Rossiyada mustaqil nashrlar yopilar ekan, 20 yillik ishlari arxivga aylanadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Jurnalistikani "tarixning ilk qoralamasi" deb nomlashadi. Biroq ana shu kundalik voqealar, inson va jamiyat kechinmalari tasviri saqlansagina ushbu dastlabki chizgilar ishonchli tarixiy hikoyaga aylanishi mumkin.

Rossiyada mustaqil jurnalistika faoliyat maydoni tobora qisqarar ekan, so'nggi 20 yil ichida yozilgan maqola va suratga olingan materiallarning yo'qolishi xavfi oshgan.

"Bunga birinchi, juda kichik, ammo yaqqol bir misol - “Dosh” ya’ni “So’z”- Grozniyda hayratlanarli tarzda uzoq vaqt faoliyat ko’rsatib, inson huquqlarini yoritgan jurnal. Uning veb-sayti ayrim boshqa nashrlarnikidan farqli butunlay bloklangan. Shuni tushuntirmoqchimanki, ba’zi to’silgan medialarni Rossiya ichidan VPN yordamida yoki faqatgina chet eldan o’qisa bo’ladi. Ammo “Dosh”ni hech qayerdan ochib bo’lmaydi. Shuning uchun ushbu arxivni birinchilardan bo’lib saqlab qolganimizdan mamnunman," - deydi Anna Nemzer.

Jurnalist, yozuvchi, “Dojd” telekanali boshlovchisi Anna Nemzer Bard kolleji bilan hamkorlikda Nyu-Yorkdagi PEN markazi (PEN Amerika) negizida mustaqil rus ommaviy axborot vositalari arxivini yaratishga kirishgan.

Buni ham ko'ring Elchi: Rossiyada amerikalik jurnalistlarni kamaytirish kerak

Arxiv so'nggi 20 yil ichida rossiyalik mustaqil jurnalistlar tomonidan yaratilgan materiallarni yagona elektron makonda saqlash va tizimlashtirishni ko’zlaydi.

"2022-yilning fevralidan keyin dunyo Rossiyani yanada diqqat bilan kuzatyapti, chunki Rossiya butun dunyoga to'g'ridan-to'g'ri tahdid solmoqda. Rossiyada so'nggi 20 yil ichida nimalar sodir bo'layotgani to’g’risida jazavaga tushib o’zini oqlash, qayg’u va motam tutish orqali emas, balki bu nuqtaga qanday yetib kelganimizni tushunish ham barchaga muhim", - deya tushuntiradi Nemzer.

Loyiha rahbari PEN markazi ijrochi direktori Dryu Menaker.

“Rossiyada erkin matbuot makoni keskin qisqarmoqda. Ukrainaga keng ko'lamli bosqin ortidan Rossiya mustaqil jurnalistikasiga halokatli zarba berayotgan qadamlar tashlandi. Ommaviy axborot vositalari yopilib, jurnalistlar qochishga majbur bo‘lganda, ularning arxivlari tahdid ostida qoladi: veb-saytlar yo‘qoladi, materiallar saqlanadigan serverlar uchun to‘lashga mablag’ qolmaydi. Ana shu ma’lumotlar mujassamasi ahamiyatli ekanligini angladik. Tarixning yo'q bo'lib ketishiga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Va bu materiallar tarixni qayta yozishga urinishlarning oldini olish uchun ham zarur", - deydi Dryu Menaker.

Rus va ingliz tillardagi https://rima.media/ arxivida aksariyati surgunda ishlashga majbur o‘ndan ortiq mustaqil nashrlar taqdim etilgan. Anna Nemzerga ko’ra, bu hali boshlanishi.

"Arxiv to’ldirib boriladi. Bizdagi mavjud ro'yxatda 60-65 ommaviy axborot vositalari bor va u albatta kengayadi. Chunki urush boshlanganidan keyingi bir yil ichida, quvg'inda bo’lsa-da sezilarli miqdorda yosh, yangi medialar paydo bo'ldi. Va ular muvaffaqiyatli ishlayapti”, - deydi Nemzer.

