Harrisning prezidentlikka nomzod bo’lish ehtimoli yuqori baholanmoqda

  • Amerika Ovozi

Oq uy Prezident Jo Bayden koronavirusdan tuzalganini bildirarkan, davlat rahbari seshanba kuni ishga qaytgan. Uning saylov poygasida o’rnini egallashga harakat qilayotgan o’rinbosari Kamala Harris esa shu kuni Viskonsinda saylovchilar bilan uchrashdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 24-iyul, 2024-yil - Harris kim o'zi? Parij Olimpiadasi boshlandi

Namoyishda Harris Donald Trampni tanqid qildi, prokuror bo’lib ishlagan paytlariga ishora qilib, uning sudlanganini eslatdi.

“Men turli xil jinoyatchilarni javobgarlikka tortishda qatnashganman. Ayollarni xo’rlagan, xaridorlarni aldagan, o’z foydasi uchun qoidalarni buzgan odamlarni. Donald Trampga o’xshaganlarni yaxshi bilaman”, - dedi Harris.

Bayden saylov poygasidan chiqqanidan so’ng o’tkazilgan so’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, saylov bugun o’tkazilsa, Harris 44 foiz, Tramp 42 foiz ovoz olgan bo’lardi.

Harrisning saylov shtabiga ko’ra, kelasi oy Chikagoda Demokratlar partiyasining qurultoyida qatnashadigan delegatlarning aksariyati Harrisni yagona nomzod sifatida qo’llab-quvvatlashga so’z bergan.

Tramp va Respublikachilar partiyasida vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vens ham o’z saylovchilari bilan uchrashdi.

“Jo Bayden nafaqat saylovdan qochgan odam sifatida, balki Amerikaning eng yomon prezidentlaridan biri sifatida tarixda qoladi. Kamala Harris esa undan million baravar yomon. U Jo Baydenning har bir muvaffaqiyatsizligiga sherik bo’ldi, uning prezidentlik vazifalarini bajarishiga to’sqinlik qiluvchi ruhiy holati haqida yolg’on so’zlagan”, - dedi Vens.

Harris Bayden poygadan chiqqanidan beri saylov shtabiga 100 million dollar xayriya tushganini, Demokratlar partiyasining ko’zga ko’ringan vakillari uning nomzodini qo’llab-quvvatlayotganini bildirdi. Jumladan nomzodlikka ehtimoliy da’vogar deb ko’rilgan Kaliforniya, Michigan va Kentuki shtatlarining gubernatorlari.

Bayden saylov poygasidan chiqmasa, Demokratlar partiyasi va Bayden saylov shtabiga xayriya uzatishni to’xtatib qo’yishi haqida do’q-po’pisa qilgan Gollivuddagi donorlar Harris poygada Baydenning o’rnini egallashi bilan boykotni bekor qildi.

Reper Kardi Bi, “Oskar” sohibi Jeymi Li Kurtis, taniqli prodyuser Shonda Rayms, shou-biznes olamidagi yana bir necha odam, jumladan Disney sulolasining vakili va merosxo’ri Abigeyl Disney demokratlarga xayriya uzatishni jonlantirganini, Harris nomzodini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Nyu-Yorkda joylashgan Xofstra universitetining dekani Mina Bouz Harrisda Trampni mag’lub etish uchun Baydenga qaraganda imkoniyat balandroq ekanini aytadi.

"Vitse-prezident Harris sobiq prezident Trampga nisbatan yoshroq, hatto hali 60 ga ham kirgani yo’q. Iqtisodiyot, tashqi siyosat, abort kabi ijtimoiy masalalar bo’yicha qarashlari keskin farq qiladi. U demokratlar siyosatini Baydenga qaraganda saylovchilarga yaxshiroq yekaza oladimi? Mana shuni ko’rish kerak”, - deydi Bouz.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Harris yosh saylovchilar, qora tanli saylovchilarni o’z tarafiga og’dira olishi, prokuror bo’lib ishlagan paytidagi munozara qilish ko’nikmalarini Tramp bilan debatda samarali ishga solishi mumkin.

