Qo’shma Shtatlar Pokiston bilan buzilgan aloqalarini qayta tiklashga urinmoqda. Afg’onistondan qo’shinlarni chiqarish muddati yaqinlashar ekan, bu borada AQShga Islomobodning yordami kerak bo’ladi.
Tahlilchilarning aytishicha, Afg’oniston kelajagida Pokiston-Hindiston munosabatlari muhim o’ringa ega. AQSh hukumati Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun bir-biriga azaliy raqib bo’lgan bu ikki o’lkani murosaga keltirishni xohlaydi.
Vashingtondagi Milliy mudofaa universiteti professori Hasan Abbosning aytishicha, agar Qo’shma Shtatlar qo’shinlarini 2014-yilda hududdagi yetakchi mamlakatlar bilan kelishuvga erishmay turib Afg’onistondan chiqarsa, vaziyatning ijobiy tomonga o’zgarishini kutmasa ham bo’ladi.
“Afg’onistonni hududiy va xalqaro hamjamiyat ko’magisiz shu ahvolda tashlab ketsak, urush hali-beri tugamaydi”, deydi u.
Rasmiy Islomobod Hindistonni hududda josuslik amaliyotlarini olib borayotganlikda ayblaydi. Dehli nazarida esa Pokiston o’z hududidan chiqqan qurollangan ekstremistlarning xorijdagi faoliyatini jilovlashga urinmayapti.
Atlantika Kengashi tahlil tashkilotining Janubiy Osiyo markazi rahbari Shuja Navozning aytishicha, muammoga oddiy yechim yo’q. Pokiston qurollangan radikal guruhlar ustidan nazoratni kuchaytirishi uchun o’z qonunlarini o’zgartirishi kerak, ammo bu rasmiy Islomobod uchun siyosiy jihatdan amalga oshirish qiyin bo’lgan masala, deydi u.
Ammo so’nggi paytlarda qurolli guruhlarning Pokiston ichida jonlanib borayotgani hukumatni adliya tizimini mustahkamlashga undashi mumkin, deydi Navoz.
“Umidimiz shuki, nafaqat hukumat yoki harbiylar, balki Pokiston jamoatchiligi ham radikal qurolli guruhlar mamlakat barqarorligiga tahdid solishdan boshqa hech qanday naf keltirmasligini tushunib yetadi”, deydi olim.
AQSh Tinchlik instituti tadqiqotchisi Muid Yusufning aytishicha, Afg’onistondagi muammoga yechim topishda Hindiston va Pokistonning o’zaro hamkorligi muhim va Qo’shma Shtatlar ularni bunga ko’ndirishi lozim, chunki yolg’iz AQSh-Pokiston aksil-terror harakatlari ish bermasligi mumkin.
“Bu ikki davlat Janubiy Osiyoning yetakchi ittifoqchilariga aylanishi uchun ularni bir joyga jamlaydigan umumiy manfaatlarni ko’rmayapman”, deydi tadqiqotchi.
Vashington va Islomobod munosabatlaridagi beqarorlik ko’p yillardan beri kuzatiladi. O’tgan yili NATO havo hujumida 24 pokistonlik askarning nobud bo’lgani mavjud aloqalarni butunlay izdan chiqardi.
Pokiston hududida uchuvchisiz samolyotlardan harbiy maqsadda foydalanishni to’xtatish hamda Afg’onistonga Pokiston orqali harbiy qurol-aslahani o’tkazishga yo’l qo’ymaslik shular jumlasidan. Vashington bu talablar bo’yicha fikr almashishga tayyor, biroq ularga bo’ysunishiga ishora qilmagan.
Tahlilchi Yusufning ta’kidlashicha, Pokiston va Hindiston o’rtasida samimiy munosabatlar o’rnatilmas ekan, Afg’onistonda tinchlikni umid qilish qiyin.
“Afg’oniston muhim, ammo uni muhim qiladigan narsa bu Pokiston-Hindiston munosabatlari”, deydi u.
Vashington Afg’onistondagi vaziyatni yaxshilashni istasa, avvalo, Pokiston va Hindiston aloqalarini yaxshilashi kerak, deydi olim.