Diniy guruhlar qamoqxonalarda ham tarafdor orttirmoqda

Oltmishdan ziyod mamlakatda inqirozlarni o’rganuvchi tashkilot nazarida (International Crisis Group), Markaziy Osiyo hukumatlari diniy oqimlarni beshafqat ezayotgani, tinch namozxonlar va ekstremistik kayfiyatdagi guruhlarni bir-biridan ajratmay, ularga qarshi murosasiz kurash olib borayotgani mintaqada beqarorlikni avj oldirishi mumkin.

“Hizb-ut-Tahrir” singari diniy boshqaruvni olg’a surayotgan guruhlar Markaziy Osiyoda taqiqlangan, biroq faol. Ishsizlik va imkoniyatlar cheklangan bu jamiyatlarda uning tarafdorlari asosan yoshlar.

“Ularga o’qish va ishlash uchun sharoit yaratish, pul topishga yordam berish o’rniga bosimga zo’r berilayotgani achinarli va bir vaqtning o’zida xavfli holat”, - deydi tashkilotning Markaziy Osiyoga mas’ul rahbari Pol Kvin-Jaj.

Uning aytichicha, aqidaparast guruhlar qamoqxona va ahloq tuzatish koloniyalarida o’z mafkurasini yoyish, yangi a’zolar topish va safini kengaytirish bilan band. Tartib-qoidasi yo’q va korrupsiyaga botgan bu tizimda ish olib borish uncha qiyin emas, deydi u.

Bryusselda joylashgan Inqirozlarni o’rganish guruhi radikalizm oldini olish uchun ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish, yoshlar ta’lim olishi uchun sharoit yaratish, qamoqxonalardagi ahvolni yaxshilash va jamoatchilik bilan ish olib borish zarur deb hisoblaydi.