Markaziy Osiyo bo'ylab inson huquqlari og'ir ahvolda

Bugun jahon bo’ylab millionlab odamlar fundamental huquqlaridan mahrum.

AQSh Davlat departamenti 190 davlatdagi vaziyatni baholab xulosa qilishicha, siyosiy erkinliklarga talab oshgan sari hukumatlar ularni yanada cheklashga urinmoqda.

Davlat departamenti jahon bo’ylab inson huquqlari ahvolini tahlil qilgan navbatdagi hisobotini chop etdi. Unda huquqni poymol etuvchi davlatlar ro’yxatida odatiy bo’lib qolgan Shimoliy Koreya, Pokiston, Afg’oniston, Kuba, Eron, Iroq, Sudan, Somali, Zimbabve va O’zbekiston kabi davlatlardagi ahvol kuchli tanqid ostiga olingan.

O’tgan yili nohukumat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini, jumladan internetni cheklovchi qonunlar qabul qilgan mamlakatlar safida - Viyetnam, Xitoy, Rossiya, Qirg’iziston va Qozog’iston ham tilga olinadi.

Hisobot Rossiya va Armanistonda o’tgan saylovlarni salbiy baholaydi. Natija xalq xohish-istagini aks ettirmaydi, deyiladi unda. AQSh davlat departamenti hisobotni har yili Kongress talabiga binoan tayyorlaydi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, AQSh boshqa davlatlarni huquq bobida tanqid qila turib, xalqaro standartrlarga o’zi ham amal qilishi shartligini esda tutadi.

“Qo’shma Shtatlar inson qadri, shaxs erkinligi har narsadan ustun ekanini isbotlash bobida ibrat bo’lishi kerak”, - deydi Klinton.

Har yili xorij hukumatlarining noroziligiga sabab bo’ladigan ushbu hisobot Jorj Bush prezidentligining so’nggi yili, ya’ni 2008 yilni qamraydi. Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti nazarida, Bush davrida Qo’shma Shtatlar huquq va erkinlik kuychisi degan nomidan ayrilgan.

Vashington Markaziy Osiyo, xususan Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda diniy erkinliklarni cheklashga qaratilgan qonun loyihalarini tanqid qilmoqda. Qozog’istonda siyosiy muxolifat va mustaqil jurnalistlar bosim ostida. Bu yil saylov, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalariga doir qonunlarga o’zgartirish kiritilishi mumkin. Jarayon, muxolifat nazarida, oshkora emas.

Siyosiy erkinliklar biroz qanot yozgan Qirg’izistonda Kurmanbek Bakiyev rahbariyati fuqaro jamiyatini bosim ostiga olayotganlikda ayblanmoqda. O’tgan yili bu mamlakatda “Ozodlik” va “BBC” radio dasturlari havo mavjlaridan olib tashlangani bunga bir misol.

Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha direktor o’rinbosari Reychel Denberning aytishicha, “O’zbekistonda bugun 10 dan oshiq huquq faoli panjara ortida. E’tiqod erkinligi bilan bog’liq vaziyat nihoyatda og’ir. Yagona ijobiy o’zgarish - ekstremistik tashkilotlarga a’zolikda ayblangan dindorlarga avval 15-20 yil qamoq jazosi berilgan bo’lsa, hozirda jazo muddati o’rtacha 5-8 yil atrofida”.

O’tgan yili O’zbekistonda sudlanuvchilar himoyasini yaxshilash, inson savdosiga qarshi kurash va paxta dalalarida yosh bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqlashga doir qonunlar qabul qilindi. Afsuski, ular xo’jako’rsinga, deydi G’ulom Umarov, muxolifatdagi “Serquyosh O’zbekiston” koalitsiyasi yetakchilaridan biri.

“Qonunlar nomiga, ularga hech kim amal qilmaydi. Konstitutsiyadan ko’ra og’zaki buyruq, ko’rsatma-farmoyishlar kattaroq kuchga ega. Qonun hamma uchun bir deyishadi-yu, amalda shuning aksi. Hukumatga nomaqbul odamlarni chetlatish uchun qo’llaniladi”, - deydi Umarov.

Ma’lumki, uning otasi “Serquyosh O’zbekiston” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarov moliyaviy jinoyatlarda aybdor topilib, uzoq muddatga qamalgan.

Barak Obama ma’muriyati Afg’oniston masalasida mintaqa davlatlari, jumladan O’zbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirishga harakat qilmoqda. Freedom House inson huquqlari tashkiloti vakili Baxtiyor Nishonov fikricha aloqalar tiklanayotgani ijobiy hol.

“Xavfsizlik borasida ish birgalikda olib boriladigan bo’lsa, menimcha bu yomonmas. Kelajakda buning inson huquqlariga ham ta’siri bo’ladi. Lekin bir-ikki yil davomida hamkorlik asosan xavfsizlik borasida bo’lsa kerak”.

AQSh nazarida Turkmanistonda astalik bilan ijobiy o’zgarishlar ko’zga tashlanmoqda. Rasmiy Ashgabat konstitutsiyaga tuzatish kiritib, uni xalqaro konvensiyalar bilan muvofiqlashtirish harakatida. Lekin faollar huquq ahvoli hamon og’ir deydi.

Farid Tuxbatullin Avstriyada asoslangan Turkmaniston Inson Huquqlari tashabbus guruhi rahbari. Uning kuzatishicha, aholi orasida siyosatga qiziqish, xafsala yo’q. Aksincha, loqaydlik seziladi.

“Sobiq rahbar Saparmurot Niyozov davrida ildizi bilan yo’q qilingan nohukumat tashkilotlar qayta ish boshlamoqda. Ammo ular hukumat siyosatiga yon bosadi. Fuqaro jamiyati haqida gapirishga hali juda erta”.