan shug'ullanib kelayotganini bilamiz. Qo'shma Shtatlar bunday odamlar bilan uchrashib, muammolar ustida biz singari qayg'urayotgan insonlar bilan muloqot qiladi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, Saida Mirziyoyeva siz uchun tizimda o'z o'rniga ega shaxs?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Shubhasiz shunday.
Media savodxonlik zarurati... Odamlar haqiqatdan boxabar bo'la olishi uchun sharoitni qanday yaratamiz? Gap shunda.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Rossiya haqida gaplashibsiz. Markaziy Osiyo hukumatlari bilan uning dеzinformatsiyasiga qarshi qanday kurashmoqchisiz? Bilasiz, Markaziy Osiyo hukumatlari matbuot erkinligi, ochiqlik va islohotlar borasida juda sekin. Vaziyat hamon ancha salbiy. Bu mamlakatlar dunyodagi eng yopiq jamiyatlar. Shunday ekan, bu davlatlar bilan AQSh ishonchli axborot muhitini yaratish uchun qanday hamkorlik qilishi mumkin?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Boshqalar bilan bu borada qanday ishlayotgan bo'lsak, shunday. Hech kimda buning oson yechimi yo'q. Bilasiz, dunyoda qayerga bormang, shu muammo. Bangkok yoki Sidney yoki Yohannesburg yoki Nyu-York, farqi yo'q. Madaniyat va auditoriya farq qilsa-sa, uslub va material boshqacha ko'rinsa-da, dеzinformatsiya har yerda birdek zarar. Odamlar birdek ziyon ko'rayapti. Odamlar buzuq axborotni qayerdan olayapti? Ular kimga ishonadi? Media savodxonlik zarurati tinimsiz tilga olinadi. Odamlar haqiqatdan boxabar bo'la olishi uchun sharoitni qanday yaratamiz? Gap shunda.
Qayd etaveramiz, jurnalistika va matbuot erkinligi - demokratiya ustuni. Axborot maydonida ham yer, dengiz va havodagi kabi kurashga guvohmiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz bilan ko'rishgan jurnlalistlar va blogerlar uchrashuvdan xursand va minnatdor. Lekin endi ular buyog'iga nima bo'ladi, deb so'ramoqda. Muammo-masalalar bilan tanishib keldingiz. Tafsilotlarni bu yerga olib keldingiz. Vashington endi qanday yordam beradi? Media rivoji uchun qanday ko'maklashadi? Ko'proq mablag', ko'proq e'tibor?
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Mamlakatlar bu borada nimaga muhtoj bo'lsa, shunga qarab qaror qilamiz va yordamlashishda davom etamiz. Bilasiz, media treninglarga homiylik qilamiz, matbuot taraqqiy etishi uchun loyihalarimiz bor. E'tiborni to'xtatmaymiz, ko'mak davomiy. Axborot muhitida burilishlar davom etarkan, birga ishlashimiz zarur. Boshqa yo'l yo'q. Qayd etaveramiz, jurnalistika va matbuot erkinligi - demokratiya ustuni. Axborot maydonida ham yer, dengiz va havodagi kabi kurashga guvohmiz. Demak, uni bartaraf etish uchun shay turishimiz kerak.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Katta rahmat.
AQSh Davlat kotibi muovini Trudo: Sizga rahmat!