Xitoyda yuqori sinf o'quvchilariga dars berishdan boshlab, Kongessda Pekin bilan aloqalarga yetakchilik qilishgacha, vitse-prezidentlikka demokratik nomzod Tim Uolz bu davlat bilan uzoq tarixga ega, kamida 35 yillik.
Muallim sifatida Uolz Amerika tarixi va madaniyati hamda ingliz tilini o'qitgan. 1989-yilda Pekindagi Tiananmen maydonida yuzlab yoshlar hukumatga qarshi namoyishga chiqqanida Uolz Xitoyda edi.
Uolz bu mamlakatdagi bir yillik tajribasini iliq so'zlar bilan xotirlaydi.
Xitoydan u bir umrga tatigulik taassurotlar bilan qaytgan. Kommunist rejim va uning xalqqa ta'siri haqida chuqur bilim orttirgan.
"Bu xalqni to'g'ri odamlar boshqarganida tamoman boshqa bir jamiyatni ko'rardik, chunki uning iqtidori cheksiz", - deya tasvirlagan Uolz.
Xitoydan qaytgach, u rafiqasi bilan bu davlatda o'qish va tajriba oshirish imkoniyatini beruvchi tashkilotga asos solgan.
1994-yilda juftlik Xitoyga dam olishga borgan. Ular bilan amerikalik yoshlar ham tashrif buyurib, yozni o'sha yerda o'tkazishgan. Bu kabi dasturlarni Uolz 2003-yilgacha davom ettirgan.
2007-yilda Uolz Kongressga saylandi va e'tiborini Xitoyda inson huquqlari bilan bog'liq og'ir ahvolga qaratdi.
Uolz - Xitoy hukumatining ashaddiy tanqidchisi. Pekinni u uyg'urlarga nisbatan zulmda, shuningdek, Gonkongdagi adolatsizliklarda va Tibetni ezishda ayblaydi.
Tiananmen maydonidagi namoyishlar qonli bostirilgan. Uolz Amerikaga darrov qaytmagan, aksincha mana bu voqealar ortidagi sabablarni o'rgangan.
Uolz Pekinni siyosiy mahbus va mahkumlarni ozod etishga undab keladi.
2016-yilda u Xitoy hukumati bilan yaqindan ishlash kerak, deb chiqqan.
“AQSh umumbashariy erkinliklar asosida qurilgan davlat. Diniy erkinlik uchun kurashish, masalan, biz uchun muhim va mas'uliyat", - degan u.
Uolz Janubiy Xitoy dengizi yuzasidan mojarolarda ham Pekinni qoralaydi.
"Har qanday vaziyatda biz bu davlat bilan til topishishimiz lozim", - deydi u.
Yangi Tayvan universitetidan olim Lev Nakman fikricha, vitse-prezidentlik uchun Xitoydek murakkab mamlakat va mentalitetni biladigan odam tanlangani ulkan ahamiyatga ega.
Buni ham ko'ring AQSh: Eng katta razvedka tahdidi Xitoy va Rossiyadan kelmoqdaNakman va boshqalar deydiki, bilimli rahbarlar axborotni qadrlab, tashqi siyosatda o'zi ko'rgan va guvoh bo'lgan holatlarga qarab, ish tutsa, hamma yutadi.
Uolz Xitoy xalqini sevadi va bu munosabat Amerika siyosatida ham aks etishi mumkin, deydi ekspertlar, agar saylovda demokratlar yutsa.
Nakman taxminicha, xalq va hukumat orasidagi jarlik Uolzni Xitoy odamlaridan uzoqlashtirmagan.
"U tarixni boricha ko'ra oladigan, siyosiy aloqalarda muammoni yakkahokimlikka bog'lay oladigan mutaxassislar kerak", - deydi tadqiqotchi.
Nakman kuzatishicha, Amerika bo'ylab Xitoy va uning odamlari va madaniyatiga qarshilik avj olmoqda.
"Odamlarni Xitoydan qo'rqitish kampaniyasiga zo'r berilayotgan davrdamiz".