Vashingtonda O’zbekiston bilan aloqalar haqida gap ketganda bugun asosan Shimoliy ta’minot tizimi va respublikaning Afg’oniston bobida berayotgan yordami tilga olinadi.
Lekin Amerika hukumati O’zbekistonning 6+3 tashabbusiga qiziqish bildirmayapti. Hozirgi munosabatlar rivoji bilan yaqindan tanish ekspertlarning aytishicha, Obama ma’muriyati Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash uchun o’z strategiyasiga ega va unga binoan ish tutadi.
Afg’onistonda tinchlikka erishish uchun 1990-yillar oxirida 6+2 muzokaralari olib borilgan. U paytda gap Afg’onistonning olti qo’shnisi - O’zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Pokiston, Eron va Xitoy hamda AQSh va Rossiya orasida ketgan bo’lsa, bugunga kelib Islom Karimov bu davraga NATO ni qo’shgan holda, muloqot olib borish kerak degan go’ya bilan chiqqan. Vashington faqat “rahmat’ deyish bilan cheklanmoqda xolos.
AQSh Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi (Pentagon) O’zbekiston bilan aloqalar jadallashmoqda, Karimov ma’muriyati bilan Afg’oniston va boshqa masalalarda muloqot davom etadi deb keladi.
Pentagonning Markaziy Osiyodagi hozirgi asosiy maqsadi - Afg’onistondagi xalqaro kuchlarga no-harbiy mahsulot vaqtida va muntazam yetib borishini ta’minlash.
Shimoliy Ta’minot Tizimi - avtomobil va temir yo’llarida yuk tashish loyihasi AQSh Markaziy Qo’mondonligi iznida. Latviya, Rossiya, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekistonga bu borada tayana boshlagan Amerika bugungi ta’minotdan mamnun, deydi bu tranzit yo’llarini izchil o’rganib chiqqan ekspert Endryu Kachins (Andrew Kuchins).
Turkmaniston bu tizimga qo'shilmagan, ammo Amerika uning hududidan yonilg'i olib o'tadi.
“Afg’onistonga shimoldan yuk olib kirish tizimi ish berayotganidan AQSh ancha yengil tortgan”, - deydi Kachins.
Yaqinda AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk regionga safar qilib, rahbarlar bilan uchrashgan. Ularga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirib, Obama ma'muriyati Markaziy Osiyo davlatlari bilan Afg'oniston tinchligi uchun birga ishlashga hozir ekanini aytgan.
“Qo’shinlar soni oshar ekan, ta’minot hajmi ham oshadi. No-harbiy yukning asosiy qismi hamon Pokiston orqali keladi, lekin bu notinch bir o’lka. Markaziy Osiyodan o’tadigan muqobil, xatarsiz yo’nalishlarning yana bir arzigulik jihati”, - deydi Endryu Kachins, “odatda bir-biri bilan ko’p masalalarda kelisha olmaydigan davlatlar hozir bu tizim orqali birga ishlashni o’rganmoqda. Yuk qo’lma-qo’l o’tib, afg’on zaminiga kirib bormoqda. Umid shuki, bu yo’llar kelajakda savdo yo’liga aylanadi. Ammo bu davlatlarning irodasiga bog’liq. Amerika uchun eng muhimi hozir Afg’onistonda tinchlik o’rnatish”.
Aytib o’tish joiz, Afg’onistonga qurol-yarog’, harbiy vositalar va qo’shinlar havo yo’llari orqali boradi.
Kachins, Vashingtondagi yetakchi tahlilchilardan biri sifatida, Obama ma’muriyatiga Afg’onistonning barcha qo’shnilari, xususan O’zbekiston bilan maslahatlashib ish yuritishni tavsiya qilgan.
Oq Uy, deydi u, amaldagi strategiyasida bunga yetarlicha e’tibor bermayapti. Afg’onistondagi muammolar Pokiston bilan chambarchas bog’liqligi uchun prezident Obama ko’proq bu davlatni tilga oladi.
“Afg’onistonni tiklashda, xalq xo’jaligini rivojlantirishda shimoldagi qo’shnilardan foydalanish kerak, hozirgi harakatlarni kuchaytirish kerak”, - deydi Endryu Kachins.
Xalqaro kuchlarga Markaziy Osiyodan mahsulot sotib olish masalasi muhokamada.
“Bu yo’lga qo’yilsa, Amerika regionga iqtisodiy yordam bergan bo’lardi”, - deydi Kachins.
Lekin, mutaxassisning tushuntirishicha, oldinda katta to’siqlar bor. Ulardan biri, masalan O’zbekiston yoki Qirg’izistonda ishlab chiqarilgan mahsulot Amerika talabiga javob bermasligi mumkin.
Qolaversa bu davlatlar mahsulotni tinimsiz, katta miqdorda ta’minlashga qodir emas. Mintaqa hukumatlari oshkoralikdan yiroq.
Tranzit mahalliy bizneslar uchun imkoniyatlar yaratishi mumkin, ammo shartnomalar hukumatga yaqin kompaniyalarga buyursa ajabmas.
Shimoliy Ta’minot Tizimini bir necha xususiy xalqaro kompaniya yuritadi. Yuk mamlakatma-mamlakat o’tar ekan, davlatlar boj va boshqa to’lovlardan daromad olmoqda.
Endryu Kachins Vashingtonda asoslangan Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar
Markazi ilmiy xodimi. Kachins va bu markazning yana bir vakili Tom
Sanderson O'zbekistonga safar qilib, hukumat a'zolari bilan yuzma-yuz
muloqotlar olib borgan. Xulosa shuki, deydi ular, Karimov ma'muriyati
AQShning yaqin ittifoqchisi bo'lishga tayyor, ammo bu hukumat o'z
shartlarini qo'ymoqda.
“O’zbekiston hozirgi yordami evaziga AQShdan sarmoya so’ramoqda”,- deydi Endryu Kachins.
“Shuningdek, respublika Afg’onistonga o’z mahsulotlarini ham olib kirmoqchi. O’zbekiston kompaniyalari Afg’onistonda yirik shartnomalar imzolashni, biznes qilishni istaydi. Temiryo’l va magistrallar qurishdan tortib, infratuzilmalar barpo etishgacha”,- deydi Endryu Kachins.
“O'zbekiston Vashingtonning biznes sherigi bo'lishni xohlaydi. Lekin eng og’ir masala shuki, u - korrupsiyaga botgan mamlakat. Xorijiy kompaniyalarning, xususan amerikaliklarning bunday muhitda faoliyat ko’rsatishi juda qiyin”, - deydi u.
Kachins ta'biricha Vashington Islom Karimovning 6+3 tashabbusini chetga surishi mumkin, ammo O’zbekistonning mintaqadagi eng yirik jamiyat ekaniga ko’z yuma olmaydi.
“Inson huquqlari va demokratik islohotlar bobida kelishmasa-da, regional xavfsizlik va barqarorlik yuzasidan hamkorlikni taraqqiy ettirish orqali Amerika o’z ta’siri va nufuzini oshirishi mumkin”, - deydi mutaxassis.
“Buning uchun AQSh respublika taraqqiyotiga hissa qo’shishi kerak. Iqtisodiy aloqalarni jonlantirib, ish o’rinlari yaratadigan, tirikchilikni osonlashtiradigan loyihalarni ishga solishi kerak”.