Rossiya, Eron va Qatar davlatlari gaz eksporti bo’yicha ittifoq tuzishni rejalamoqda. Bu loyiha Markaziy Osiyoga qanday ta’sir qilishi mumkin? Mintaqa davlatlari undan manfaatdormi?
Markaziy Osiyo Yevropa va Rossiya uchun energiya resurslariga boyligi bilan diqqat sazovor mintaqa hisoblanadi.
Yevropa region energetiya manbalariga yo’l qidirayotgan bo’lsa, Rossiya uzoq yillardan buyon bu zaxiralarning monopolisti bo’lib qolmoqda.
Mintaqa energoresurslarini diversifikasiya qilish (turli davlatlar bilan savdo qilish) siyosati hozircha asosan siyosiy doiralarda muhokama qilinayapti, xolos. Amalda biror chora ko'rilganicha yo'q.
Rossiya esa mintaqa gazi ustidan hukmronlikni mustahkamlash uchun qo’shimcha muzokara yuritdi, bu borada bir necha shartnoma imzolandi.
Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning O`zbekistonga so’nggi tashrifi chog’ida ham gaz quvurlarini kengaytirish masalasi ko’tarilgan edi.
Avvalroq Rossiya, Qozog’iston va Turkmaniston Kaspiy bo’ylab yangi gaz quvuri yotqizish haqida memorandum imzolagan edi.
Rossiya, Qatar va Eron gaz eksporti nazorati bo’yicha ittifoq tuzsa, Rossiya ta’sir doirasi yanada oshishi ta’kidlanmoqda.
Dunyo gaz zaxirasining 50 foizdan ko’piga egalik qiluvchi bu davlatlar gaz savdosi va tranziti ustidan nazorat o`rnatishi mumkiligi G’arb davlatlari e’tiroziga sabab bo`lgan.
Sharhlovchilar fikricha, Rossiya gaz eksportidan siyosiy bosim sifatida foydalanib keladi. Rossiyaning Yevropaga sotayotgan gazida mintaqa ulushi ham ancha miqdorni tashkil etadi.
Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov ta’biricha, energiya resurslari bo’yicha Rossiya bilan uzoq yillik hamkorlik mintaqa iqtisodida samarali o`zgarishlar qilmadi, bunday natijani kutish ham qiyin.
“Maqsad O’zbekiston, Turkmaniston boyligini arzimagan pulga olib chiqib ketish. Boshqa quvurlar orqali eksport qilish bilan Rossiya orqali eksport qilishning farqi katta. Rossiya uzoq va qimmatga tushib ketadi. Bizga boshqa yo`llar kerak. Rossiya Ukrainaga nisbatan qilgan bosimini O`zbekistonga ham qaytarishi mumkin”, - deydi Xudoyberganov.
Mintaqani Rossiyani chetlab o’tgan holda Yevropa bilan bog’lovchi “Nabukko” loyihasi hamon muhokamadagi masala bo’lib qolmoqda. 2009 yildan boshlab Rossiya mintaqa gazini Yevropa bahosida sotib olishga rozilik berdi.
Sharhlovchilarning aytishicha, mintaqa gazini arzon narxda olib, bir necha barobar qimmatga Yevropaga pullayotgan Rossiya mintaqa boshqa iste’molchi, xaridor topishidan xavotirga tushib, yon berishga majbur bo’lgan.
“Asosiy foydani Rossiya hukumati ko’rib kelayotgan edi. Xitoy tomonga gaz quvurlari yotqizish haqidagi qaror gaz bahosini xalqaro me’yorlar asosida belgilashga imkoniyat berdi”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.
“Tezkor guruh” analitik markazi eksperti Shuhrat G’aniyev so’zlariga ko’ra, O’zbekistonning energetik siyosati jamoatchilik uchun yopiq sohalardan biri.
“O’zbekistonning asosiy boyligi bu gaz. Nazarimda hozirda gaz borasidagi hamkorlik haqida jamoatchilikka ko’p narsa ma’lum emas. Rossiya bilan hamkorlik bizga kerakmi, qulaymi, foydalimi? Biz bu haqda hech narsa bilmaymiz? ” - deydi G`aniyev.