AQSh 2015-yildan beri Markaziy Osiyoning besh respublikasi bilan siyosiy dialog olib boradi. Bu platforma C5+1 deya tanilgan.
Bu yili B5+1 yo'lga qo'yildi. Unda biznes aloqalar muhokamada. Bu hafta esa Vashingtondagi aql markazlaridan biri bo'lmish Jeymstaun jamg'armasida Green+1 tashabbusi tanishtirildi. Unda e'tibor iqlim va atrof-muhit muhofazasida.
Iqtisodni yashillashtirish va tabiatni asrab-avaylash birgalikda amalga oshirilishi kerak bo'lgan muhim vazifalar, deydi Brayan Stimmler, AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul diplomatlardan biri.
Jeymstaunda o'tgan forumda ekspertlar mintaqada suv taqchilligi, taqsimoti va ta'minoti nozik masala ekanini qayd etib, cho'llashish tezlashayotgani, yovvoyi olam kichrayayotgani, aholi hayoti tobora qiyinlashayotganini tilga oldi.
80 millionga yaqin odam yashaydigan region dunyoning boshqa qismlari singari iqlimdagi salbiy o'zgarishlardan zarar ko'rmoqda, uning ta'siri ostida, garchi buni odamlar shaxsan anglamasa-da, deydi mutaxassislar.
Tadqiqotlarga ko'ra, Markaziy Osiyoning ikki yirik daryosi Sirdaryo va Amudaryoda suv o'tgan 70 yilda kamida 30 foizga kamaygan. Orol dengizi esa 1960-yillardan beri 90 foizga kichraygan.
Stimmler deydiki, AQSh bu masalalar yuzasidan har bir hukumat bilan allaqachon muloqotda. Vashington xalqaro moliyaviy institutlar orqali ko'mak ko'rsatishga harakat qiladi va o'z ko'mak dasturlarida ham ekologik masalalarga ahamiyat qaratadi.
Qozog'istonda bu bahor kelgan sellar sabab minglab odam uy-joyidan ayrilgan, hovli va uylarini tashlab chiqishga majbur bo'lgan.
Atrof-muhit himoyasi chegara tanlamaydi, deydi ekspertlar. Ona zaminni qadrlash uchun bir davlatning xatti-harakati yetmaydi. Bir mamlakatda ko'rilgan samarali chora qo'shnilarga ham o'tishi, tajriba almashilishi va qo'shma loyihalar olib borilishi kerak.
Buni ham ko'ring Bishkekda AQSh-Qirg'iziston yillik maslahatlashuviYashil iqtisodiyot barpo etish barcha sohalarda progressga erishishni talab qiladi. Inson huquqlarini e'zozlashdan tortib muqobil energiya manbalariga o'tishgacha.
"USAID, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi dasturlari orqali davlatimiz Markaziy Osiyo energetika sanoatini rivojlantirishda yordamlashib kelmoqda", - deydi Stimmler.
Muddao, deydi rasmiy, mintaqa toza manbalar va ilg'or texnologiyalarga tayangan holda yonilg'i ehtiyojini qondirishini ta'minlashda ko'maklashish.
Stimmler C5+1 doirasida strategik minerallar yuzasidan ham alohida muloqot ketayotganini aytadi. Bu boyliklarni jahon bozoriga Rossiyani chetlab o'tgan holda chiqarish xususida takliflar ikki yil oldin, bu davlat Ukrainaga bostirib kirganidan keyin yangray boshlagan.
AQSh rasmiylarining urg'u berishicha, Markaziy Osiyo bo'ylab kuzatilayotgan ekologik-gidrologik muammolar jahonning jamiki mintaqalariga xos va respublikalar xalqaro tajribadan o'rgansa bo'ladi. Neft va ko'mirga asoslangan iqtisodiyotni isloh qilish va uni yashillashtirish har bir davlat oldidagi sinov va majburiyatga aylangan, jumladan AQShda ham.
Qurg'oqchilik, suv toshqinlari, yonilg'i yetishmovchiligi, qishda issiqlik manbalarining ozayishi, eskirgan infrastruktura, energiya savdosida keskin shartlar va undan qurol sifatida foydalanish - bu mashaqqatlarni boshdan kechirmaydigan davlatlar juda oz, deya eslatadi mutaxassislar.
"Amerika texnik yordam ko'rsatishga bel bog'lagan", - deydi Stimmler, Markaziy Osiyo yaqin kelajakda Vashingtondan Green5+1 doirasida nimaga umid qilishi mumkinligi haqida gapirar ekan.
Merilend universitetidan Sara Kameron Orol dengizi qanday qurigani, bu fojia ortidagi omillar va u yerdagi hozirgi hayot haqida kitob yozmoqda.
AQShning Turkmanistondagi sobiq elchisi Alan Mastard esa ekogolik muammolarning iqtisodiy zararini tahlil qilib chiqqan.
Asxat Orazbay Orol dengizini saqlash xalqaro fondi rahbarlaridan biri. Faoliyati - dengizning bugungi holatini o'rganish va choralar samara berishi uchun harakat qilish.
Tadqiqotchi Uilder Alexandro Sanchez yashil iqtisod yaratish uchun nima qilmoq kerakligi bo'yicha qator tavsiyalar yozgan.
Tabiiy boyliklar bo'yicha mutaxassis Sanjay Shrivastava Jahon bankida bu yo'nalishda ishlaydi.
Meri Melnik esa AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligida ekologik xavfsizlikka doir dasturlarga bosh-qosh.
Bu mutaxassislarning har biri Markaziy Osiyo hukumatlari, Amerika rahbariyati hamda har ikki tomonning xalqlarini tabiatparvarlik, ekologik ogohlik va yashillashishga undaydi.
Strategik maqsadlar qog'ozdan amalga o'tmasa, hech narsa o'zgarmaydi, deydi ular. Har bir daqiqa g'animat. Iqlim va tabiatdagi salbiy o'zgarishlar bugungi turmushni qiyinlashtiradi, ammo kelajakni mutlaq barbod etishi mumkin.
Keyingi avlodlar, bizdan qoladigan dunyo farovon va tinch bo'lishi uchun avvalo ekologiya ravnaqi uchun dadil qadamlar tashlash lozim. Markaziy Osiyo bu jihatdan orqada qolmasligi kerak, deydi Jeymstaun forumi ishtirokchilari.