Immigratsiya islohoti Amerikada dolzarb mavzu

Immigratsiya islohoti Amerikada dolzarb mavzu

<!-- IMAGE -->

Mamlakatda yashayotgan 11-12 million hujjatsiz muhojir taqdirini qanday hal qilish azaliy muammo.

Prezident Obama amaldagi tartib-qoidalarni o'zgartirish vaqti yetgan deydi va qonunchilardan bu boradagi qonun loyihasini tezlashtirishni so'ramoqda.

Obamaning qayd etishicha, immigratsiya islohoti Amerikada juda murakkab, iqtisodiyotning har sohasiga aloqador masala. Demokratlar Kongressda ko'pchilik o'ringa ega bo'lsada, buni yakka eplay olmaydi.

Qonunchilik organida ko'rilayotgan taklif-loyihalar chegara nazoratini kuchaytirish va millionlab muhojirga muayyan shartlar asosida fuqarolik berishni nazarda tutadi.

Ammo, deydi qonunchilar, muxolifat, ya'ni respublikachilar yordamisiz bu masalada oldinga siljish juda qiyin.

Yaqinda AQShning Meksika bilan chegaradosh Arizona shtatida qabul qilingan qonun bahs-munozaralarni yanada avj oldirdi. Unga ko'ra, muhojirlar doimo o'zi bilan hujjat olib yurishi, politsiya istagan odamni tekshirishi, so'roq qilishi mumkin.

Prezident Obama qonunni chuqur o'ylanmagan va Amerika e'zozlaydigan tamoyillarga zid qaror deya qoralamoqda. "Bu mamlakatda odamlarni ko'rinishiga, kiyinishiga qarab ajratmaymiz", deydi u.

Ayrimlar nazarida, aksincha, Arizona kabi chegara shtatlarda boshqa chora yo'q - Meksikadan noqonuniy muhojirlar oqimi to'xtamayapti.

Buning oqibatida Amerikada ishsizlik, qoradori kontrabandasi, odam savdosi va turli jinoyatlar ko'paymoqda, deya bu shtatdagi yangi qonunni himoya qilayotganlar ham ko'p.