Turkmanistonda repressiya yana bir jurnalistni hayotdan olib ketdi

  • Amerika Ovozi

Turkmanistonlik faol Xudoyberdi Allashov asosan jurnalist sifatida tanilgan edi edi

Turkman jurnalisti Xudoyberdi Allashov elektr shokiga solingan. 74 kun mobaynida qiynoqqa tutilgan. U qamoqdan "endi jurnalistlik qilmayman" degan va'da bilan ozod etilgan. Jarohatlar va tinimsiz tazyiq uni hayotdan olib ketdi, deydi hamkasblar.

Turkmanistonlik faol Xudoyberdi Allashov asosan jurnalist sifatida tanilib, shu faoliyati uchun nishonga olingan edi. U yaqinda, 35 yoshida jon berdi va bunda safdoshlari hukumat va "zolim tizim"ni ayblamoqda.

O'lim tasdiqnomasida biror sabab ko'rsatilmagan. Ammo, deydi masala bilan tanish jurnalistlar va huquq himoyachilari, Allashov 8 yildan beri tinimsiz bosim va qiynoqlar ostida edi.

“Haqiqat va adolat uchun kurashgan insonga hech kim yordam bera olmadi. Uning zarur muolaja olishi uchun sharoit yaratilmadi", - deydi Farid Tuhbatullin, xorijda asoslangan Inson huquqlari uchun Turkman tashabbusi yetakchisi.

Turkmaniston - dunyoning eng yopiq tuzum va jamiyatlaridan biri. Media mutlaq nazorat ostida. Hukumatga biror jihatdan qarshi chiqqan shaxs jinoiy harakatda ayblanib, hatto sudlanmay ham uzoq muddatga zindonband qilinishi uchun yo bedarak yo'qolishi mumkin.

Allashov 2016-yilda "Ozodlik" radiosiga ishlagani uchun hibsga olingan. Uch oy panjara ortida o'tirib chiqqanida unga og'ir muammolarni yoritmaslik sharti qo'yilgan, ya'ni oziq-ovqat taqchilligi, maoshlarning vaqtida berilmasligi, majburiy mehnat va boshqa masalalarni ko'tarmaslik.

“Bularni mahalliy media aslo olib chiqolmaydi, man etilgan”, - deydi Tuhbatullin.

“Muammo degan so'zni ishlatishning o'zi ayb", - deydi faol. U ham bir paytlar qamalib chiqib, keyinroq mamlakatni tark etgan.

Allashov, uning onasi va rafiqasi tamaki chaynagani uchun hisbga olingan. Buning uchun qonunan jarima solinishi kerak, ammo bu oila katta jinoyat qilgan odamlardek sudlangan, deydi hamkasblar.

Allashov elektr shokiga solingan. 74 kun mobaynida qiynoqqa tutilgan. Organlarning maqsadi uni jurnalistikadan tamoman uzoqlashtirish bo'lgan, deya bildirgan "Ozodlik" radiosi. U qamoqdan "endi jurnalistlik qilmayman" degan va'da bilan ozod etilgan.

Biroq bosimlar to'xtamadi. 2019, 2020 va 2023-yillarda uni yana so'roqqa tutishgan, organlar unga noinsoniy munosabatda bo'lgan, xo'rlashgan, deydi uni qutqarishga uringan jurnalistlar va faollar.

“Hukumat unga hech tinchlik bermadi”, - deydi Farrux Yusupov, "Ozodlik" radiosida Turkman xizmati rahbari.

"Uni go'rgacha olib borishga qaror qilishdi va shunga erishishdi".

Ikki farzandli Allashov jarohatlar natijasida og'ir xastalanib, xorijdan muolaja izladi, ammo ruxsat berishmadi.

"Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti Turkmanistonni shafqatsiz diktatura deb ko'radi. Uning tahlilicha, respublikada matbuot xodimlari tinimsiz zulm ostida va shunga qaramay hamon jurnalistikadan ketmayotganlar bor. Ularning boshiga Allashovning kuni tushmasligini ta'minlash kerak.

Matbuot erkinligi bo'yicha xalqaro reytingda Turkmaniston 180 davlat orasida 175-o'rinda.

Jurnalist Ogulsapar Muradova Turkmanistonda 2006-yilda panjara ortida jon bergan

2006-yilda muxbir Ogulsapar Muradova qamoqda o'lgan. BMT uning jon berishida Turkmaniston hukumatini ayblab chiqqan.

2013-yilda yana bir muxbir, Rovshen Yazmuhamedov qamoqqa olingan.

O'tgan yili jurnalist Soltan Achilova politsiya tomonidan do'pposlangan va mamlakatdan chiqishiga yo'l berilmagan.

Jiddiy materiallar tayyorlaydiganlar taxallus bilan ishlaydi va yashirinishga majbur.

Turkmaniston hukumati ularning yaqinlariga bosim ko'rsatadi.

Allashovning onasi uch oylik qamoq asoratlaridan vafot etgan.

Yazmuhamedovning onasi chet elga borish huquqidan mahrum qilingan.

Xorijga qo'ymaslik, erkinlikni cheklash - jurnalist va blogerlar hamda ularning yaqinlari boshiga tushadigan doimiy muammolar, deydi Tuhbatullin.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi, "Chegara bilmas muxbirlar", "Ozodlik" radiosi, Inson huquqlari bo'yicha Turkman tashabbusi kabi tashkilotlar Ashgabatga murojaat qilib, Turkmaniston hukumatining tegishli idoralari bilan gaplashishga, ma'lumot olishga urinadi, ammo samarasiz.