AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh rasmiysi Elis Uels (Alice Wells) bugungi kunda nafaqat O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg'oniston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Shri Lanka, Nepal, Butan va Maldiv orollari bilan aloqalarga bosh-qosh, balki Afg'onistondagi oxiri ko'rinmayotgan urushni yakunlash, bu mamlakatda tinchlikka erishish uchun ham mas'ul. Yaqinda u bilan suhbatda bo'ldik.
Your browser doesn’t support HTML5
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Uels xonim, erta tong biz bilan suhbatlashayotganingizdan juda xursandmiz.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Taklif uchun rahmat!
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz bilan gaplashishni ancha kutdik. Markaziy Osiyoga borib keldingiz. O’zbekistonda bo’ldingiz. Toshkentga tashrifingiz haqida, O’zbekistondagi islohotlar haqida suhbatlashsak.
Sizning kasbiy faoliyatingiz bilan ko’p yillardan beri tanishman. Professional diplomatsiz. Bir necha respublikachi va demokrat rahbarlar qo’lida ishlagansiz. Siz Markaziy Osiyo bilan necha yildan buyon shug’ullanib kelayotgan bo’lsangiz, men ham shu davr mobaynida mintaqani yoritib kelaman. Ikkimiz ham AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosiy tamoyillarini ko’p eshitganmiz, yaxshi bilamiz: suverenitetni himoya qilish, xavfsizlikni ta’minlash, demokratik islohotlar va iqtisodiy taraqqiyot targ’iboti… Donald Tramp prezidentlikka kelishi bilan nima yangilik qilindi, aynan bu mintaqaga nisbatan siyosatda?
Qo’shma Shtatlar nima taklif qilmoqda?
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Ikki omilni tilga olgan bo’lardim. Avvalo, siz haqsiz. 1991-yildan boshlaboq biz Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini himoya qilishimizni doimo aytib kelamiz. Hozirgi muhim yangiliklardan biri shuki, O’zbekistonda Prezident Mirziyoyev olg’a surgan tashabbuslar sabab, mintaqalararo hamkorlik real tarzda oldinga siljishi mumkin. Markaziy Osiyo davlatlari asl potensialini namoyon eta olishi uchun imkoniyatlar paydo bo’lmoqda. Iqtisod, tijorat, energetika, ekologiya sohalarida, qolaversa o’z iqtisodiy tizimlarini ko’tarish, shuningdek, qo’shni Afg’onistonda barqarorlikka erishish uchun o’z hissalarini qo’shish imkoniyati kengaymoqda. Prezident Mirziyoyev o’z davlatini ochar ekan, qo’shnilarga qo’l cho’zar ekan, chegara muammolarini hal etish yo’lida harakat qilar ekan, biz ham Markaziy Osiyoning yangi qirralarini kashf etayapmiz va yangicha hamkorlik haqida o’ylanayapmiz.
Ikkinchi yangilik prezidentimizning Janubiy Osiyo strategiyasidir. O’tgan yilning avgustida e’lon qilingan bu strategiya Afg’onistonda barqarorlik va xavfsizlik ta’minlanmaguncha, u yerni tark etmaymiz, degan va’daga asoslanadi. Bu O’zbekiston va Afg’onistonning boshqa qo’shnilari uchun juda muhim qaror. Biz chiqib ketish muddatini oldindan belgilamaymiz. Afg’onistonda hukumat va Tolibon orasida tinchlik yuzasidan siyosiy murosa qilinmaguncha, biz o’sha yerdamiz. Mintaqa rahbarlari bu qarorimizni olqishlamoqda. Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani mana shu e’londan keyin Toshkentga safar qildi. Qator bitimlar imzolandi. G’ani o’z davlatini Markaziy Osiyoning bir qismi, deya atadi. Biz mintaqadagi hozirgi manzaraga qarab, umidga to’lamiz. Chunki, u yerda nafaqat ikki tomonlama aloqalar jonlanmoqda, balki butun Markaziy Osiyoda o’ziga xos ochilishga guvohmiz. Bu degani xalqaro hamjamiyat ham unga yangi nazar bilan qaramoqda va bu holat Afg’onistonda tinchlikka erishish umidini ham kuchaytirgan.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Toshkent uchun mart oyida rejalangan Afg’oniston anjumani juda muhim.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Shunday.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bilamizki, qo’shni davlatlardan yuqori lavozimli rasmiylar, xususan tashqi ishlar vazirlari borishi kutilmoqda. AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson ham boradimi?
