MDHning Samarqanddagi yig'inida nima haqda gap ketdi?

  • Amerika Ovozi

Mustaqil davlatlar hamdo'stligiga kiruvchi davlatlarning tashqi ishlar vazirlari, Samarqand, 14-aprel, 2023

Bugun Samarqandda Mustaqil davlatlar hamdo'stligiga kiruvchi davlatlarning yetakchi diplomatlari uchrashib, "tor va keng formatda" gaplashib olgan.

Ozarbayjon, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, va O'zbekiston yuqori lavozimli rasmiylari muloqotda hamkorlikni yaxshilashga kelishilgan. Kelasi uchrashuv Bishkekda bo'ladi.

Sport borasida Rossiya takliflari olqishlanib, yozgi va qishki o'yinlarda imkoniyati cheklangan bolalarga sharoitni kengaytirish xususida so'z ketgan.

Hukumatlararo muloqotni takomillashtirish ham muhokama qilingan, jumladan konsullik ishlari va diplomatiyani.

Tashabbuslarni xalqaro maydonda birgalikda olg'a surish taklifi yangragan, xususan Rossiya tomondan. Markaziy Osiyo hukumatlari qanday javob bergani mavhum.

Samarqand, 14-aprel, 2023

Hamdo'stlik doirasida sportni quvvatlash va rivojlantirishga urg'u berilgan. Mamlakatlarda mavjud infratuzilmani ta'mirlash va yangilarini qurish to'g'risida bayonotlar qilingan.

Yoshlar bilan ishlash va madaniy jabhalarda qo'shma loyihalar zarurati ham ta'kidlangan.

Jurnalistlarni tayyorlashda Rossiya tajribasiga tayanish kerakligi aytilgan va bu yo'nalishda tashabbuslar tanishtirilishi kutilmoqda.

Yig'indan tashqarida a'zolar bir-biri bilan alohida muloqot qilgan. O'zbekiston rahbariyati bilan ham uchrashuvlar kechgan.

Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlari ham bir davraga yig'ilgan.