Obama Moskvada, aloqalarda yangi sahifa ochilmoqda

Barak Obama ayni damda Moskvada Rossiya rahbariyati bilan muloqot olib bormoqda. AQSh rahbari bu safari davomida nafaqat Kreml bilan til topishmoqchi balki Rossiya xalqi bilan yaqinlashmoqchi.

“Amerika Ovozi” ning prezident bilan sayohat qilayotgan muxbiri Pola Vulfsonning Moskvadan xabar berishicha bugungi muzokaralarda asosan strategik qurollar sonini cheklash haqida yangi bitim imzolashga kelishib olingan.

Dmitriy Medvedev bilan matbuot anjumani berar ekan, Obama “AQSh va Rossiya aloqalarida yangi sahifa ochamiz”,- dedi.

“Sovuq urush davriga xos illatlardan voz kechish kerak, bir-birimizga dushman sifatida qarashni bas qilaylik. Biz bunga tayyormiz, endi Kremldan ham shuni so’raymiz”,- dedi Obama.

Obama prezident Dmitriy Medvedev bilan til topishishiga ishonadi, ammo Bosh vazir Vladimir Putin bilan fikri bir joydan chiqmasligi mumkin ekanini qayd etadi. Obama fikricha Putin Amerikaga hamon sovetcha nuqtai-nazardan qaraydi.

AQSh prezidentining nufuzi Rossiyada boshqa davlatlarga qaraganda ancha past ekani ham ta’kidlanadi. Obamaning reytingi bu mamlakatda hozir 23 foizda turibdi.

Tahlilchi Andryu Kutchins nazarida Rossiya ommasi Obama va umuman Amerikaga ishonmaydi va rishtalarda samimiyat yetishmaydi.

Obama ikki xalq bir-biriga ishonmasligini biladi va oradagi siyosiy kelishmovchiliklar bir zumda barham topmasligini tushunadi. Bu davlatga nisbatan yangicha strategiya tuzilgan va maqsad Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilish, deydi u.

AQSh rahbari Moskvada faqat rasmiylar emas, fuqaro jamiyati a’zolari va muxolifat bilan ham gaplashishni rejalagan.

Sharhlovchi Sara Mendelson tahlilicha, Rossiyada jamoatchilik Obama haqida yaxshi bilmaydi, ularga bu borada xolis ma’lumot berilmaydi va shu bois Obamaning bu xalqqa bevosita murojaat qilishi juda muhim.

Aytish joiz Obama Rossiyaga butun oilasi bilan tashrif buyurgan. Rafiqasi Mishel va qizlari Maliya va Sasha qator madaniy tadbirlarda qatnashmoqda.