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Bizdan kim borishini hozircha ayta olmayman, aynan qay darajadagi rasmiy. Lekin gapingizga mutlaqo qo’shilaman: bu anjuman O’zbekiston uchun nihoyatda muhim. Bu davlat Afg’onistonda tinchlikka erishish yo’lida tarixiy rol o’ynab kelgan, mintaqada diplomatik kuchg a ega bo’lgan. Bu anjuman qaysidir jihatdan Toshkentning mana shu rolga qaytayotganini anglatadi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Toshkentning qaytishi.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: To’g’ri, Prezident Mirziyoyev xatti-harakati bilan mintaqaning roli ham oshmoqda. Kobulda yaqinda o’tadigan muzokara ko’p narsani hal qiladi. Afg’onlar o’zlari tinchlik istayotgani, o’z yechimlariga ega ekani, umuman maqsad tinchlik ekanini namoyon etuvchi tadbirlar. Undan keyin Toshkentda yig’ilish, mintaqadagi qudratli davlatlar va global yetakchilar bir davrada o’tirib, Afg’oniston tinchligi uchun o’z hissasini qo’shishga tayyor ekanini bayon etishi muhim voqea, albatta.
Biz uzoqdagi hamkormiz. Islohotlar va iqtisodiy taraqqiyotdan bevosita naf ko’rmasligimiz mumkin, lekin ezgu niyatli sherikmiz; o’zgarishlardan manfaatdormiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Lekin Afg’onistondagi bugungi xavotirli vaziyat o’zingizga ma’lum. Anjuman nimani o’zgartiradi? Birga gaplashib olasiz, ammo amalda nima o’zgaradi?
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Ishonch bilan aytamanki, bu anjuman Tolibonga muzokara uchun yo’l hamon ochiq ekanini ko’rsatadi. Bu o’ta ahamiyatli signal. Urush va qon to’kishni to’xtatib, tinchlikda yashashni istagan toliblar bilan gaplashishga shaymiz. Terrorizmdan qaytib, Afg’oniston bosh qomusiga bosh egib, ozchilikdagi elatlar va xotin-qizlarning huquqlarini hurmat qilgan holda kun kechirishga tayyor bo’lsa, murosa yo’llari bor. Men bu lavozimda sakkiz oydan beri o’tirgan bo’lsam, bir narsani aniq aytishim mumkin: mintaqadagi har bir davlat, Qo’shma Shtatlar va Afg’oniston faqat tinchlik va barqarorlik istaydi. Tinchlik muzokaralari ish bersin, deydi.
