Migrant ayollar: Rossiyada bizni hech kim kutmayapti

Ayollar va jamiyat

8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni, aniqrog’i xalqaro xotin-qizlar huquqlari uchun kurash kuni. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu sanani ta’sis etishidan maqsad ham ayollarni kamsitishga barham berib, xoh ishda, xoh kundalik hayotda tenglik muhitini yaratish bo’lgan. Bugun Rossiyada mehnat qilayotgan muhojir ayollar uchun har qachongidan dolzarb mavzu.

Your browser doesn’t support HTML5

Ishchi muhojir ayollar bilan suhbat/Nasiba Tohir


O’zini Saltanat deya tanishtirgan bishkeklik ishchi muhojir Moskvaga borganiga olti yil bo’libdi.

“Boshida do’konda sotuvchi, kafelarda ofitsiant bo’lib ishladim. Hozir Moskvadagi bir oilada uy yumushlariga qarashib yubirman”, - deydi ayol.

Saltanatni topishda “Amerika Ovozi”ga Migrant ishchilar kasaba uyushmasi yordam berdi. Shartnoma asosida ishlayotgan muhojir idoraga tez-tez qatnaydi, haq-huquqlaridan, yangi qonunlardan boxabar bo’lib turish uchun.

Moskva sizni qanday kutib oldi, deb so’raymiz undan.

“Yaxshi, nazarimda, nolimayman. Onam ham bu yerda ekanlari sababli uncha zoriqmadim. Rostini aytsam, bu yerga yo’lim tushadi deb o’ylamagan edim. Hayot shu ekan”, - deydi suhbatdosh.

Rossiyaga ishlashga boraman, deganingizda ota-onangiz, yaqinlar qanday javob qildi, deya so’raymiz.

“Oilada uch farzandmiz. Akam, ukam bor, men o’rtanchasiman. 23 yosh edim Rossiyaga endi kelganimda. Ota-onam vahima qildi, albatta. Ammo ularga ham yordam berish kerak edi-da… Tishni tishga qo’ydim-da Moskvaga jo’nadim”, - deydi u.

O’zbekistonlik mustaqil konsultant Ra’no Hamroyeva sovetlar davrida Rossiyada ta’lim olgan. Ittifoq qulagach, O’zbekistonga qaytib ketgan.

Oradan yillar o’tib, farzandlari ham Rossiyaga o’qishni tanladi va ona ularning izidan keldi. O’zini tutib olgan, Rossiyadagi Davlat ishchilari malakasini oshirish akademiyasida psixologiyadan dars berayotgan bu o’zbekistonlik yurtdoshlarga “Rossiya qonunlarini, ayniqsa, migratsiyaga oid bandlarini biling” deya bot-bot eslatadi.

“Chet eldan kelgan mutaxassislar, ayolmi-erkakmi, avvalo ishlash uchun hujjatlarni tayyorlashi kerak. Bu hujjatlarni tayyorlash oson emas, chunki tizim juda korrupsiyalashgan. Birinchi pallada qiynaladi odam va avvaliga o’zining mutaxassisligida ishlay olmaydi. Birmuncha vaqt o’tganidan keyin, ikki-uch yilgacha cho’zilishi mumkin bu, hujjatlarini taxt qilib, fuqarolik yoki “vid na jitelstvo” olganidan keyin odam o’z ixtisosligi bo’yicha ishlay boshlashi mumkin”, - deydi Hamroyeva.

Bilim, sabr-toqat, mehnat va malaka jihatidan ustunlik bilan eplab turib ketish mumkib, deb hisoblaydi u.

Ayrim muhojir oilalar, yolg’iz migrant ayollar farzandi bilan borishga majbur. “Bola uchun bu stress-ku”, - deydi Saltanat.

“Moskvada kvartiralar juda qimmat, oylik maoshdan uch baravar ko’p. Odamlar to’p-to’p bo’lib yashashga majbur, yurtdoshlar, tanishlar bilan. Bolalarga undan qiyin. Bog’chaga olishmaydi ularni, tibbiy sug’urtasi yo’q chunki. Yosh bola kasal bo’lib qolsa-chi? Sug’urtasiz shifoxonalarga ham olib borolmaysiz-ku. Shu bois bolani ergashtirib kelishdan oldin, o’ylab ko’ring. Har holda ular uyda, bobo-buvilari bilan birga turgani yaxshi”, - deydi bishkeklik muhojir.

Rossiyada ish beruvchi maoshni vaqtida to’lamaydi, deydi Saltanat. Kelgindi deb turtib-surtaverishadi, qonunlari kishanday siqib borayapti.

“Biz oddiy xalq bo’lsak, chidaymiz. Rus tilini bilganimiz uchun ham kelgandirmiz axir Rossiyaga. Shunday ekan, loaqal bir-birimizga mehr-oqibatli bo’laylik. Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligidan kelayotgan muhojirlar o’z ildizini unutmasin, bir-biriga dalda bersin, jips bo’lib yashasin. Rossiyada mehmonmiz-ku faqat”, - deydi muhojir ayol.

Rus manbalariga ko’ra, ayol migrantlar juda zaif, himoyalanmagan qatlam, erkaklardan ikki baravar kam haq oladi.

Moskvaga endi kelganida 23 yoshda bo’lgan, past-balandni ko’rgan Saltanat yosh qizlarga avval o’qishni bitirishni, diplomli bo’lishni maslahat beradi.

“Ota-onalar qizlarni yubormasin Moskvaga. 17-18 yoshli qizlarni ko’rdim, maktabdan chiqiboq, Rossiyaga ish izlab kelib, juda qiynaladi. Kollej, universitetlarni tamomlasin yaxshisi. Oliy ma’lumot bilan qiyinchiliklardan osonroq o’tishi mumkin. To’g’ri, bu yerda imkoniyatlar ko’p. Ammo Rossiya Federatsiyasining qonunlari muhojirlarga shafqat qilib o’tirmaydi. Shuni bilingki, Rossiyada sizni hech kim kutmayapti”, - deydi Saltanat.