AQSh Alisher Usmonov va uning doirasiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirdi

  • Amerika Ovozi

Milliarder Alisher Usmonov Moskvada 2018-yilning 18-martidagi prezident saylovida ovoz bermoqda

AQSh Moliya vazirligi bugun Rossiya hukumatiga aloqador qator bizneslar va ularning egalariga sanksiyalarni kuchaytirdi. Vashington bu borada London bilan yaqindan hamkor. Cheklovlar ikki davlat tomonidan birdek amalga oshiriladi, deydi rasmiylar.

Bu safargi qarorda O'zbekistondan chiqqan, ammo Rossiyada milliarderga aylangan, Kremlga yaqinligi bilan tanilgan Alisher Usmonov nomi birinchi bo'lib tilga olinadi.

Prezident Vladimir Putinning suyangan tog'laridan biri Usmonov allaqachon sanksiyalar ostida. Davlat departamenti va Tijorat vazirligiga ko'ra, Amerika va u boshliq xalqaro koalitsiya ko'rayotgan choralar Usmonov singari shaxslar va ularning doiralariga moliyaviy zarba berishni ko'zlaydi.

Maqsad, deydi mutasaddilar, ularni Ukrainada asossiz urush olib borayotgan Rossiya hukumatiga yordam berish imkoniyatidan ayirish va biror harbiy harakatlarni qo'llashiga yo'l qo'ymaslik.

Buni ham ko'ring Rossiya sanksiyalarni aylanib o'tishda vositachilardan foydalanishni kuchaytirmoqda

Bugungi qarorda 20 hududdagi 29 biznes haqida gap ketadi. Rossiya harbiy kompleksi bilan boq'liqligi gumon qilingan, xususan "Rosatom" yadroviy energiya korxonasi bilan aloqador tomonlar nishonda.

AQSh Moliya vaziri o'rinbosari Brayan Nelson deydiki, keskin va keng ko'lamdagi sanksiyalarni aylanib o'tib, urushdan qaytmayotgan va unga quvvatlov izlayotgan Kremlning yo'llariga to'siqlar qo'yilaveradi.

“Bugungi qaror Katta Yettilik irodasiga ko'ra tashlanayotgan zarur qadam. Biz uchinchi mamlakatdan turib yoki u yerdagi manfaatlari orqali Rossiya urushida yordamlashayotganlarni jazolaymiz", - deydi u.

Usmonov - metall va konchilik, shuningdek, telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda yirik bizneslar egasi. U nafaqat Putinni, balki sobiq prezident va sobiq bosh vazir Dmitriy Medvedevga ham shaxsiy tayanch sifatida qaraladi.

Avstraliya, Kanada, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Shveytsariya, Britaniyada sanksiyalangan Usmonov boshqa davlatlardagi hisoblar orqali bizneslarini tebratayotgani ma'lum.

Bugundan kuchga kirayotgan sanksiyalar Usmonov va undan mablag' oladigan yoki u bilan moliyaviy jihatdan bog'langan bizneslar va shaxslarga qaratilgan.

Alisher Usmonov Kremlni quvvatlashi sabab o'tgan 10 yil ichida G'arb tomonidan qator sanksiyalar bilan jazolangan

Amerika hukumatining qayd etishicha, Kipr fuqarosi Demetrios Sergides Usmonovning maslahatchisi, uning nomidan moliyaviy ishlar olib boradi, jumladan uning yaqinlariga uylar oladi, ularning mulklari bilan shug'ullanadi.

Sergides "The Sister Trust" degan biznesni boshqaradi. Uning ortida Usmonovning o'zi va singlisi Gulbahor Ismoilova turadi.

Sergides Shveytsariyadagi "Pomerol Capital SA" boshqaruv kengashida ham o'tiradi. Bu firma ham yuqoridagi fondga aloqador. Ismoilova allaqachon Yevropa Ittifoqi, Shveytsariya va Britaniyada sanksiyalangan.

"The Sister Trust" ostida bir necha kompaniya bor, jumladan Kiprdagi "Almenor Holdings Limited" va "Klaret Aviation Limited" hamda Kayman orollaridagi "Navis Marine Limited".

Sergides bu firmalarda ham rollarga ega. Kiprdagi "Omnia Services Cyprus Ltd", "Hightrail Ltd" va Fransiyadagi "Omnia Antibes" ham cheklovlar bilan yuzlashmoqda.

Kiprda yashovchi Kostas Giannakou, Marilena Georgiou hamda Rossiya, Kipr va O'zbekiston fuqarosi bo'lmish Gulnoz Kocharova ham endi sanksiyalar ostida. Ular "Almenor Holdings Limited" doirasida ishlaydi.

Buni ham ko'ring O'zbekiston firmasi Rossiyaga harbiy yordam berganlikda ayblanib, AQSh qora ro'yxatida

Usmonov egaligida Kiprda asoslangan "Windfel Properties Limited", "Savoler Development Ltd" va "Miramonte Investments Ltd" hamda ularning yuqori lavozimli xodimlari ham nishonga olinmoqda.

Rossiya fuqarosi Nazim Tofik Ogli Efendiyev, Rossiya va Kipr fuqarosi Vaxtang Ernstovich Kocharov, Rossiya fuqarosi Valeriy Jekovich Kazikayev ham qora ro'yxatda. Kazikayev Slovakiyada "KTH Group Spol SRO" egasi.

Rossiya, Kipr va Isroil fuqarosi Vladimir Streshinskiy Usmonovga tegishli "USM", "Megafon", "Metalloinvest" singari bizneslarda mansabga ega. U Men orolidagi "Platifino Limited" egasi. U qatorida rafiqasi Nataliya Streshinskaya ham endi sanksiyalangan.

O'zbekiston fuqarosi Shohruh Nosirxo'jayev ham bugundan AQSh cheklovlari ostida. Nosirxo'jayev Birlashgan Arab Amirliklaridagi "Hamriyah Steel FZC" rahbari. Uning oilasi, O'zbekiston fuqarolari, jumladan rafiqasi Nasiba Narziyeva, Nasibaning onasi Saodat Narziyeva ham qora ro'yxatda. Narziyeva Usmonovning singillaridan biri.

Usmonov, sanksiya haqida hujjatlarda aytilishicha, unga yillar davomida o'z hisobidan millionlab dollar yuborgan. Bu mablag' keyin Nosirxo'jayev va rafiqasi hisoblariga o'tkazilgan. Saodat Narziyevaga oldin Britaniya ham sanksiya qo'ygan.

O'zbekiston hukumati Rossiya bilan bog'liq sanksiyalarga uning fuqarolari uchrayotgani borasida lom-mim demaydi.