Misr qurolli kuchlari davlat va xalqqa sodiqligini bayon qilib, hech bir fuqaro o'qqa olinmaydi deya va'da bergan.
Lekin hukumatga qarshi namoyishlar avj olib, prezident Husni Muborak tarafdorlari bilan to'qnashuvlar kuzatilar ekan, armiya qo'mondonlari xaloyiqni tarqatib yuborishga urinmoqda.
Zo'ravonliklarning oldini olish uchun ko'zni yoshlantiruvchi gaz qo'llanmoqda.
Qo'shma Shtatlar, Misrning eng yirik ittifoqchisi, Husni Muborak saylovda boshqa nomzodini qo'ymaslikka qaror qilganidan mamnun. Uning prezidentlikdan ketishiga chaqirmagan.
Vashington Qohiraga maxsus vakili Frank Visnerni yuborgan. Keksa diplomat, Misrdagi sobiq elchi prezident Muborak bilan uchrashgan. Ayrim manbalarga ko’ra, AQSh vakili Muborakka hokimiyatdan ketish eng ma’qul yo’l deya maslahat bergan.
Kongressda "Muborak ketishi kerak" degan fikrlar yangramoqda.Namoyishlarda shu kungacha, BMT hisobicha qariyb 300 kishi halok bo'lgan.
AQSh va Misr harbiylari azaldan yaqin hamkorlik qilib kelgan.
Namoyishlar boshlanayotgan damlarda Misrning ikkinchi raqamli qo’mondoni, general Sami Anan Vashingtonda edi.
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi unga ishonch bildirib, “Misr armiyasi fuqaro huquqlarini hurmat qilib, namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatmayotgani maqsadga muvofiq” degan.
AQShning iste’fodagi generali Jim Dubik fikricha, Vashington uchun bu arab davlati harbiylari bilan yaqin aloqada turish faqat foyda keltiradi.
Qurolli kuchlar fuqaro nazorati ostida bo’lgani ma’qul, armiya o’zboshimchalik qilmasligi uchun bu juda muhim, deydi keksa harbiy.
http://www.youtube.com/embed/iyoEN2-HyTg
Misr armiyasi xalqning namoyish qilishga haqqi bor deb unga qarshi qurol ko’tarmagani tahsinga sazovor, deydi general Dubik, yakkahokimlik chuqur ildiz otgan jamiyatlarda odatda buni ko’rmaysiz.
“Harbiylar uchun davlat rahbari buyrug’iga bo’ysunmaslik juda qiyin narsa”, - deydi general.
“Bunday vaziyatga tushishni hech bir askar xohlamaydi. Qaysi yo’ldan bormasin, xavfli qaror qabul qilishga majbur”.
Yaqin tarixda bu kabi qaltis hollarga ko’p bor guvoh bo’lganmiz. Masalan, 1986 yilda Filippinda inqilobga yetaklagan namoyishlarda qurolli kuchlar odamlarga qarata o’t ochishdan bosh tortgan.
O’tgan oy Tunisda ham shunday bo’ldi. Lekin 1989 yilda Xitoyning Tiananmen maydonida asosan talabalardan iborat namoyishchilar yoppasiga otib tashlagan.
“Misr armiyasi xalq irodasiga qarshi ish tutishiga ishonmayman”, - deya mulohaza bildiradi Tavfiq Hamid, bir paytlar Misr qurolli kuchlari safida xizmat qilgan mutaxassis.
“Ular uchun Husni Muborak, ya’ni bir kishiga qarshi chiqish osonroq. Bunda ular qahramon sifatida qabul qilinadi”,- deydi u.
Tavfiq Hamidning aytishicha, Misrda omma ichki ishlar xodimlari va armiyaga nisbatan turlicha fikrda.
Politsiya xalqning kundalik hayotiga aralashadigan zo’ravon organ deb qaralsa, armiya mamlakat tinchligini saqlaydigan, uni tashqi xavfdan himoya qilib kelayotgan kuch deb ko’riladi.
Askarlar orasida hukumatdan norozilar juda ko’p, deydi u.
"Chunki ular oddiy xalq orasidan chiqqan. Odamlar naqadar qiynalib yashayotganini ko’rgan, ishsizlik, korrupsiya va huquqbuzarlik hollarini boshdan kechirgan”.
Tavfiq Hamid deydiki, Amerika Misrda endi kim hukumatga keladi deb xavotirlanmasligi kerak. Mamlakatda erkin fikrlaydigan, zamonaviy dunyoqarashdagi, o’qimishli va layoqatli insonlar juda ko’p, deydi ekspert.
http://www.youtube.com/embed/o4zqIhGma-8
AQSh, uning fikricha, fursatdan foydalanib Misr xalqiga yaqindan quloq tutishi, uning dardini tushunishini isbotlashi lozim.
“Agar Amerika Misr armiyasiga “biz siz bilanmiz, Misr kelajagini o’ylab qaror qabul qilavering” desa, armiya bir zumda Muborakni ag’darishi mumkin”,- deydi Tavfiq Hamid.
Vashington Misrga har yili 1,5 milliard dollar miqdorida yordam beradi. Bu mablag’ iqtisodiy, ijtimoiy va harbiy taraqqiyot uchun ko’zlangan.
Muborak nuqtidan bir necha daqiqa o'tib, AQSh prezidenti Barak Obama ham bayonot berib, Misrda siyosiy o'zgarishlarga chaqirdi.
"Xalqqa quloq tuting, uning dardini tinglang",- dedi u.
Prezident Obama fikricha buyuk bir mamlakat o'zi uchun yangi bir sahifa ochmoqchi.
"Misr ahli umumbashariy huquqlarga ega: erkin uyushish, erkin so'z va fikr, o'z kelajagini belgilash. Bular har bir insonning uzviy huquqlari. Qo'shma Shtatlar mana shu erkinliklar tarafdori".
"Biz sizning dardingizni eshitdik. Ayniqsa yoshlar nima istayotgani bizga ma'lum. Siz o'z kelajagingizni hal qila olishingizga ishonamiz",- deydi Obama, Misr ko'chalarida namoyish qilayotgan millionlab insonlarga qarata.
Armiya olomonga qarshi qurol ishlatmaslikka qaror qilgani, Obama ma'muriyat nazarida, maqtovga sazovor.
28 yanvar kuni ham Obama Misrdagi voqealarga o'z munosabatini bildirgan edi.
"AQSh Misrni yaqin do'st deb biladi. Xavfsizlik va boshqa muhim sohalarda hamkorlik qilib kelamiz. Lekin biz bu tuzumni hamisha islohotlarlarga undaganmiz. Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar qilib, xalq hayotini osonlashtirishga",- deydi Obama.