Markaziy Osiyo rahbarlarining Dushanbedagi uchrashuvidan nimalar kutilmoqda?

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining 14-15 sentabr kuni o‘tkaziladigan Dushanbe uchrashuviga katta umid bildirilmoqda. Sammit beshinchi, yubiley uchrashuv bo‘lgani uchun unda birlashmaning o‘tgan besh yillik faoliyati tahlil qilinib, kelgusi rejalar yuzasidan kelishib olinishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan integratsion jarayon yangi bosqichga o‘tadimi? Dushanbe sammitidan nimalar kutilmoqda?

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvi formatiga 2018-yilda asos solingan. Ilk yig’in 2018-yili Qozog‘iston poytaxtida o‘tkazilgan. 2019-yili Toshkentda o‘tkazilgan ikkinchisida mintaqaning neytral pozitsiyadagi davlati Turkmaniston ham birinchi marta qatnashgan va uchinchi yig‘ilish 2021-yili Turkmanistonda o‘tkazilgan.

2022-yili Qirg‘izistonda o‘tkazilgan sammitda «XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik qilish to‘g‘risida»gi shartnoma imzolash taklifi berilgan edi. Ammo uni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston imzolagan, xolos. Tojikiston va Turkmaniston tomoni shartnomaga qo‘shilmagan edi.

O‘ylaymanki, Turkmaniston va Tojikiston ham bu shartnomani imzolaydi va u barcha ishtirokchilarni qamrab olgan hujjat sifatida kuchga kiradi.

Mintaqaviy tahlilchilar fikricha, Dushanbe sammitida mazkur shartnomaga Tojikiston va Turkmaniston qo‘shilishi masalasi ham kun tartibiga qo‘yilgan. Shuningdek, mintaqa xavfsizligi, suv muammolari va savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda tranzit yo‘laklar masalalari ham muhokama etilishi kutilmoqda.

«Beshinchi maslahat uchrashuvi ramziy bo‘lishi kutilyapti. Bu imzolanadigan hujjatlarda ham o‘z aksini topishi kerak. Cho‘lpon-ota uchrashuvida integratsiya tomonga jiddiy qadam qo‘yilgan edi. Agar avvalgi uch maslahat uchrashuvi birgalikdagi bayonot bilan yakunlangan bo‘lsa, to‘rtinchi uchrashuvda shartnoma imzolangan edi. «XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik qilish to‘g‘risida»gi shartnoma. Afsuski, bu shartnomani Tojikiston va Turkmaniston imzolamagan edi. Shu ma’noda bu shartnoma to‘liq kuchga kirmay qolmoqda. Beshinchi maslahat uchrashuvi birinchi doira uchrashuvlarning yakunlovchisi bo‘lgani uchun, o‘ylaymanki, Turkmaniston va Tojikiston ham bu shartnomani imzolaydi va u barcha ishtirokchilarni qamrab olgan hujjat sifatida kuchga kiradi. Bu shartnoma nomlangani kabi Markaziy Osiyo mintaqasining XXI asrda rivojlanishiga qaratilgan. Bu shartnoma juda katta istiqbolli bitim», - deydi o’zbekistonlik siyosatshunos Farhod Tolipov.

Qirg‘izistonlik siyosatshunos Emil Jo‘rayev fikricha, integratsion jarayon mintaqaning bir qator davlatlarida, jumladan, O‘zbekistonda prezident almashishi ortidan yuzaga kelgan edi.

Ammo oxirgi yillar Rossiya-Ukraina urushi jarayon tezlashishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda va shuning uchun ham Dushanbe sammitida katta ehtimol bilan davlatlarning yana ham jipslashishi kuzatiladi.

«Urush asli har doim salbiy jarayon. Ammo Ukraina urushi Markaziy Osiyoda integratsion jarayon tezlashishiga sabab bo‘lmoqda. Urush boshida Markaziy Osiyo davlatlari rasmiy Kreml pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashga majbur bo‘lishi mumkin edi. Chunki urushning birinchi kunlaridanoq Kreml Bishkek, Ostona, Toshkent, Dushanbe, hamma bilan aloqada edi. Kremlga bu davlatlar quvvatloviga erishish juda muhim edi. Shu paytda mintaqa davlat rahbarlariga oson bo‘lmaganligi ma’lum. O‘ylaymanki, Ukraina inqiroziga nisbatan davlatlar o‘z pozitsiyasini o‘zaro muvofiqlashtirgan va birgalikda neytral pozitsiyani saqlab qolishdi», - deydi Jo‘rayev.

Buni ham ko'ring O'zbekiston: Markaziy va Janubiy Osiyo kelajagi bir-biriga bog'liq

Tojikistonlik siyosatshunos Sherali Rizoyon deydiki, Markaziy Osiyo rahbarlari maslahat uchrashuvlari barcha sohalarni qamrab olgan holda hamkorlik muhiti sifat jihatidan yaxshilanib bormoqda.