Kobulda 31-may kuni qilingan qaqshatqich xuruj, 27-yanvar kuni amalga oshirilgan hujum xalqaro hamjamiyatga tinchlikning dushmani aslida kim ekanini yaqqol ko’rsatdi. Bu – Tolibon. Biz shu bois butun e’tiborimizni mana shu yovuz kuchga qaratayapmiz. Lekin bilamizki, uning ichida qurol tashlashga rozi tomonlar bor. Shunday ekan, murosa umidi so’nmagan. Afg’on hukumati hamon toliblar bilan til topisha olishiga ishonadi. Tolibon esa buni tushunmayapti.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bosim, demak, Tolibonda.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Ha.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ko’p narsa kutilmoqda… Markaziy Osiyo ahli Afg’onistondagi vaziatdan xavotirda albatta. Lekin tinchlikka umid so’nmagan. Shu bilan birga ular AQSh bilan ikki tomonlama aloqalar mustahkam bo’lishini xohlaydi. AQSh ham hamisha shuni istashini qayd etib kelgan. Biroq Amerika Markaziy Osiyoni hali ham Afg’oniston soyasida ko’radi. Mintaqadagi faoliyati Afg’oniston bilan bog’liq. Markaziy Osiyo bilan ishingizning asosiy qismi qo’shni, notinch davlatga borib taqaladi.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Bu noto’g’ri talqin. Afg’oniston, shubhasiz, muhim. Biz uchun muhim. Bu – biz uchun eng uzun urush. O’zbekiston uchun ham muhim, chunki qo’shni. Bizning mintaqa bilan aloqalarimiz, unga nisbatan siyosatimiz hamisha o’zaro manfaatlarga asoslangan. Uni qanday shakllantirish, iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash, xalqlar bilan yaqinlashish, islohotlarni quvvatlash… Shular ustida bosh qotirib, ishlab kelganmiz. Mustaqillikning ilk yillarida, tabiiyki, yosh davlatlarga oyoqqa turib olishi uchun yordamlashganmiz. Oradan 27 yil o’tib, manzara boshqacha. Demokratik tizimlar taraqqiyoti haqida gap ketmoqda. O’zbekistonda, masalan, Prezident Mirziyoyev boshlagan islohotlar samara berishini istaymiz. Konvertatsiya ochilgani Amerika xususiy sektorida qiziqishni oshirdi. Xalqaro kompaniyalarimiz respublikada ishlashi uchun imkoniyat paydo bo’ldi. Hozirgi vazifa - biznes targ’iboti. O’zbekiston Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini quvvatlaymiz. O’zbekiston siyosiy tizimlari rivojlanishi, mustahkamlanishi uchun yordam berishni xohlaymiz.
Prezident Mirziyoyevning xalqqa to'rt soatlik murojaatini o’qib chiqdim. Prezident ko’plab sohalarda o’zgarishlar qilishni istaydi. Davlatni taraqqiy ettirish uchun o’z rejasiga ega. Bu bizga ma’qul. Xalqaro hamjamiyat ham azaliy orzulari ro’yobga chiqadi degan umidda. Uzoq yillar amalga oshmagan maqsadlar mana endi tatbiq qilinishi mumkin.
O’zbekiston mintaqada muhim rol o’ynaydi. Boy tarixi, boy tajribasiga asoslanib, ezgu ishlar qilishi mumkin. Biz u bilan yaqindan ishlashga bel bog’laganmiz. Har bir jabhada va nafaqat strategik muloqot asosida. Prezidentlarimiz dekabr oyida gaplashishdi. Mushtarak maqsadlar haqida fikr almashishdi. Mintaqa tashqi ishlar vazirlari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasi doirasida gaplashib oldi. Yanvar oyida Davlat kotibi o’rinbosari bilan muloqot kechdi. O’zbekiston va butun mintaqa bilan qator yo’nalishlarda yaqindan ishlab kelayapmiz va hamkorlik yangi pog’onaga ko’tarilishiga ishonamiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yangi imkoniyatlardan qanday foydalanmoqchisiz? Vashington O’zbekistonda o’zgarish bo’lsin va bu o’zgarishni o’zi xohlab qilsin, deb kelar edi.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: To’g’ri.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozir mana shu jarayon boshlangandek. Sizga ham shunday tuyulayaptimi?
