Bu yil Mustaqil davlatlar hamdo'stligi va Gruziyada iqtisod taxmin qilinganidan sekinroq o'sadi va buning tub sababi Rossiya zaiflashganida, deya tahlil qilmoqda BMT ekspertlari.
Tashkilotning yangi yil boshida chiqadigan odatiy hisobotiga ko'ra, susayish asosan Ukrainadagi urush, xalqaro savdodagi to'siqlar va iqlimdagi salbiy o'zgarishlar bilan bog'liq.
Global iqtisod 2,4 foizga kengayishi kutilmoqda, dastlabki progroz 3 foiz deb ko'rsatilgan edi.
Kreditlarning foizi yuqori ekani va shartlarning keskinlashgani Kavkaz va Markaziy Osiyodagi har bir davlatda bizneslar uchun qiyinchiliklarni oshirgan, deyiladi tahlilnomada, ammo hukumatlar oldida ham variantlar oz.
Buni ham ko'ring 34 trillion dollarlik qarz bilan AQSh hukumati yangi byudjetdan umidvorBMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ularni yashil iqtisodga o'tishga undamoqda, aksariyat tizimlar ham shuni istaydi, biroq yaqin kelajakda bu boradagi burilishlar o'sishni oshirmaydi.
BMT a'zo davlatlarni ekologiyani nazarda tutgan holda sarmoya qilishga chaqirmoqda. Buning uchun yuzlab milliard dollar zarur. Boy davlatlar qolganlarga yordamlashsin, deydi Guterrish.
2023-yilda MDH hududida iqtisod 3,3 foizga kengaygan. 2022-yilda 1,9 foizda edi.
Rossiyada tizim sanksiyalar bois sezilarli darajada zaiflashdi, ammo G'arb siyosatdonlari kutganidek qulamadi. Iqtisodiy faoliyat ziyon ko'rdi, lekin Kreml va uning biznes hamkorlari, jumladan atrofdagi hukumatlar boshqa yo'nalishlar va imkoniyatlar izlay boshladi.
Mamlakatlar yangi reallikka moslasha boshladi. Qilinayotgan o'zgarishlar samara berishi uchun esa vaqt va doimiy harakat zarur.
Eng muhimi - sistematik islohotlar to'xtamasligi kerak.
Moskva yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi miqyosida yangicha tijorat shakllanmoqda. Rossiya iqtisodi o'tgan yili 3 foizga o'sgan.
Importning o'rnini mahalliy ishlab chiqarish egallayotgani, xalq ko'proq sarflayotgani, harbiy kompleks kengaygani Rossiya bozoriga tayanch, deydi ekspertlar.
Biroq sanksiyalar ta'siri endilikda yanayam qattiqroq ayon bo'lmoqda. Bu yil Rossiyada 1,3 foiz iqtisodiy o'sish kutilmoqda.
Mamlakatda qishloq xo'jaligi kichraygan. Tashqi qarzni to'lash kechiktirilgan.
Kavkaz va Markaziy Osiyo respublikalari Rossiyaga qo'yilgan cheklovlardan foyda ko'rgani ham aniq. Unga eksport oshgan, garchi hukumatlar sanksiyalarni buzmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan ish ko'rishga majbur.
Buni ham ko'ring Mehnat migratsiyasi - Markaziy Osiyo uchun muhim iqtisodiy-ijtimoiy reallikRossiyadagi mehnatkashlar vatanga yuboradigan mablag' har ikki mintaqa iqtisodiyotining salmoqli ustuni bo'lib qolmoqda.
Inflyatsiya yuqori, ammo ish o'rinlari yaratilmoqda, deya qayd etiladi BMT hisobotida. Rossiyada, xususan, ishsizlik 3 foizda.
Ukrainada urush boshlanganidan beri moliya sektorida yuz berishi kutilgan xavotirli oqibatlar hozircha sezilmayotgandek, deydi ekspertlar, xususan Armaniston, Gruziya, Qozog'iston va O'zbekistonda. Rossiyaliklar qo'yayotgan mablag'lar ularga kuch bermoqda.
Gruziya banklariga tushgan summaning 18 foizdan oshi'gi, Armanistonga kelgan pulning 29,5 foizigacha, O'zbekiston banklariga qo'yilgan kapitalning 20 foizdan ziyodi aynan rossiyaliklardan.
Kavkaz va Markaziy Osiyo bo'ylab dollarlashish oshgan. Armaniston va Gruziyada milliy pulning qadri ko'tarilgan.
BMTga ko'ra, banklarga xorijdan ko'proq valyuta kelayotgani tizimlardagi mas'uliyat va javobgarlik hamda xizmat darajasini oshirishi kerak, markaziy bankdan tortib xususiy banklargacha.
Rossiya bilan urush yanayam keskinlashgan Ukrainada iqtisod og'irligicha qolmoqda. Byudjetdagi kamomad 20 foizdan oshmoqda, harbiy xarajatlar misli ko'rilmagan darajada katta, buning ustiga qayta qurish uchun pul kerak.
Kiyev tashqi yordamga, xususan xalqaro moliyaviy institutlarga tayanmoqda. Bu degani qarz ko'tarilmoqda. Milliy daromadning 80 foizga yaqini uni yopish uchun zarur. Ukraina kreditlarni vaqtida to'lolmay qolgan.
Yevropa Ittifoqi 2024-2027 yillarda Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida yordam berishga bel bog'lagan.