Biroq “amerikalik saylovchi ayol kishini prezidentlikka saylashga hanuz tayyor emas” deydigan tahlilchilar ham bor.

Prezident Bayden chorshanba oqshom xalqqa murojaat qilishi kutilmoqda. U o’z bayonotida amerikaliklarni Harrisni qo’llab-quvvatlashga da’vat etadimi, yo’q, ma’lum emas.

HARRIS KIM O'ZI?

Harris mamlakatda ikkinchi yuqori lavozimga erishgan nafaqat ilk ayoldir, balki otasi qora tanli, onasi hind bo’lgan ilk vitse-prezident hamdir.

“U ko’p ayollar uchun oynali shiftni sindirishga muvaffaq bo’ldi”, - deydi demokrat qonunchi Barbara Li.

Kamala Harrisning ota-onasi muhojir bo’lib, Kaliforniya universitetida tanishib qolishgan. Harris shu shtatda, Oklend shahrida tug’ilgan. U o’qigan maktabda Harrisning devorga tushirilgan Rasmini ko’rsa bo’ladi.

Vashingtonda Xovard universitetini tamomlaganidan so’ng Harris 2004-yilda San-Fransiskoda ilk ayol tuman prokurori, 2011-yilda esa Kaliforniya shtati tarixida bosh prokurorlikka kelgan ilk qora tanli ayol bo’ldi.

Vitse-prezident sifatida Harris Oliy sudning abortni mamlakat bo’ylab qonuniylashtirgan 1973-yilgi qarorini bekor qilish hukmiga qarshi chiqdi. Ushbu hukm ortida sobiq prezident Donald Tramp tayinlagan uch nafar konservativ sudya bo’lgan.

"Tramp 1973-yilgi sud qarorining bekor etilganida uning qo’li borligini faxr bilan tilga oladi. Tramp Oq uyga qaytsa, abortni barcha shtatlarda man qilishga qo’l urishidan shubhangiz bo’lmasin”, - deydi Harris.

Vitse-prezident sobiq rahbar Barak Obama paytida qabul qilingan davlat tibbiy sug’urtasi hanuz amal qilayotganini hamda Bayden ma’muriyati tashabbusi bilan insulin narxining tushirilganini olqishlaydi.

Joriy yilda Harris Oq uy ma’muriyatining chegarani tartibga solish harakatlariga bosh bo’ldi. Immigratsiya noyabrda bo’ladigan prezident saylovida muhim mavzu bo’lishi kutilmoqda.

"Amerika fuqarolarining mamlakatda 10 va undan ko’p yil yashagan hujjatsiz umr yo’ldoshlarida grin kartaga hujjat topshirgandan so’ng natijani Amerikada kutish imkoni bo’ladi”, - deydi Harris.

Osiyolik amerikaliklar, tub gavayiliklar, Tinch okeani orollaridan kelgan odamlar bilan uchrashuvlari chog’ida Harris Trampni immigratsiyaga qarshi siyosatchi sifatida ta’riflaydi.

“Muhojirlarni yomonga chiqargan, ksenofobiyani targ’ib qilgan, adovatni qo’zg’atadigan odamning AQSh prezidentining muhri tushirilgan minbardan turib gapirishga haqqi yo’q”, - deydi vitse-prezident.

Jo Bayden iyun oyidagi teledebatda qoqilishi ketidan Harris namoyishlarda faolroq qatnashadigan bo’ldi.

“Trampni bir marta mag’lub etganmiz. Yana bir bor mag’lub qilamiz. Tamom-vassalom”, - deydi Harris.

Prezident Bayden saylov poygasidan chiqishi ketidan Harrisda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo’lish imkoni tug’ildi. Shundan so’ng u saylovda g’alaba qozonsa, ilk qora tanli va ilk hind amerikalik prezident sifatida Amerika tarixiga kiradi.