Isroil hukumati XAMASdan garovdagilar qo'yib yuborishni talab qilib, aks holda G'azo qamalda qolishi haqida ogohlantirmoqda.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken deydiki, yahudiy davlat o'zini himoya qilishga haqli.
NATO ham Isroil tarafida, XAMAS harakatlarini qoralamoqda.
G'azoda kamida 340 ming aholi boshpanasiz qolgan.
Isroil tomondan 1200, G'azoda esa 1350 kishi halok bo'lgan.
Bosh vazir Benyamin Neytanyaxuga ko'ra, kamida 150 odam XAMAS iskanjasida.
"Qanaqa insonparvarlik yordami? Tok ham berilmaydi, suv ham berilmaydi, yonilg'i ham kiritilmaydi, agar isroilliklar qo'yib yuborilmasa va vatanga qaytmasa", - deydi Energetika vaziri Izrail Katz.
“Insonparvarlikka insonparvarlik. Hech kim bizga vijdondan dars bermasin",- deya yozdi u X (sobiq "Twitter") ijtimoiy tarmog'ida.
Isroil piyoda askarlar ham kiritishi mumkin. Bunga hozirlik ko'rilmoqda, deya tasdiqlamoqda hukumat, ammo bu amaliyot qachon boshlanishi noma'lum.
G'azo bilan chegarada yahudiy davlat 300 ming qo'shin to'plagan.
XAMAS 7-oktabrda boshlangan xurujda 27 amerikalik o'lgani ma'lum. 14 amerikalikdan darak yo'q.
Boshpanasiz qolgan falastinliklarning uchdan ikki qismi BMT maktablarida jon saqlamoqda.
Insonparvarlik tashkilotlari oziq-ovqat, suv, yonilg'i va dori-darmon tugab borayotgani haqida ogohlantirmoqda.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar Isroildan Falastin ahlini yoppasini qirmaslikka undamoqda, turar joylarni nishonga olmaslikka chaqirmoqda.
Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissi G'azo ahli huquqlari hurmat qilinsin, deya xalqaro hamjamiyatdan vaziyatga e'tibor so'ramoqda.
Falastindagi 14 tibbiy muassasa vayron bo'lgan, kamida 10 xodim o'lgan.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken deydiki, Isroil o'zini himoya qilishida uning hukumat yordamni ayamaydi.
“XAMAS bu qonxo'rlikni Falastin xalqi manfaatlari uchun qilmaganini bilamiz. XAMASning yagona maqsadi: Isroilni yo'q qilish, yahudiylarni o'ldirish", - deydi Amerika tashqi ishlar vaziri.
Netanyaxu Vashingtondan minnatdor. XAMAS ham "Islomiy davlat" singari yer tishlaydi, deydi u.
"Oldindan og'ir kunlar kutmoqda, lekin ishonchim komilki, biz ustun kelamiz. Biz yovuzlikni yengamiz", - deydi Isroil rahbari.
Pentagonga ko'ra, Isroilga berilayotgan yordam shartsizdir, ya'ni uni qanday sarflashni olayotgan tomon hal qiladi.
Blinken bu hafta Iordaniya va Falastin rahbarlari bilan ham uchrashadi.
Bu orada BMT Xavfsizlik kengashi Yaqin Sharq masalasini muhokama qilmoqda.
NATO ham vaziyatdan xavotir bildirib, kim tarafda ekanini oydinlashtirgan.
“Isroil yolg'iz emas", - deydi blok Bosh kotibi Yens Stoltenberg.
NATO majlisida Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant a'zo davlatlarga o'z davlati strategiyasi va hozirgi ahvol haqida axborot bergan.
Oq uyda Prezident Jo Bayden nazarida Isroil hozir hayot-mamot uchun kurashmoqda.
“Gap mintaqa haqidagina emas”, - deydi Bayden.
“Chin dildan ishonamanki, Isroil bo'lmasa, yahudiylar uchun bu dunyoda tinch va xavfsiz joy bo'lmaydi. Isroil - eng asosiy kafolat'.
Bayden fikricha, hozirgi mojaroga shunday nuqta qo'yish kerakki, 7-oktabrdagi kabi "terrorist hamla takrorlanmasin".
XAMAS qo'lida ekani taxmin qilinayotgan odamlar orasida keksalar, ayollar, bolalar bor.
XAMAS Isroilga raketalar otar ekan, Isroilning janubiy shahri Ashkelon eng ko'p zarar ko'rgan hudud.
G'azodagi yagona elektr stansiyasi ishdan to'xtagan. Generatorlar ham yonilg'i yetishmagani sabab o'chishi kutilmoqda.