“The Long War Journal” nashri Afg’onistonda koalitsiya va afg’on kuchlari operatsiyasida Tolibon va O’zbekiston Islomiy Harakati qo’mondonlaridan biri, mulla Abdul Fattoh Haqqoniyning yo’q qilingani haqida xabar beradi.
Haqqoniy shimoldagi Bag’lan viloyatida havo hujumida o’lgan. U jangarilar tayyorgarligi bilan shug’ullanar, toliblarga qurol-yarog’ va portlovchi moddalar sotib olishda bosh bo’lgan. Afg’on armiyasi va koalitsiya qo’shinlariga qarshi bir necha xurujlarni uyushtirgan.
Hududda mart oyidan beri jangarilarga qarshi reydlar o’tkazilgan, deb yozadi “The Long War Journal”. Tolibon va O’zbekiston Islomiy Harakati Afg’oniston shimolida bir necha tayyorgarlik bazasi va suiqasd bombachilarni tayyorlash punktlariga ega. Harakatning ayrim rahbarlari shimolda Tolibonning soyadagi hukumatidan ham o’rin olgan.
22-mart kuni Samangan viloyatida O’zbekiston Islomiy Harakati qo’mondonlaridan biri qo’lga tushgan. Bag’landa qo’lga tushgan toliblardan birining aytishicha, harakat Qunduzda ham faol. Tarkibida O’zbekiston, Tojikiston, Checheniston va Rossiyadan chiqqan jangarilar bor. Tolibon va O’zbekiston Islomiy Harakati yaqindan hamkorlik qiladi, deydi asirga olingan tolib.