Isroil G’azoni XAMAS harakati a’zolaridan tozalashga harakat qilarkan, sektorning urushdan keyingi taqdiri ko’plarni qiziqtirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
G’azo bilan chegaradosh yahudiy aholi punktlaridan evakuatsiya qilingan odamlar hozir mehmonxonalar va vaqtincha boshpanalarda yashamoqda, biroq uylariga qaytib borishni istaydi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, buning uchun avval XAMASni yo’q qilish kerak.
“G’azoni demilitarizatsiya qilamiz, sektordan Isroilga ortiq xavf bo’lmaydi. Tinchlikni ta’minlash uchun Isroil mudofaa kuchlari G’azo Sektorida xavfsizlikni nazorat qilishda davom etadi”, - dedi u.
Isroil hujumlarida ko’plab begunoh g’azolikning o’layotgani Isroilning eng yaqin ittifoqchisi AQShni gumanitar inqirozni yumshatishga harakat qilishga majburlamoqda.
“So’nggi haftalarda o’ta ko’p falastinlilk nobud bo’lmoqda, ko’p odam azob chekmoqda. Ularga zarar yetishining oldini olishga, imkon qadar ko’proq yordam ajratishga harakat qilyapmiz”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Isroil XAMAS garovda ushlab turgan 240 odamni ozod etmaguncha otashkesim bo’lmasligini bildirmoqda. Isroilda ayrimlar otashkesimga qarshi.
“Otashkesim joriy etilsa, XAMAS g’alaba qozongan bo’ladi, qotilliklari uchun javobgarlikdan qochib qoladi, Isroil esa yutqazadi. Hududimiz xavfsizligini tiklashga ojizlik qilgan bo’lamiz, mintaqada bizga qarshi ehtimoliy hujumlarning oldini olish kuchimizni tiklay olmaymiz”, - deydi Isroilning AQShdagi sobiq elchisi Maykl Oren.
Urush ertami-kech tugaydi va kimdir G’azoni tiklashi, ikki million odam hayotini boshqarishi kerak bo’ladi.
AQSh hozirda G’arbiy Sohilni boshqarayotgan Falastin Muxtoriyatini nazarda tutmoqda, biroq aksariyat falastinliklar muxtoriyat ma’muriyatiga ishonmaydi, uni zaif va korrupsiyalashgan deb ko’rishadi. Netanyaxu ham boshqaruvning ularga topshirilishiga qarshi.
Ayrim kuzatuvchilar o’tish davrida G’azoni xalqaro kengash nazoratiga topshirishni taklif etadi.
“Kuchli mahalliy kadrlarni yetishtirishga ancha vaqt ketadi. Isroil G’azoni boshqarmoqchi emas. Xalqaro hamjamiyat, Qo’shma Shtatlar uning qayta istilo etilishini istamaydi. Demak, G’azo Sektorini falastinliklarning o’zi boshqarishi kerak”, - deydi Yaqin Sharq bo’yicha isroillik tahlilchi Avi Melamed.
Dushanba kuni Oq uyda mehmon bo’lgan Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo AQSh rahbari Jo Bayden bilan uchrashuv chog’ida 57 ta musulmon mamlakat nomidan G’azoda zudlik bilan otashkesim joriy etishga chaqirdi.
“Indoneziya AQShdan G’azodagi qirg’inni to’xtatishga qattiroq harakat qilishni so’raydi. Otashkesim insoniyat manfaati uchun zarurdir”, - dedi Vidodo.
O’tgan dam olish kunlari Riyodda Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda majlisida qatnashgan Indoneziya rahbari Baydenga sammitda qabul qilingan rezolyutsiyani topshirdi.
Musulmon davlatlar ushbu hujjatda Isroilning G’azodagi harakatlarini qoralab, ularni o’zini himoya qilishga asos ekanini qabul qilishdan bosh tortdi, urushni darhol tugatishga, Isroilga qurol sotishni to’xtatishga, sektorga ko’proq gumanitar yordam yetkazishga chaqirishdi.
Bayden va Vidodo ikki tomonlama mavzularni ham muhokama qildi.
Vidodo shu hafta San-Fransiskoda bo’ladigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti yoki APEK sammitida qatnashadi. Bayden anjuman chetida Xitoy prezidenti bilan ko’rishadi.
'Xitoy bilan normal aloqani tiklashni istaymiz. Ya’ni muammo tug’ilganda telefonda gaplashish imkoniga ega bo’lishni, harbiylarimiz o’rtasida muloqot bo’lishini. Biz Xitoy bilan aloqadan chiqishga harakat qilmayapmiz, shunchaki munosabatlarimizni yaxshi tarafga o’zgarishini istaymiz”, - dedi Bayden.
Bugun Isroil havo hujumida Xon-Yunus lageridagi turar-joy vayron bo’lgan. Kamida 13 odam o’lgan. Yaradorlar mahalliy al-Nosir kasalxonasiga yetkazilgan.
"Bizga bu joyni xavfsiz deb aytishgan edi, ammo hamma uylar vayron bo’lgan, garchi odamlar ularda yashayotgan bo’lsa-da”, - deydi bir odam.
Yaradorlar orasida ayollar va bolalar ham bor.