Nariman Jalil hisobi 300 dan oshgan qrimlik siyosiy mahbuslardan biri, hibsga olingunga qadar qrim-tatarlarga yetakchilik qilayotgan faollardan edi.
Milliy Majlis raisi o‘rinbosari Nariman Jalil 2021-yilda Rossiya sudi tomonidan ekstremizmda ayblanib, 17 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Rus muxolifatchisi Aleksey Navalniy Rossiya qamog’ida o’lishi qrimlik siyosiy mahbuslar taqdiri yuzasidan ham xavotirlarni kuchaytirdi.
Ayni paytda 150 atrofida qrimlik siyosiy mahbuslar Rossiya qamoqxonalarida jazo o’tamoqda, jumladan Nariman Jalil ham Qrimdan Sibirga ko’chirilgan.
Alim Aliyev Jalilning yaqin do’stlaridan biri, ular ish faoliyatini birgalikda “Avdet” gazetasida boshlashgan. Alim Rossiya ishg´olidan so`ng Qrimni tark etadi, hozir Kiyevda, Ukraina institutida ishlaydi.
“Narimanni Qrim platformasidagi chiqishidan so’ng hibsga olishdi, mustaqil fikr jazosiz qolmasligini ko’rsatishdi”, - deb eslaydi Alim.
Buni ham ko'ring Xmelnitskiy shahrida ko’rgazma: Qrimdagi siyosiy mahbuslar taqdiriQrimni diplomatik yo’l bilan ozod qilish maqsadida tuzilgan “Qrim platformasi”ga 2021-yilda asos solindi. Kiyevda bu platformaga qo´shilgan davlat rahbarlari ishtirokida yirik sammit tashkil qilindi. Nariman Jalil bu sammitda ham bilvosita, ham bevosita qatnashdi, Qrimda inson huquqlari qo’pol buzilayotgani haqida gapirdi.
Sammitdagi ishtirokidan bir necha kun o`tib, u Qrimda hibs qilindi. Jalil bilan birga aka-uka Axmetovlar ham ekstremizmda ayblanib, uzoq yillik qamoqqa hukm qilindi.
“Jalilni Qrimdan Krasnoyarskdagi qamoqxonaga ko´chirishdi. Uni Qrimdan uzoqda ushlash, oilasiga qo’shimcha muammolar tug’dirish, advokat yordamini qiyinlashtirish uchun. Bu Narimanning oilasiga, qrim-tatarlar jamoasiga ruhan bosim o’tkazish uchun ham qilindi, chunki Nariman qrim-tatarlar orasida juda taniqli shaxs. Uni qamoqdan ozod etish aktivistlar, Ukraina hukumati uchun juda muhim”, - deydi Aliyev.
“Qrim platformasi” tuzilishidan bir yil o’tib, Rossiya Ukrainaga urush ochdi. Platforma maqsadi ham o’zgardi, Qrimni muzokaralar yo`li bilan ozod qilish mumkinligiga ishonch yo’qoldi. Ukraina Qrimni, ishg’oldagi boshqa hududlarni ozod qilish uchun ikki yildirki Rossiya bilan urushmoqda. Bu vaqt davomida Qrimdagi siyosiy mahbuslar soni keskin oshdi.
Alim Aliyevga ko`ra, Qrimdagi siyosiy mahbuslar asosan diniy e’tiqodi uchun tazyiqqa olingan musulmonlardir. Ular Qrim bosqiniga, urushga nisbatan norozilik bildirayotgan faollardan iborat.
“Agar biz qrimlik siyosiy mahbuslar ishiga qarasak, ularning aksariyati terrorchilik va ekstremizmda ayblangan. Rossiya Qrimning tub aholisi qrim-tatarlarni terrorchilar, ekstremistlar sifatida taqdim etmoqchi. Shuni aniq aytishim kerak, 2014-yil, Rossiya bosqinigacha Qrimning biror joyida bunday tahdid yo`q edi. Bu Rossiya bosqini bilan paydo bo`ldi. Bu ish bo’yicha jurnalistlar, faollar ayblanyapti. Siyosiy mahbuslarni himoyalash maqsadida tuzilgan “Qrim birligi” tashkilotini faollari ekstremizmda ayblanishgan”, - deydi u.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Kiyevdagi “Qrim-tatar resurs markazi” yaqinda yillik hisobotini e`lon qildi. Unga ko`ra, 2023-yilda Rossiya hukumati Qrimda 200 dan oshiq hibsni amalga oshirgan. Siyosiy mahbuslarning umumiy hisobi 300 dan oshgan, ulardan 205 tasi qrim-tatarlar.
Shuni aniq aytishim kerak, 2014-yil, Rossiya bosqinigacha Qrimning biror joyida bunday tahdid yo`q edi. Bu Rossiya bosqini bilan paydo bo`ldi. Bu ish bo’yicha jurnalistlar, faollar ayblanyapti.
“Qrim-tatar resurs markazi”iga qirimlik faol Iskandar Bariyev rahbarlik qiladi. Markaz xalqaro jamoatchilik diqqatini qrimlik siyosiy mahbuslar taqdiriga qaratishga urinib keladi. Shu maqsadda turli adabiyotlar chop etadi. Yaqinda siyosiy mahbuslarga farzandlari tomonidan yozilgan maktublar alohida kitobcha sifatida nashr qilindi.
“Dunyo jamoatchiligi, siyosatchilari, parlamentlari diqqatini siyosiy mahbuslar taqdiriga qaratish uchun shunday adabiyotlar nashr qilyapmiz. Bu kitob “Mening otam qahramon” deb nomlangan. Maqsad vaziyatni bolaning tilidan tushuntirish, bola faqat haqiqatni gapiradi”, - deydi Bariyev.
Milliy Majlis raisi o‘rinbosari Ilmi Umerov - uzoq muzokaralar ortidan ozodlikka chiqqan kam sonli siyosiy mahbuslardan biri. Uning Rossiya qamog’idan ozod etilishiga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an hissa qo’shdi. Bu urushgacha bo`lgan, urush ortidan Qrimdagi siyosiy mahbuslar soni keskin oshdi.
“Agar avvallari mustaqil fikr uchun ikki yil qamoq jazosi berilgan bo`lsa, hozir buning uchun 20 yilgacha qamoq jazosi berishmoqda. Bu qatag’on asosan qrim-tatarlar hisobiga to’g´ri kelyapti. Masalan, so’nggi 10 yil davomida 140 millionlik Rossiyada siyosiy mahbuslar soni 3,5 ming kishiga chiqdi. Ya´ni har 40 ming kishiga bitta siyosiy mahbus to’g’ri keladi. Bu juda ko’p. Lekin buni qrim-tatar xalqiga qiyoslaydigan bo`lsak, 1,5 ming qrim-tatarga bitta siyosiy mahbus to’g’ri keladi. Bu Rossiyadagi umumiy ko’rsatkichdan 30 barobar ko’p”, - deydi Umerov.
Hozirda qrimlik siyosiy mahbuslarning aksariyati Rossiya ichkarisidagi qamoqxonalarda jazo o’tamoqda. O´tgan yil ulardan ikki nafari, terrorchilikda ayblangan Jamil Gafarov va ayg’oqchilikđa ayblangan Konstatin Shirin qamoqxonada vafot etdi.
Rossiya qamoqxonalaridan siyosiy mahbuslar o’ligi chiqishda davom etar ekan, qrimlik mahbuslar taqdiridan ham xavotirlar kuchayib bormoqda.
Your browser doesn’t support HTML5