Qadim va mushtarak tarixga ega Markaziy Osyo davlatlari turizmni rivojlantirishga bel bog’lagan bir paytda O’zbekistonga kirish-chiqish, mamlakat bo’ylab harakatlanish nazorat ostida.
Militsiya istagan odamni ko’chada sababsiz ushlab tekshirishi, boshqarmaga olib ketishi mumkin.
“Jurnalistlar, xalqaro nodavlat tashkilotlar vakillariga ko`p hollarda viza berilmaydi. O'zbekiston sababini ham ko`rsatmaydi”, - deydi inson huquqlari himoyachisi Surat Ikromov.
O`zbekistonga kirishga muvaffaq bo`lgan xorijlik jurnalistlar ta’biricha, diplomatik idoralarda jurnalistik faoliyat haqida gapirmagan ma`qul.
Surat Ikromovning aytishicha, mamlakatdan chiqishga harakat qilayotgan ayrim huquq himoyachilari, muxolifat a`zolariga munosabat o`zgarmagan.
“Hammasiga emas, ayrimlariga. Buning sababini ham tushuntirmaydi, chiqish vizasini bermaslikka harakat qilishadi”, - deydi u.
Ichki ishlar vazirligining fuqarolarni xorijga chiqarish bo`limi allaqachon tugatilishi kerak, deydi u.
“O`zbekistondan chiqish uchun viza olish kerak, ikki yilga beriladi. Bunday tizim sobiq ittifoq davlatlarining birortasida qolmagan, faqat O`zbekistonda. Ichki ishlar vazirligining OVIR degan bo`limi bor. Ular qog`ozini yopishtirib bersagina, ikki yilga chiqishga ruxsat bor”, - deydi Ikromov.
Mamlakatda pasport rejimi, har qadamdagi tekshiruvlardan jabr ko’rayotgan ham O`zbekiston fuqarolari.
Hech bir sababsiz Toshkent ko`chalari va metroda fuqaroni tekshirish kundalik hol.
Viloyatdan poytaxtga kelgan fuqaro yo`ldagi tekshiruvlardan tashqari, Toshkentda ham bir necha bor militsiya tekshiruvidan o`tishi mumkin.
“Militsiya tekshiradi, bojxona tekshiradi, hammasi tekshiradi. Bu fuqaroni kamsitish. Uning huquqi bor, u O`zbekiston fuqarosiman deb faxrlanishi kerak. Chegarada, mayli pasportni ko`rsatsin, lekin yo`ldagi hamma postda ko`rsatish mantiqsizlik. Bir kun o`g`limni metroda ushlashibdi. Yaxshiyam otasi yurist - borib gaplashib qo`ydim. Lekin qishloqdan kelayotganlarchi? Ularning pullarini ham olib qo`yishadi. Mardikorlar bor, o`zlari pul topaman deb keladi. Bu yerda esa “qaroqchilar”ning qo`liga tushadi”, - deydi advokat Rustam To`laganov.
“Pasport O`zbekiston Respublikasi mulkidir. Ushbu pasportning egasi O`zbekiston respublikasi himoyasidadir” deb yozilgan O`zbekiston fuqarosi pasportida.
Biroq o`zbekistonlik mardikorlar uchun Rossiya va Qozog`ison militsiyasi tazyiqlari bilan o`zbek militsiyasi tazyiqlari orasida farq katta emas.
Mardikorlardan birining aytishicha, ishsizlik odamni qishloqdan poytaxtga kelishga majburlaydi. Mardikorchilikdan boshqa imkoniyat yo`q. Pasport esa hech qanday himoya rolini o’tamaydi.
“O`zbekiston fuqarosi deb yozib qo`yibdi, biror joyga ishga kiraman desang, “propiska” deydi. Pasportda O`zbekiston fuqarosi deb yozilgan. U deydi, bu deydi, bilmadim, bu qachongacha davom etadi”, - deydi ish qidirayotgan O`zbekiston fuqarosi.
Sharhlovchilar nazarida fuqarolik tuyg`usi unga ko`rsatilgan hurmatga asoslanadi. Aholida davlat, jamiyatga nisbatan befarqlik kayfiyatining kuchayishi fuqarolik maqomi himoyasiz qolayotganiga ham bog`liq.