Yangi O’zbekistonga yangicha ko’z bilan qarayapmiz.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Ha, shunday. Muhim bir gapni aytdingiz. Bu – O’zbekiston o’zi istab qilayotgan o’zgarish. O’zbekiston rejasi. Xalqaro hamjamiyat buyrug’i bilan qilmayapti. Biz katta qiziqish bilan kuzatayapmiz va quvvatlashni xohlaymiz. Yordamga shaymiz. Toshkentga borganimda, tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri, Afg’oniston bo’yicha maxsus vakil, senatorlar bilan uchrashganimda, shuningdek, fuqaro jamiyati va xalqaro tashkilotlarning vakillari bilan muloqotimda, hamma yangi imkoniyatlar haqida gapirdi. Maqsadlarni aniqlab olib, reja tuzilgach, ularni amalga oshirish kerak. Bu esa juda murakkab jarayon. Eng qiyin ish. Nafaqat AQSh, balki BMT, Jahon banki, Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va boshqa organlar Prezident Mirziyoyev va uning komandasiga ko’maklashishni istaydi. O’zbekiston ochilishini xohlaymiz.
Mahbuslarning ozod etilishi, majburiy mehnatga qarshi choralar, axborot maydonining ochila boshlagani, adliya tizimini isloh qilish borasida qadamlar… Bu o’zgarishlar biz uchun qiziq va ahamiyatli, ayniqsa Amerika bizneslari uchun. Ular O’zbekistonga azaldan qiziqqan lekin imkon topa olmagan. Shunday ekan, bugungi o’zgarishlar hammamizni sergak torttirib, ezgu ishlar qilishga chorlamoqda. Yangi O’zbekistonga yangicha ko’z bilan qarayapmiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O’zbekistondagi islohotlar rejasi bilan yaqindan tanishgan rasmiy sifatida, ular qayerga yetaklashini istaysiz? Bu savolni aslida Toshkentdagi siyosatdonlar bermoqda. Amerika nima istaydi, deb so’rashmoqda.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: O’zbekiston mintaqa va bugun dunyoga ochiq bo’lishini istaymiz. O’zbekiston uzoq yillar mobaynida buni istamadi. Mintaqaviy hamkorlik yo’lidan bormadi. Buni, nazarimda, tushunsa bo’lar edi. Chunki Sovet Ittifoqidan keyingi davrda mustaqillikni mustahkamlab olish uchun balki shunday qilishga haqqi bor edi, hatto energetika yoki suv masalasida hamkorlik yuzasidan ham. Hozirga kelib esa u yangi yo’ldan borishga qaror qildi. Bu birinchi navbatda O’zbekiston xalqi ravnaqi uchun xizmat qiladi. Sarmoyaga yo’l ochib, mamlakatni ham o’z qudrati, ham chet ellik hamkorlar yordami bilan rivojlantirish payti keldi. Mintaqaviy rolini oshirib, barqarorlik va farovonlik uchun ko’proq hissa qo’shadi oladi. Prezident Mirziyoyev qo’shnilar bilan hamkorlikni oshirishga intilayotgani, chegaraviy ziddiyatlarni yecha boshlagani, havo aloqalari va boshqa jabhalarda birga ishlashga harakat qilayotgani hamma uchun xush xabar. Nafaqat biznes, balki mintaqaviy xavfsizlik bobida ham.
O’zbekiston mintaqa va bugun dunyoga ochiq bo’lishini istaymiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biroq mintaqada AQSh kuzatuvchi xolos, faol ishtirokchi emas, deydiganlar ko’p. Rossiya iqtisodiy va siyosiy ta’sir vositalariga ega. Xitoy milliardlab dollar sarmoya olib kirmoqda va bu investitsiya siyosiy ta’sir vositasiga ham aylanishi mumkin. Qo’shma Shtatlar nima taklif qilmoqda? Aholi hayotiga, real tarzda, qanday ta’sir qila oladi?
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: To’g’ri, boshqalar singari siz bilan, mintaqa bilan chegaradosh emasmiz. Hududingizga ular singari qiziqmaymiz. Ta’sir o’tkazishni ham istamaymiz. Niyatimiz O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari erkin, suveren, hudidiy jihatdan yaxlit davlatlar bo’lib qolsin. O’zbekiston ham shunday manfaatdor, to’g’rimi? AQSh bilan hamkorlik O’zbekistonni boshqalar bilan hamkorlik qilishdan to’xtatmasin. O’zbekiston ko’p-yo’nalishli tashqi siyosat olib borishni xohlaydi. Qo’shnilar bilan, shuningdek, boshqalar bilan. Biz buni juda yaxshi tushunamiz.
