BMT: Afg'onistonda ko'knori dalalari yana kengaymoqda

  • Ayoz Gul

Badaxshon, Afg'oniston, 30-iyun, 2024

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, Afg’onistonda Tolibon joriy etgan taqiqqa qaramasdan ko’knor yetishtirish 19 foizga oshgan, biroq bu taqiqdan oldingi ko’rsatkichlardan ancha past.

Tolibonnning giyohvand moddalarga nisbatan cheklovi 2022-yilda kuchga kirgan bo’lib, 2023-yilda mamlakatda ko’knor yetishtirish 95 foizga qisqargan edi. Taqiq umuman olganda samara bermoqda, deyiladi BMTning Giyohandlik va jinoyatchilik bo’yicha boshqarmasi (UNODC) hisobotida.

Buni ham ko'ring Millionlab afg'onlar giyohvandlikdan aziyat chekmoqda

“2024-yilda ko’knor maydonlari 12,8 ming gektarni tashkil etgan, ya’ni 2023-yilga qaraganda 19 foizga oshgan. 2022-yilda esa 232 ming gektar hududda yetishtirilgan”, deyiladi hisobotda.

Ko’knor yetishtirishda bu yili geografik o’zgarishlar ham bor. “Afg’oniston janubi-g’arbi an’anaviy ravishda afyun markazi hisoblangan bo’lsa, joriy yilda ekin maydonlarining 59 foizi shimoli-sharqiy viloyatlarga ko’chgan”.

Hisobotda qayd etilishicha, 2024-yilning birinchi yarmida quruq afyunning bir kilogrammi 730 dollar atrofida sotilgan, bu taqiqdan oldingi narxdan bir necha baravar ko’p.

Afg’onistonning Turkmaniston, O’zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh shimoli-sharqiy viloyatlarida ekin maydonlari 381 foizga oshib, 7563 gektarga yetgan. Ekin maydonlarining asosiy qismi Badaxshon viloyatida joylashgan.

Hisobot mualliflariga ko’ra, yuqori narx va afyun zaxiralari kamayib borayotgani afg’on fermerlarining cheklovlarga ko’z yumishiga, oldida boshqa imkoniyat ko’rmagan odamlar yana ko’knor eka boshlashiga olib kelishi mumkin.

“Afg’onistonda afyun yetishtirish past darajada qolayotgan bir paytda, biz afg’on fermerlari uchun noqonuniy bozorlardan xoli, barqaror daromad manbalarini rivojlantirish imkoniyati va mas’uliyatiga egamiz”, - deydi Gada Vali, UNODC ijrochi direktori.

“Hisobot afyun yetishtirish haqiqatan ham qisqarganining yana bir muhim dalilidir. Buni Afg’onistonning qo’shnilari, mintaqa va butun dunyo olqishlaydi”, - deydi BMTning Afg’oniston bo’yicha missiyasi rahbari Roza Otunbayeva.

Ammo, deydi Otunbayeva, daromad manbaidan ayrilgan Afgo’niston qishloqlari zudlik bilan xalqaro yordamga muhtoj.

2021-yilning avgustida Afg’onistonga hokimiyatni qayta qo’lga olgan Tolibonni hozirgacha hech bir davlat rasman tan olmagan. Mamlakatni shariat asosida boshqarayotgan toliblar 7-12-sinf qizlarining ta’lim olishini, aksar ayollarning davlat va xususiy sektorda ishlashini taqiqlagan.

Ushbu cheklovlar va inson huquqlari bilan bog’liq muammolar bois xalqaro hamjamiyat Tolibon bilan iqtisodiy taraqqiyot borasida hamkorlik qilmayapti. Ammo mamlakatga insonparvarlik yordami yetkazish davom etmoqda.