«Siyosiy hamkorlik, iqtisodiy-savdo, suv va energetika, transport va tranzit yo‘laklar, madaniy gumanitar sohalar hamda mintaqa xavfsizligini ta’minlash masalasidagi hamkorliklar yaxshilanib bormoqda. Mintaqaviy hamkorlikning kengayishi mamlakatlar uchun foydadan boshqa yo‘qotishlarga ega emas», - deydi Rizoyon.

«Haqiqatan Dushanbe sammiti maslahat uchrashuvlarining birinchi davrini yakunlaydi, chunki barcha davlatlar uni o‘z hududida o‘tkazdilar».

Suhbatdosh Dushanbe sammitida Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro jipslashish maqsadida integratsion jarayonni yangi bosqichga olib chiqish ehtimoli kamligini taxmin qiladi. Ammo mintaqaviy hamkorliklar masalasida bir qator muhim nuqtalar mavjudligini ta’kidlaydi u.

«Mintaqa davlatlari global jarayonlarga nisbatan zaifligicha qolmoqda. Markaziy Osiyo Rossiya, Xitoy, Hindiston va Pokiston kabi to‘rt qudratli davlat bilan qo‘shni. Jahon kuchlari o‘rtasidagi raqobat va ziddiyat mintaqaga bevosita ta’sir qiladi. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush fonida mintaqa davlatlarining ko‘p yo‘nalishli siyosati uchun ko‘plab qiyinchiliklar va imkoniyatlar mavjud edi. Faqat yaqin mintaqaviy hamkorlik bu urush va boshqa yirik kuchlar raqobatining potensial va haqiqiy salbiy oqibatlarini kamaytirishni ta’minlaydi», - deydi Rizoyon.

Tahlilchi fikricha, Markaziy Osiyo respublikalari tashqi siyosatni yanada muvofiqlashtirishi zarur. Shuningdek, davlatlar mintaqa xavfsizligini ta’minlash masalasida ham o‘zaro jipslashishi kerak.

«Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgani uchun xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Mamlakatlarning Afg‘onistondagi voqealarga munosabati turlicha bo‘lsa ham, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirlar hammaga birdek xavf soladi», - deydi Rizoyon.

Markaziy Osiyo davlatlari yagona axborot maydonida bo‘lishi kerak. Biz bir-birimizni yaxshi bilishimiz kerak. Tashqi, uchinchi tomonning mediasi orqali emas, bevosita bilishimiz kerak. Axborotni tashqi media, uchinchi manba orqali olish xatarli.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Dosim Satpayev mintaqada yagona axborot maydonini shakllantirish lozimligini ta’kidlaydi.

«Sovet Ittifoqi tarqalganidan beri o‘tgan 30 yildan ortiq vaqt davomida Markaziy Osiyo davlatlari yagona axborot maydonini yaratmadi. Masalan, qozog‘istonliklar AQShda, Rossiyada nima bo‘layotgani haqida yetarlicha ma’lumot oladi. Ammo qo‘shni O‘zbekiston yoki Qirg‘izistonda, Tojikiston yoki Turkmanistonda nimalar bo‘layotgani haqida bilmaydi. Mintaqaning boshqa davlat fuqarolari ham Qozog‘iston hayotidan bexabar. Markaziy Osiyo davlatlari yagona axborot maydonida bo‘lishi kerak. Biz bir-birimizni yaxshi bilishimiz kerak. Tashqi, uchinchi tomonning mediasi orqali emas, bevosita bilishimiz kerak. Axborotni tashqi media, uchinchi manba orqali olish xatarli. Chunki axborot noto‘g‘ri berilishi, bir taraflama uzatilishi, manipulyatsiya qilinishi mumkin. Xulosa, Markaziy Osiyo davlatlari shu paytgacha yagona axborot maydonini yaratmadi. Bugunga kelib bu yo‘nalishdagi ishlar jadallashadi, deb o‘ylayman», - deydi Satpayev.

Tahlilchilar mintaqa davlatlari orasida Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olgan Tolibonga va Amudaryodan suv olish maqsadida yangi qurilayotgan Qo‘shteppa kanaliga nisbatan umumiy pozitsiya shakllantirilishi lozimligini ham ta’kidlaydi.

Shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iziston orasidagi bahsli chegara hududlarini delimitatsiya va demarkatsiya qilishni tezlashtirish va fuqarolar uchun davlatlararo chegaralarni kesib o‘tishni soddalashtirish, shuningdek, Shengen vizasi kabi «Ipak yo‘li» viza rejimini joriy qilish lozimligini aytadi.

Mustaqil siyosatshunoslar fikricha, ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlari jipslashishi va qaysi shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, integratsion jarayonlarni jadallashtirishi uchun qulay geosiyosiy sharoit paydo bo‘lgan.