Biz uzoqdagi hamkormiz. Islohotlar va iqtisodiy taraqqiyotdan bevosita naf ko’rmasligimiz mumkin, lekin ezgu niyatli sherikmiz; o’zgarishlardan manfaatdormiz. Amerika mintaqada faol emas, deyish asosli tahlil emas. Amerika qatnashgan eng uzoq urush axir dunoyning shu qismida. Qancha odamlarimizni boy berdik, moddiy zarar ko’rdik. Oxirgi 4-5 prezidentimizning diqqat markazida turgan mintaqa bu. Markaziy Osiyo biz uchun muhim va bu e’tibor o’zgarmas. Prezidentlar aloqada. Tashqi ishlar vazirlarimiz aloqada. O’zbekiston ham mintaqadagi muhim davlat sifatida bizning e’tiborimizda. Markaziy Osiyo bilan rishtalarimizda, mintaqa istiqbolida uning o’rni beqiyos.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Tramp ma’muriyati noodatiy harakatlari bilan tanilgan. Mintaqaga nisbatan ham shunday harakatlar qiladi deb kutaylikmi?
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: (Kuladi) Menimcha, Markaziy Osiyodagi manfaatlarimiz o’zgarmas va o’sha-os’ha. Tinchlik va barqarorlik, birinchi o’rinda. Hamkorlikning yangi yo’llari ustida bosh qotiraveramiz. Yaqinlik har tomonlama foyda. Yangi bir davrdamiz. Ijtimoiy tarmoqlar hukmron bir asrda. Buning esa ijobiy va salbiy jihatari borligini ham anglab yetganmiz. Odamlar bir-biri bilan doimiy aloqada. Qo’rqinchli tarafi shuki, bu aloqadan yovuz kuchlar qon to’kish uchun foydalanmoqda. Ekstremizm va shafqatsizlik urug’ini sochmoqda. Yoshlarni ovlamoqda, xususan Markaziy Osiyo yoshlarini ham. Bu baloga qarshi birga kurashishimiz kerak. Kurashayapmiz ham. Oldimizdan misli ko’rilmagan muammolar chiqmoqda. Ularni bartaraf etish uchun hamkorlik zarur. Davlatlar oldida cheksiz jumboqlar. Birga ishlashimiz kerak.
Markaziy Osiyodagi manfaatlarimiz o’zgarmas va o’sha-os’ha.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shu mavzuda… Pokiston bilan aloqalaringiz sovuqlashgan. Vashingtonda bu borada gap ketganda, Afg’onistonga zarur yuk yetkazish uchun Markaziy Osiyo muqobil yo’l sifatida ko’riladi. Mintaqa orqali Shimoliy Ta’minot Tizimi hamon ishlab turibdi. Yangi kelishuvlar kutish uchun asos bormi? Chunki bu siz uchun muhim.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Savdo va transport aloqalariga hamisha jiddiy qaraymiz. Mintaqadagi mamlakatlar bilan shu sohada ishlashni xohlaymiz. Lekin Pokiston haqida gap ketar ekan, bir narsani qayd etmoqchiman: Pokiston Afg’onistondagi muammoni hal etishda muhim rol o’ynaydi. Janubiy Osiyoga nisbatan strategiyamizga asosan Pokiston bilan til topishishni xohlaymiz. Bundan u ham, biz ham manfaatdormiz. Tolibon bilan muzokara qilib, murosa yo’lini topishda Pokiston bizga kerak, biz esa unga. Shu bois Amerika Pokiston bilan aloqani uzadi, deb o’ylash xato bo’ladi. Aksincha, biz ekstremizmga qarshi kurashda Pokistonga sherik bo’lishni xohlaymiz.