Dryu Menakerning tushuntirishicha, arxivga o‘z mustaqilligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan Rossiya umumdavlat, mintaqaviy, shahar, surishtiruv yoki madaniyatshunoslikka ixtisoslashgan har qanday media kiritilyapti.

"Biz eng mashhurlari bilan cheklanmasdan turfa qatlamni qamramoqchimiz. Chunki kichik surishtiruv nashrlari ham, mintaqaviy matbuot ham a’lo darajada ishlagan", - deydi u.

"Tayanadigan strategiyalarimiz ham turlicha bo’ladi. Avvalo tahdid ostida qolganlarini qutqarishimiz kerak. Shunday qilsak mantiqan to’g’ri bo’ladi. Masalaning boshqa jihati ham bor. Rossiya davlati bilan kechadigan bu o’yinda keyingi bo’lib u kimga tashlanishini hech qachon aniq bilolmaysan va bunday medialar ro'yxatni aniq belgilab ham bo’lmaydi. Hozir ham bezovtamiz. Ular “Taiga.info” ni o'ldirishmoqda, biz arxivini tezroq olish payida. "Rosbalt"ni ham shu ahvolda. Ular bilan aloqaga chiqib, materillarini olib qo’yamiz . Ammo hammasini oldindan ko’ra-bilish imkoni har doim ham bo’lmaydi”, - deydi Nemzer.

"Bizda 2000-yillar boshidagi davr juda oz qamralgan. Rus tilidagi “Newsweek”ni olsak, u butunlay o'lik arxiv, uni hamkasblarim tufayli saqlab qolishga muvaffaq bo'ldik. Endi u qisman 2000-yillarning ma’lum davrini qoplaydi. Arxivga kelgan odamlar chuqurroq kovlashni yaxshi ko'rar ekan, biz ham eskiroq ommaviy axborot vositalariga e'tibor qaratishimiz kerakmi? Bularning barchasi ochiq qolayotgan savollardir", - davom ettiradi suhbatdosh.

Buni ham ko'ring Rossiyalik jurnalistlar: Vatanda emasmiz, lekin Kreml ishlari fosh etilaveradi

Moskvada chet el muxbiri sifatida ishlagan Dryu Menaker 2000-yillar boshi Rossiyada mustaqil jurnalistika gurkiragan davr bo’lganini eslaydi. Bu sohadagi yo’qotishlar haqida mutaxassis afsusda.

"Matbuot erkinligi makoni qisqarishi bilan odamlar nimalarni yo’qotayotganligini sezishingiz qiyin emas. Ular jamiyatning faol, xabardor a’zosi, grajdanini bo‘lish imkoniyatini yo‘qotadi. Bunday ishlar yuz berayotganda har doim qiyin. Shubhasiz, hozir Rossiyada vaziyat juda og’ir,”- xulosa qiladi Menaker.

Bu kechinmalar Anna Nemzer uchun begona emas:

“24-fevraldan buyon, bir yildan ortiq vaqtdan beri men uyat, ko'ngil aynishi, nafrat va ich-ichimdan zil ketganini his qilyapman. Bunga ko'nikish qiyin. Urush davom etar ekan, kun sayin bu tuyg‘u kuchayib bormoqda, unga ko‘nikib bo‘lmaydi”.

Nemzer Rossiyadagi jurnalistika kelajagi haqida hozircha gapirishni istamaydi.

"Rossiyadagi jurnalistikaning taqdiri to'g'ridan-to'g'ri Rossiya qanday davlat ekani bilan bog’liq. U qanday shaklda, qanday holatda? Ukraina qachon g'alaba qozonadi va bu dahshatli urush yana qancha davom etadi? O'ylaymanki, biz jurnalistikani eplaymiz. Ammo ungacha keling, mamlakatni tushunib olaylik: u umuman mavjudmi? U yerda nima bo'lyapti? U jahon xaritasida qanday holat va qanday shaklda qolmoqda?”, - deya ochiq savollar bilan o’z mulohazasiga yakun yasaydi Anna Nemzer.