Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay toliblar bilan muloqot qilish niyatida. Xalqaro hamjamiyat buni ma’qullamoqda. Donor davlatlar bu maqsadda 140 million dollar ajratishga tayyor.
O’zbekistondan turib vaziyatni kuzatayotgan ziyolilar nazarida nafaqat toliblar, balki Afg'onistondagi barcha raqib kuchlar bir siyosiy davraga yig’ilishi kerak.
Ayrim xabarlrga ko'ra Loyi Jirg'a Afg'oniston konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kirtishni ham lozim topishi mumkin. Toliblarni muloqot boshlashdagi asosiy talabi konstitutsiyada o'zgartirish kiritish, xalqaro qo'shinlarni mamlakatdan chiqarish va Tolibonni siyosiy kuch sifatida tan olishdir. Biroz avval BMT Xavfsizlik Kengashi toliblarning bir necha yetakchilarini qora ro'yxatdan chiqargan edi.
Ba’zi ekspertlar fikricha muloqot qanchalik muhim bo'lmasin, u oson kechmaydi, chunki imkoniyatlar cheklangan.
“Tolibalrni tinch hayotga qaytarish oson bo'lmaydi. Bu mamlakat iqtisodi bilan ham bo'gliq. Bu mablag’' toliblarni tinch hayotga qaytarishga yetarli emas. Qolaversa, Londonda xalqaro konferensiya o’tar ekan, toliblar Afg'onistonda va Pokistonda bir nechta terror hujumlari sodir etdi. Xalqaro qo'shinlar mamlakatdan chiqarilmas ekan, toliblar muloqotga bormasligi mumkin”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.
Afg'onistonda tinchlik o'rnatish uchun toliblar bilan muloqot qilish Karzay hukumati tomonidan anchadan buyon olg’a surilayotgan tashabbus.
Afg'onistonning O'zbekistondagi elchisi Muhammad Iso Mesbah “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu zaruriyatni shunday izohlaydi:
“Toliblar ham Afg'oniston fuqarolari. Urush bilan hech narsaga erishib bo'lmaydi. Biz ularni sulhga chaqirmoqdamiz. Faqat bitta shartimiz bor, u ham bo'lsa mamlakatni asosiy qonuni bo'lgan konstitutsiyadagi barcha moddalarni to'liq tan olish”.
O'zbekiston hukumati Afg'onistondagi vaziyatdan xavotirda. Respublika qo’shni davlatdagi xalqaro kuchlarga noharbiy yuk yetkazishda asosiy transit yo’nalishi vazifasini o’tamoqda.
Londondagi xalqaro konferensiya arafasida mamlakat parlamentida chiqish qilgan prezident Islom Karimov xalqaro hamjamiyat Afg'onistondagi vaziyatni faqat harbiy yo'l bilan yechib bo’lmasligini anglab yetmoqda dedi. Karimov Afg'onistonga ko'proq iqtisodiy ko'mak ko'rsatish kerak degan fikrda.
O'zbekiston rahbari mojaroni siyosiy yo'l bilan hal etishga qaratilgan tashabbusini eslatmoqda. Karimov Afg'oniston qo'shnilari, AQSh, Rossiya va NATOni ichiga olgan 6+3 muloqot guruhini tuzish lozimligini ta'kidlab kelmoqda.
“O'zbekiston 6+3 guruhi doirasida Afg'onistonda yovlashayotgan ichki kuchlarning barchasini muzokaralar stoliga o'tqazish orqali muammoni yechish mumkinligiga e'tibor qaratmoqda. Bugun O'zbekiston ham, xalqaro jamoatchilikni boshqa a'zolari ham mo'tadil kuchlar bilan muzokara boshlashga moyil”, - deydi Abduvali Soyibnazarov.
O’zbekiston rasmiylari Londondagi xalqaro konferensiyada ishtirok etmagan. Bu degani, deydi ayrim ziyolilar, Karimov tashabbusi e’tiborsiz qolmoqda.
Lekin bu tashabbus AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbrukning shu oyda Toshkentda kutilyotgan safari chog'ida muhokamaga chiqadi.