Tahlilchilar: Xonobod qayta ochiladi deyish uchun hozircha asos yo'q

So’nggi paytlarda AQSh rasmiylari O`zbekistonga tez-tez safar qilmoqda. Aloqalar iliqlashganday.

AQSh va Markaziy Osiyo o’rtasida bordi-keldi ko’paygani sari Kreml asabiylashmoqda.

Tahlilchilarning aytishicha Rossiya hukumati O`zbekistonda AQSh harbiy bazasi qayta ochilishi mumkinligidan hadikda.

Toshkent – Vashington orasidagi so’nggi kelishuvlar rus axborot vositalarida turli munozaralarga sabab bo’lmoqda, taxminlar bir dunyo.

Xonobod qayta ochilishi mumkin degan ma'lumotlarni AQSh Mudofaa vazirligi ham, Toshkentdagi elchixona ham rad etgan.

AQSh markaziy qo'mondonligi rahbari, general Deyvid Petreus yaqinda Toshkentda bo’lganida yangi bitim imzolangan va unga ko’ra Pentagon O`zbekiston harbiylari malakasini oshiradi.

Elchixonaning bildirishicha general Petreus tashrifi mobaynida harbiy baza haqida gap ketmagan.

General Petreus Toshkentda prezident Islom Karimov, Mudofaa vaziri Qobil Berdiyev bilan muloqot qilgan edi.

Elchixonaning bayon etishicha harbiy hamkorlik haqidagi yangi hujjat birgalikda o'quv mashg'ulotlari o`tkazishni nazarda tutadi.

Amerikalik ko'plab mutaxassislar va o'zbekistonlik siyosiy sharhlovchilar, jumladan Abduvali Soyibnazarov fikricha yangi bitim mazmuni matbuotda bo’rttirib yoritilmoqda.

“Harbiy hamkorlik haqidagi kelishuv muddatining bir yilga uzaytirilgani ham noto’g’ri talqin qilindi. Bu kelishuv harbiy baza ochish uchun asos bo'la olmaydi”, - deydi u.

O'zbekistonda AQSh harbiy bazasi qayta ochilishi mumkin degan gaplar, ayniqsa Rossiya Qirg’iziston janubida yangi baza oshishga qaror qilganidan keyin keng tarqala boshladi.

Rossiya harbiylari O'zbekiston chegarasi yaqinida, Botkentda joylashtirilishi kutilmoqda.

O`zbekiston bundan keskin norozi va chegarasi yaqinida rus qo'shinlari paydo bo'lsa, ekstremistik guruhlar faollashib, milllatlararo ziddiyat kuchayadi deya xavotirda.

Sharhlovchilar nazarida mintaqadagi geosiyosiy muvozanat o’zgarmoqda.

Qirg`iziston va Tojikistonda Rossiya harbiy ob'yektlari sonining oshishi, bu davlatlardagi strategik inshootlar nazorati Rossiya ixtiyoriga o`tishi O`zbekistonda tashvish uyg`otmoqda.

Toshkent, deydi tahlilchilar, muvozanatni tiklash uchun asosan Vashingtonga suyanmoqchi.

Islom Karimov general Petreusni qabul qilarkan, O`zbekiston AQSh bilan ko`p tomonlama hamkorlikka tayyor dedi.

AQSh davlat kotibi muovini Vilyam Berns iyul oyida Toshkentda bo'lganida hamkorlik yangilanmoqda va umidlar katta deya ta’kidlagan edi.

“Biroq har ikki tomon ham hali uzoq muddatli hamkorlik bo'yicha shubha va gumonlardan to'la qutulmagan. Demokraytiya bo'yicha AQSh pozitsiyasi bizga ayon”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Uning fikricha O’zbekistonda huquq ahvoli salbiy ekan, rishtalar chigal bo’lib qolaveradi. Buning ustiga, Karimov rahbariyati Vashington bilan islohotlar va erkinlik masalasi haqida gaplashmoqchi emas. O’zbekiston rasmiylari boshqa davlatlar, jumladan AQSh ichki masalalarga aralashmasligi kerak deydi.

AQSh-O`zbekiston aloqalarida Afg'oniston bo'yicha hamkorlik asosiy o'rinda turibdi. Mintaqani Afg'oniston bilan bog'lovchi transport yo'lagi O'zbekistondan o'tadi.

O'zbekiston Afg`onistonga noharbiy yuk o`tkazmoqda. AQSh Navoiydagi aeroportdan shu maqsadda foydalana boshlagan.

Harbiy yuk bo`yicha shartnoma esa Rossiya bilan imzolangan. Bu tranzit qay yo'nalishda amalga oshayotgani oshkor etilmasa-da, geosiyosiy munosabatlarda muhim sanaladi.

Abduvali Soyibnazarov fikricha AQSh Kreml ta`sirini inobatga olishga majbur.

“Qirg’izistondagi baza masalasida Rossiya O`zbekiston bilan muloqotga borishi mumkin. AQSh esa hozir mintaqada Rossiya bilan strategik raqobatga borishdan manfaatdor emas, chunki toliblar qarshligi juda kuchaygan”, - deydi sharhlovchi.

Qirg`iziston va Rossiya imzolagan memorandumga binoan shu yilning noyabr oyigacha harbiy qo'shinlar joylashish tartibi haqida bitim ma'qullanadi.