30-iyun kuni Toshkentga kelgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishni O’zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib olgan. Uning O’zbekiston safari ikki kun davom etadi.
Guterrish Prezident Shavkat Mirziyoyev va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvlar o’tkazishi, shuningdek, mahalliy faollar bilan muloqot qilishiga doir ma’lumotlar bor.
O’zbekiston tomoniga ko’ra, BMT bosh kotibi bilan uchrashuvlarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, jumladan BMT institutlari bilan mintaqaviy va global darajada hamkorlikni rivojlantirish muhokama qilinadi.
Tashkilotdagi muhim yo’nalishlardan biri bu - inson huquqlari. BMT doirasida bir necha institutlar inson huquqlari, e’tiqod va so’z erkinligi, qiynoqlar bilan bog’liq vaziyatni o’rganadi, kuzatib keladi.
Dunyo davlatlari mamlakatdagi inson huquqlariga doir vaziyat bo’yicha BMT qo’mitalariga hisobot berish majburiyatini olgan. O’z navbatida, qo’mitalar inson huquqlarini qo’pol buzayotgan davlatlarga tavsiyalar beradi, talablar qo’yadi.
Buni ham ko'ring O'zbekiston bugun qanchalik erkin? HRW bahosiUzoq yillar BMT va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar aynan inson huquqlariga doir vaziyat sabab tarang edi. O’zbekistonda bo’lgan BMT ma’ruzachisi respublikada qiynoq qo’llash muntazam ekani, rejimga tayanishi haqida xulosa berishi ortidan aloqalar jiddiy keskinlashgan, maxsus ma’ruzachilarning O’zbekistonga safari rad etib kelinayotgan edi.
O’rtadagi taranglik Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelib, ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar qilishi, xususan siyosiy mahbuslarni qamoqdan ozod etishi, inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT bilan bu borada hamkorlikni tiklashi ortidan kuzatildi.
Ayni paytda O’zbekiston-BMT hamkorligi va aloqalari ancha iliq, ayniqsa iqlim, atrof-muhitni muhofazalash, mintaqaviy, madaniy hamkorlik loyihalari masalasida. BMT bu borada O’zbekiston ko’targan tashabbuslarni xalqaro minbarlarda muntazam qo’llab keladi.
O’zbekistonning BMT bilan iliqlashgan aloqalari inson huquqlari masalasida jiddiy siljishlar qilayapti deyish qiyin, ayniqsa so’nggi paytda fuqarolik jamiyatiga doir vaziyat yana og’irlashayotgani, so'z erkinligi, dindorlar ustidan nazorat yana kuchaytirilayotgani inobatga olinsa.
BMT O’zbekistonda qator o’zgarishlar qilinayotganini e’tirof etgan, olqishlagan, ammo diniy erkinlik masalasidagi xavotirlar arigan deb bo’lmaydi.
BMT diniy erkinliklar bo’yicha ma’ruzachisi Ahmad Shahid O’zbekistonga qilgan safariga doir hisoboti o’tgan yili e’lon qilindi. Unda diniy erkinlik masalasida mamlakatdagi aksariyat muammolar o’zgarishsiz qolayotgani ta’kidlanadi.
Munosabatlar iliqlashishi davomida O’zbekistonga safar qilgan yuqori lavozimli mulozimlardan yana biri, BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Volker Turk bo’ldi. U O’zbekistonda o’tgan yil mart oyida, uch kunlik safari davomida asosan fuqarolik jamiyati vakillari bilan muloqotda bo’lgan edi.
Buni ham ko'ring BMT vakiliga arz qilmoqchi bo’lgan faollar nazoratga, hibsga olinganOliy komissar ham inson huquqlari bo’yicha hukumatga qator tavsiyalar berdi, jumladan diniy, siyosiy erkinliklarni ta’minlashda, ayniqsa Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan noroziliklardan saboq chiqarish masalasida.
Volker Turk O’zbekistonga safar qilar ekan, u bilan uchrashishga uringan faollar tazyiqqa uchradi, jumladan muxolifatchi Sanjarali Imom hibsga olingan edi.
Mahalliy faollardan biri Xidirnazar Olloqulov ham BMT institutlari bilan yaxshi tanish. U fuqarolik jamiyati vakili sifatida mamlakatga kelgan mulozimlar, jumladan Turk bilan siyosiy erkinliklar ta’minlanishi masalasida suhbatlashgan edi.
Olloqulovning aytishicha, xalqaro tashkilotlar tavsiyalaridan qat’i nazar vaziyatda, jumladan siyosiy partiyalar tuzish, yig’inlar, namoyishlar o’tkazish bo’yicha amaldagi rejim, hukumat munosabati o’zgarishsiz qolmoqda.
BMT bosh kotibi Markaziy Osiyoga safari davomida fuqarolik jamiyati faollari bilan muloqot qilishi xabar qilingan, ammo uning O’zbekistondagi shunday uchrashuvi haqida batafsil ma’lumotlar hozircha taqdim qilinmagan.
BMTning O’zbekistondagi vakolatxonasi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bosh kotib Toshkentda iqlim o’zgarishiga doir loyihalar bilan tanishishi, mahalliy faollar va yoshlar bilan uchrashishini bildirdi.
BMT bosh kotibining Markaziy Osiyo safari 7-iyulgacha davom etadi. Guterrish 4-iyulda Qozog’istonda bo’lib, Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida qatnashadi.