Afg'onistonni boshqarib kelayotgan, ammo xalqaro maydonda tan olinmagan Tolibon 30-iyunda Qatarda o'tadigan BMT anjumanida qatnashadi. Mavzu - Afg'oniston.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu yig'inga o'tgan yili asos solgan. Maqsad - Tolibonga nisbatan yakdil pozitsiyani ta'minlash.
Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohidning tasdiqlashicha, delegatsiyada kim borishi belgilanmoqda va Kobul bu anjumandan samara kutadi.
Tolibon buning uchun biror shart qo'yayotgani aniq emas, biroq yig'in natijasida mamlakatga yordam oshadi, degan umid bor.
Afg'oniston rahbariyati BMT bilan ikki oydan beri muzokara olib borayotgan edi. Rasmiylar deydiki, Tolibon uzoq muddatni ko'zlab harakat qilmoqda.
Dohadagi majlisdan muddao, BMT rasmiylarining tushuntirishicha, Tolibon bilan muloqotni kengaytirish va butun Afg'oniston bilan bog'lanish.
Guterrish bir yil oldingi uchrashuvga toliblarni chaqirmagan. Ikkinchisiga esa taklif qilinganida ular rad etgan.
Tolibon BMTdan unga rasmiy tomon sifatida qarashni so'rab keladi. BMT yig'inlarga boshqa afg'onlarni, xususan ayollar, faollar va muxolifatchilarni ham chaqiradi. Tolibon esa BMT rahbariyati bilan eng yuqori darajada va alohida so'zlashishni istaydi. Shu bois Dohadagi ikkinchi majlisga, bu yilning fevral oyida kechgan muloqotga toliblar kelmagan, chunki davra keng.
Guterrish Tolibondan biror shart qabul qilinmasligini aytgan. Tolibon rahbarlarining ko'pi hamon sanksiyalar ostida, jumladan BMT ularni terrorizmni quvvatlaganlikda gumon qiladi.
Tan olinishi uchun Afg'onistonning hozirgi hukumati xotin-qizlarga erkinlik berishi va aholining uzviy huquqlarini hurmat qilishini isbotlashi lozim.
BMT nazarida toliblar fundamentalistlar va dinni ro'kach qilgan holda xalqni ezib keladi.
12 yoshdan o'tgan qizlar o'qiy olmaydi. Ayollar uchun oliy ta'lim maskanlari va ishxonalar yopiq. Faqat kasalxonalar va toliblar maxsus ruxsatiga ega korxonalar xotin-qizlarni yollashi mumkin.
Buni ham ko'ring Afg'onlarga maxsus viza berish to'xtatilmasin, deydi faollarAyollar erkaklarsiz sayohat qila olmaydi. Parklar va jamoat joylariga ham kirishi cheklangan.
Toliblar bu siyosati qoralanganida tashqi dunyoni Afg'onistonning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblaydi.
BMT hisobicha, mamlakatda qizlar maktabga qatnamay qo'yganiga 1000 kundan oshdi.
UNICEF, BMT Bolalar fondi rahabri Ketrin Rassell deydiki, 1,5 million qiz ilm ololmayotgani ularning huquqlarini mutlaq buzishdir.
Shu bilan birga bu holat Afg'onistonning ruhiy salomatligiga ham salbiy ta'sir qilmoqda, deydi rasmiy, shuningdek, aholi uchun imkoniyatlarni yanada ozaytirgan.
40 milliondan ziyod aholiga ega mamlakat iqtisodi nochor, gumanitar ahvol ayanchli. Buning ustiga Afg'oniston har yili suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlar bilan yuzlashib keladi.
Xalqning kamida chorak qismi och-nahor va yordamsiz yashay olmaydi.
BMTga ko'ra, 12 milliondan oshiq afg'on ertaga nima yeyishini bilmaydi.