Payshanba kuni AQSh va Xitoy prezidentlari mart oyidan beri ilk bor muloqot qildi. Suhbat, asosan, ikki davlat o’rtasidagi bugungi aloqalar va Tayvan oroli haqida ketdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Pekin AQSh Kongressi Vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosining Tayvanga rejalanayotgan safariga keskin e’tiroz bildirarkan, Pelosi fikridan qaytmasa, Xitoy qattiq chora ko’rilishi haqida ogohlantirmoqda.
“Ikki rahbar Rossiyaning Ukrainadagi urushi va mojaroning dunyoga ta’siri haqida, Tayvan haqida gaplashishdi. Prezident Bayden AQShning “bir Xitoy” siyosatida o’zgarish yo’qligini, Qo’shma Shtatlar Tayvan bo’g’ozi uzra tinchlik va barqarorlikni yemiruvchi bir tomonlama harakatlarga qarshi ekanini aytdi”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.
Baydenning Si Zinpin bilan suhbatidan so’ng ikki davlat o’rtasidagi ziddiyat yumshadimi, yo’q, Oq uy rasmiylari ma’lumot bergani yo’q.
“Vashington ham, Pekin ham o’z bayonotlarida bunday uchrashuvlarda doim faqat o’zlari aytgan gaplarni ta’riflab berishadi, qarshi tomon gaplarini emas, axir aynan shunisi muhimroq”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazi eksperti Robert Deyli.
Pekinning ehtimoliy hujumidan xavotirlanayotgan Tayvan shu hafta harbiy mashqlar o’tkazdi. Xitoy orolni o’zining ajralmas hududi deb biladi. Pelosi Tayvanga safarini hozircha rasman tasdiqlagani yo’q.
“Tayvanni qo’llab-quvvatlashimizni ko’rsatishimiz muhim deb o’ylayman. AQShda hech kim Tayvan mustaqilligini targ’ib qilayotgani yo’q. Buni tayvanliklarning o’zi hal qilishi kerak”, - dedi rasmiy.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Si Zinpin Baydenga “kimki olov bilan o’ynashsa, o’sha olovdan o’zi kuyadi” deb aytgan.
“Agar Qo’shma Shtatlar Xitoyga bosimni kuchaytirsa va sabrimizni sinasa, buning shubhasiz qattiq oqibatlari bilan yuzlashadi va ularga javobgar bo’ladi”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Litzyan.
Xitoyda 1927-yildan 1937-yilga qadar davom etgan fuqarolar urushi Ikkinchi jahon urushidan so’ng davom etib, 1949-yilda kommunistik kuchlar g’alabasi bilan yakunlandi va Xitoy Xalq Respublikasining tashkil etilishiga olib keldi.
Xitoy Respublikasi deb rasman nomlanuvchi Tayvanni avvaliga Xitoy sifatida tan olgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1971-yilda siyosatini o’zgartirib, Xitoy Xalq Respublikasini Xitoyning BMTdagi yagona vakili degan rezolyutsiya qabul qildi.
Pekin Taybeyni o’z hududi deb biladi va xorijiy siyosatchilarning uning ruxsati va xabarisiz Tayvanga tashriflarini orolga mustaqil davlat maqomini berish harakati deya baholaydi.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Xitoy hukumati Tayvanni harbiy kuch bilan ishg’ol qilib, o’z tarkibiga majburan qo’shishga hozirlanmoqda.
Xitoy, shuningdek, Amerikada chiplarni ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishga qaratilgan qonun loyihasining AQSh Vakillar palatasida qabul qilinganini tanqid qildi. Hujjat Amerikaning bu boradagi raqobatbardoshligini kuchaytirish uchun yarimo’tkazgichlar ishlab chiqarish va ilmiy tadqiqotlar uchun pul ajratishni ko’zda tutadi. Amerikalik qonunchilar loyihaning bu sanoatda yetakchi bo’lgan Xitoyga qarshi qaratilganini aytadi.
Ikki rahbar koronavirusga qarshi kurash, global ta’minot zanjirlari butunligini va dunyo bo’ylab oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash haqida ham gaplashgani aytiladi.
Bu Baydenning prezidentlikka kelganidan beri Si Zinpin bilan beshinchi muloqoti bo’ldi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida qatnashish uchun Toshkentga borgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Rossiya Tayvan masalasida “umumiy Xitoy” siyosatini qo’llab-quvvatlaydi.
"Biz uchun masala ravshan. Bizning yagona Xitoy haqidagi pozitsiyamizda o’zgarish yo’q. AQSh ham ba’zan shunday siyosatni og’zaki ta’kidlab turadi, ammo amalda siyosati doim ham bayonotlariga mos kelmaydi”, - dedi Lavrov.
Taybey aholisi Pelosining tashrifi atrofidagi mashmashaga turlicha yondashmoqda.
"Xitoy va Tayvan mavzusi ichki ishimizdir. Xorijiy kuchlar bunga aralashmasligi kerak. Tayvan bo’g’ozining har ikki tarafidagi tomonlar o’zaro kelishgani yaxshi”, - deydi bir tayvanlik.
"Birovdan qo’rqadigan joyimiz yo’q. Agar bizga hujum qilishsa, jim o’tirmaymiz. Biz ham Ukraina kabi. Yaxlit mamlakatmiz. Siyosatimizga aralashishsa, qarshilik ko’rsatamiz, mamlakatimizni mudofaa qilamiz”, - deydi yana biri.
"Pelosi Tayvanga keladi deb o’ylamayman. Harholda hozir emas. Axir Bayden uning xo’jayini. Bu xo’jayin boshqa katta xo’jayin bilan uchrashgan. Pelosi balki boshqa safar kelar”, - deydi 29 yashar taybeylik.