Markaziy Osiyo va mintaqa rahbarlari hamisha qonli ekstremizmga qarshi turgan. Terrorist tashkilotlar ildiz otmasligi uchun harakat qilgan. Biz ham bundan manfaatdormiz va muammoga qarshi kurashda hamkormiz. “Islomiy davlat”ni Iroq va Suriyada yengar ekanmiz, bu yovuz kuch boshqa joylarga ko’chmasin, deymiz. Hushyor turishimiz kerak. Ma’lumot almashish, huquq-tartibot organlari orasidagi hamkorlik muhim. Eng muhimi, muammo ortidagi omillarga nisbatan chora ko’rish. Nima uchun yoshlar ularga qo’shilmoqda? Shu masala ustida birga ishlash kerak.
Bu - biz uchun, butun global hamjamiyat uchun katta ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoning besh davlati bilan bu borada loyihalarimiz bor. Terrorizm va qonli ekstremizmga qarshi hamkorlik biz uchun ustuvor vazifa.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Manfaatlar haqida gapirayapsiz. Qirg’iziston bilan hamkorlik Rossiya ta’siri ostida chilparchin bo’ldi. Siz Rossiya bo’yicha mutaxassissiz. Ko’p ishlagansiz bu davlat bilan. Mintaqada o’z manfaatlaringizni himoya qilish uchun qanday kuch va vositalarga egasiz?
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Qirg’izistonda AQSh hamisha bu davlat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi uch un harakat qilgan. Demokratik taraqqiyot, fuqaro jamiyati, matbuot erkinligini targ’ib qilganmiz. Hammamiz tan olamiz: Qirg’iziston demokratik jihatdan ancha ildamladi. O’z siyosiy evolyutsiyasini boshdan kechirdi va kechirmoqda. Manasda havo bazamiz bor edi. U Shimoliy Ta’minot Tizimida muhim hissa qo’shgan. Lekin usiz ham Qirg’iziston bizga muhim va mintaqada o’z o’rni bor.
Energetika sohasida, masalan, besh davlat birga ishlamasa, muammolarni hal etish qiyin. Biz bu borada yordam berishni istaymiz. O’zbekiston ham Qirg’iziston bilan yaqindan ishlashga intilmoqda, chunki chegara osha tijorat va xavfsizlik muhim. O’zbek anklavlari bor. Qo’shnichilik aloqalarini taraqqiy ettirishdan hamma manfaatdor. Biz mana shu jarayonlarda yordamlashmoqchimiz. Hissa qo’shmoqchimiz. Boya aytganimdek, biz uzoqdagi ishonchli hamkormiz, qo’shni emasmiz.
Mintaqada o’z manfaatlaringizni himoya qilish uchun qanday kuch va vositalarga egasiz?
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, AQSh o’ziga xos bir sherik.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Shunday.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashington o’zini shunday ko’radi. O’zbekistonga qaytsak, AQShga buyuk umidlar bog’langan. O’zingiz ham ular haqida eshitgandirsiz borganingizda. Elchi Pamela Spratlen hukumat va nohukumat sektor bilan muloqotda. Mamlakatning bugungi tutgan yo’li, belgilagan maqsadlariga qarab, u bilan ishlashning yangi yo’llari haqida o’ylayapsizmi? Oldin bunday imkoniyat va vaziyat bo’lmagan axir. Bu o’ziga xos ochilish, to’g’rimi?
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: To’g’ri. Iqtisodiy sohada yangi imkoniyatlar ochamiz, deb o’ylayapmiz. Amerika kompaniyalari juda qiziqib qolgan, ayniqsa konvertatsiya ochilgach.
