AQShning Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi nazarida O'zbekistonda vaziyat og'irlashgan, o'tgan yillarda olib borilgan islohotlar yo'qqa chiqmoqda, erkinlik haqida berilgan va'dalar chetga surilgan.
"So'nggi bir hafta mobaynida organlar dindorlarning uylarini tintuv qilgan, ularga jarima solgan va ularga nisbatan ma'muriy jazolar qo'llagan, jumladan hibs", - deyiladi komissiyaning 22-sentabr kungi bayonotida.
AQSh ekspertlari aniqlashicha, soqolli va hijobli fuqarolar ta'qibda.
Komissya raisi Nuri Turkel deydiki, Shavkat Mirziyoyev prezidentligining ilk yillarida diniy erkinlik kengaygan edi, ijobiy o'zgarishlar yuz bergan edi.
“Afsuski, hozir buning aksiga guvohmiz. Dindorlar ezilmoqda. Bu jarayon davom etib, islohotlar yo'lidan chiqilsa, AQSh hukumati O'zbekistonni maxsus kuzatuvdagi davlatlar qatoriga qo'shishi kerak bo'ladi", - deydi Turkel.
Komissiya ancha yillar O'zbekiston "alohida xavotirga molik davlat" deya ta'mg'alansin, deya undagan. Xavfsizlik yuzasidan hamkorlik sabab Davlat departamenti bunday qilmagan, ammo O'zbekistondagi vaziyatni qoralagan.
Mirziyoyev davrida esa AQSh hukumati qator pozitiv qadamlarni qayd etib, O'zbekiston hukumatini hatto xalqaro namuma deya ko'rsata boshlagan edi.
Biroq komissiya xulosa qilishicha, respublikada ahvol bugun salbiylashib, Vashingtondan jiddiy e'tibor talab qilmoqda.
Prezident Mirziyoyev o'z nutqlarida O'zbekiston erkin va demokratik yurtga aylanmoqda, deya da'vo qilib keladi.
Uning hukumatiga ko'ra, mamlakatda inson huquqlari, jumladan diniy erkinlik ta'minlanmoqda.
Toshkentning dunyoviy tuzumni asrash uchun ko'rayotgan choralari AQSh komissiyasi tahlilicha, erkin e'tiqodni cheklaydi va uzviy huquqlarni buzadi.
Komissiya a'zosi Deyvid Kurri ta'kidlashicha, O'zbekistonda davlat xizmatlari dini yoki ishini tanlashga majbur qilinmasligi kerak.
"AQSh hukumati O'zbekistondagi bunday muammolarga ko'z yummasligi va bu davlatga xalqaro majburiyatlarini eslatib turishi kerak", - deydi Kurri.
Bu yilgi hisobotida komissiya Davlat departamenti, Kongress, Oq uy va boshqa organlarni O'zbekistonda huquqbuzarlik bilan bog'liq murakkab holatga loqayd bo'lmaslikka chaqirgan.
Rasmiylar esa ikki tomonlama muloqotlarda bu masalalar muhokama qilinishi, e'tiqod erkinligi xususan AQSh uchun azaliy qadriyat ekanini, O'zbekiston hukumati amaldagi siyosatni asoslashga urinishini aytib keladi.