Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi o'tkazgan onlayn forumda mintaqadan chiqqan mutaxassislar Amerika oliy ta'lim maskanlaridagi roli va tadqiqotlari haqida so'zlab berdi.
Garvard universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha izlanishlar olib borib, muntazam ravishda ilmiy mushohadalar o'tkazadigan Nargis Kassenova deydiki, bu dastur o'nlab yillar mobaynida shakllangan. Regiondan u singari olima bu yerga kelgunicha, programma ustida o'nlab amerikaliklar ter to'kkan.
"Men Xitoyning Markaziy Osiyodagi sarmoyalari va ularning ta'sirini o'rganib kelayotgan edim. Garvard shunga qiziqib, meni taklif qildi va mintaqaviy dasturni o'zim ma'qul ko'rganimdek yuritish uchun zamin yaratib berdi", - deydi Kassenova.
"Tadqiqotlarimizni rus tilida ham chiqarishga harakat qilayapmiz, chunki mintaqa bilan aloqa va muloqot juda zarur. U yerdagi hamkasblar bilan bog'lanishni, fikr va analizlarimizni almashishni xohlaymiz", - deydi olima.
Hozirda Kassenovaning markazi Xitoydan tashqari boshqa davlatlarning roli, yordami va siyosatini ham o'rganishni yo'lga qo'ymoqda.
Garvardda Markaziy Osiyo davlatlarining Vashingtondagi elchilari bilan davra suhbatlari hamda mintaqaning yosh olimlari, shuningdek, xalqaro maydonda shuhrat qozongan akademiklari bilan uchrashuvlar o'tkaziladi.
Qirg'izistonlik olima Aysalkin Botoeva deydiki, ilmiy maqolalar chop etish, reytingi baland jurnallarda chiqish va eng muhimi, buning uchun izchil izlanishlar olib borish - dunyoning har tarafida u singari mutaxassislar yuzlashadigan asosiy talablar.
"Lekin har bir tadqiqotchi uning ishi e'zozlanishini, ya'ni ilmiy doiralar va keng omma tomonidan ijobiy baholanishini xohlaydi. Jamoatchilik izlanishlarim natijasini o'qisin, u boshqa tadqiqotlarga turtki bersin, deyman",- deydi Botoeva.
Uning tahlilicha, mukammal tadqiqot ortidagi sabablar va maqsadlar aniq tushuntirilishi lozim.
Tadqiqot etik me'yorlarga javob berishi kerak: topilmalar haqqoniy bo'lishi shart; mualliflar to'g'ri ko'rsatilishi, ma'lumotlar manbalar bilan kelishilgan holda olinishi va taqdim etilishi, xulosa yetarlicha asosga ega bo'lishi kerak.
Buni ham ko'ring Kaliforniya universitetida Markaziy Osiyoni o’rganayotgan olimlarIzlanishlarda mahalliy ovozlar tinglanishi, hisobga olinishi zarur, deydi Botoeva. Muhitni faqat tashqaridan o'rganish mumkin emas, deya ta'kidlaydi u, hamisha ichkaridagilar bilan bog'lanishga harakat qilish lozim.
Tadqiqot samarasi sezilishi kerak. Odamlarga bu ilmiy ish ma'naviy ozuqa bermasa, befoyda. Material jamoatchilikni o'ylantirishi va boshqa mutaxassislarni ilhomlantirishi zarur.
Sirakyuz universitetidan o'zbekistonlik tadqiqotchi Mirjahon Turdiyev ta'lim olishda imkoniyati cheklanganlar uchun sharoitni yaxshilash borasida bosh qotirayotgan mutaxassislardan.
Uning tushuntirishicha, nogironligi bor talabalar bemalol ilm olishi universitet ularga normal odamlardek qarashi, professorlardan tortib studentlargacha ularni biror jihatdan kamsitmasligi zarur.
"Universitetimizda imkoniyati cheklanganlar va inklyuziv munosabat markazi ishlaydi. U aynan shu sohalarda tadqiqotlar olib boriladigan dargoh. Sirakyuz universiteti o'zi bu jihatdan namuna bo'lishga harakat qiladi, shuningdek, ilmiy izlanishlarini bo'lishadi", - deydi Turdiyev.
"Imkoniyati cheklanganlarning huquqlarini himoya qiluvchi klinikamiz ham ishlaydi... Talabalarimiz va ilmiy xodimlarimiz bu tashabbuslarda birdek faol", - deydi doktorant.
Qozog'istonlik kimyoviy muhandis Marjana Omarova Amerikada "Intellia Therapeutic" firmasida ishlaydi. Vatanida Nazarboyev universitetini, bu yerda esa Tuleyn universitetini tamomlagan.
Aniq fanlar bo'yicha izlanishlar borasida tavsiyalar berar ekan, u ham maqsadni konkret qo'ya olish zarurligini eslatadi.
"Ilmiy yoza olish qobiliyatini kuchaytirish uchun ko'proq o'qish va mashq qilish lozim", - deydi Omarova.
"Biz ishimizda faqat ilmiy maqolalar yozmaymiz. Yozayotganlarimiz hamkasblar, hamkorlar va o'zimiz uchun zarur ma'lumotlar. Kim sizni o'qiyotgani va o'qishi kerakligini aslo unutmasligimiz kerak".
Buni ham ko'ring Internet va ijtimoiy tarmoqlar Markaziy Osiyoni qanchalik oldinga yetakladi?Prezentatsiyalar ham alohida uquv talab qiladi, ammo teran fikrlay olsangiz, buni ham eplay olasiz, deydi Omarova. Aniq fanlar aniq detallarni talab qiladi, deya qo'shadi u.
Massachusetts universitetidan Elizabet Bifu-Ambe tahlilicha, aslida ikkinchi va uchinchi tillarda ilm olish, yoza olish, o'qib tushunish va bilimni bo'lishish murakkab jarayonlardir.
Til bilish bir qarashda osondek tuyuladi, deydi u, ammo ona tilidan boshqa zabonlarda bemalol ishlay oladiganlar qattiq mehnat qilgan va hozirda ham tinim bilmay o'z ustida ishlaydi.
Olima mana shu jarayonlarni o'rganadi va tegishli mavzularda ilmiy maqolalar yozadi.
Elizabet Bifu-Ambe hozirda ingliz tilini ikkinchi til sifatida o'rgatishning yangi usullarini ishlab chiqqan.
Kentuki universitetidan Bakit Alipova, qozog'istonlik olima, faoliyatini grantlarga tayanib olib borishini aytar ekan, bu borada imkoniyatlar cheksiz, deydi.
Mexanika va aerokosmik muhandislik sohasi bilan shug'ullanadigan Alipova "Fulbright" va boshqa dasturlar orqali doimiy ravishda quvvatlanib, o'zi istagan mavzularda izlanishlar olib boradi.
Alipova Markaziy Osiyoning matematik ayollari bilan hamkorlik qilib, o'ziga xos davrani shakllantirgan.