Bu qiziqish kengayaveradi. Yangiliklar kutsak, arziydi. Men uchun yana bir yo’nalish juda qiziq: ikki xalq bir-birini yaqindan tanishi, tushunishi, bir-biridan o’rganishi uchun yo’lni katta ochish. Biznes sohasida, ta’lim sohasida, malaka oshirish, nohukumat tashkilotlarni rivojlantirish. Talaba va professionallar uchun imkoniyatlarni kengaytirish. Hukumatlarimiz orasidagi aloqa boshqa narsa, xalqlarimiz orasidagi rishtalar boshqa narsa. Biz O’zbekiston bilan rasmiy hamkorlikka urg’u berib kelganmiz, lekin norasmiy, madaniy va ijtimoiy aloqalarni ham rivojlantirish kerak. O’zaro manfaatlar, o’zaro ishonchga asoslangan rishtalar haqida gapirayapman. Samara tomon harakat qilish kerak. Bu qiyin, vaqt zarur. Men davlatlarimiz orasida insoniy qadriyatlarga asoslangan hamkorlik bo’lishini xohlayman. Bu borada bizni hali ko’p ishlar kutmoqda.
O’zaro manfaatlar, o’zaro ishonchga asoslangan rishtalar...
Toshkentda Milliy kutubxonaga bordim. Ingliz tili darslarini ko’rdim. Ularga homiylik qilamiz. Talabalarni ko’rib, lol qoldim. Ajoyib o’quvchilar, O’zbekistonning mag’rur fuqarolari lekin global hamjamiyatning bir qismi ekanini biladi. Har ikki jamiyatda yangi avlod bir-birini tanishi muhim.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Buni eshitgach muxlislarimizdan Amerikada o’qish uchun yangi dasturlar ishga tushadimi, oldin yopilganlari qayta ochiladimi, degan savollar yog’ilsa, ajabmas. AQShda o’qishga qiziqish juda katta.
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Amerika elchixonasining jamoatchilik bilan ishlaydigan bo’limiga murojaat qilaverishsin, ta'lim borasida maslahatxona bor. Biz ayrim dasturlarni qayta tiklashni istaymiz. Yangilarini ochishni xohlaymiz. Birgalikda yangicha loyihalar boshlasak, deymiz. Turli soha egalarini Amerikaga olib kelib, ularni bizning tizim va jamiyat bilan yaqindan tanishtiradigan programmalar bor. Yutuq va kamchiliklarni birdek ko’rasiz. Diplomatiyaning kuchi ham shunda: o’zaro tushuncha hosil qilish, bir-birimizni tushuna olish. Jamiyatlarimizni o’rgansak, talabalarmi, diplomatlarmi, ishbilarmonlar va boshqalar, yangi g’oya va takliflar paydo bo’ladi. Birga ezgu ishlar qila olamiz.
Bugun qiziqish va ishtiyoq yanada kuchaygan. O’zbekistonga nisbatan, ayniqsa. Nima qilamiz? Nima qila olamiz? Shu borada bosh qotirayapmiz. Davlat departamenti yangi imkoniyatlar ko’rmoqda. Kelasi bir yil ichida ularni ishga solishga bel bog’laganmiz. Toshkent - yaxshi sherik.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O’zbekiston, xususan prezident o’zini sinab ko’rayotgandek. Siz ham o’zingizni O’zbekistonga nisbatan sinayapsizmi?
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Mm-hmm. Xuddi shunday. Bilasizmi, islohot qilish juda murakkab ish. Prezident Mirziyoyev oldiga qo’ygan maqsadlar buyuk va shu sabab ham nihoyatda qiyin. Nafaqat tizim balki mentalitet o’zgarishi kerak. Yondashuvni o’zgartirishni talab qiladi. Lekin buning uchujn xohish bor. Iroda bor. Xalqaro hamjamiyatda ham buni qo’llash uchun istak va iroda yetarli, nazarimda. Jahon banki, BMT, hamma yordamga shay. Bu – O’zbekiston rejasi, uning uchun eksperiment, lekin biz sherikmiz va do’stmiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Suhbat uchun rahmat!
Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Sizga rahmat!