Qirg’iziston: Odamlar nega kutubxonaga qatnamay qo’ydi?

Qirg’iziston: Odamlar nega kutubxonaga qatnamay qo’ydi?

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’izistonda mustaqillik yillarida mingdan ziyod kutubxonalarning uchdan biri o’z faoliyatini to’xtatgan.

Bunga bir tarafdan mablag’ yetishmovchiligi sabab bo’lsa, ikkinchi tomondan kutubxonalar kamayib ketgani jamiyatda salbiy o’zgarishlardan dalolat beradi.

“Avvallari kutubxonalarga tez-tez borib turardik. Hozir esa bunga vaqt ham, imkon ham yo’q. Albatta, yoshlar uchun kitob o’qish zarur”, - deydi o’shlik onaxon.

“Kutubxonaga borish uchun xotirjamlik kerak. Qaniydi bizda ham tirikchilik tashvishlari bo’lmasa”, - deydi o’rta yoshli taksi haydovchisi.

Mahalliy ziyolilarga ko’ra, kitobxonlar ozayib ketganining bir sababi – kutubxonalar jamg’armasining ozligi. Kitoblarning asosiy qismi o’tgan asrning 90-yillarigacha chop etilgan.

Yangi kitoblar juda oz. Kitoblar bahosi balandligi bois kutubxonalar ularni sotib ololmaydi. Sho’rolar paytida kutubxonalar butunlay davlat tomonidan ta’minlangan.

Bunday vaziyatda mintaqada eng yirik O’sh viloyat kutubxonasi jamoasi kitobxonlarning diqqatini jalb etish va talablarni qondirish yo’llarini izlash bilan band.

“Bizning kitobxona hamkasblar anjumani o’tkazdi. Nafaqat tajriba balki kitoblar ham almashdik”, - deydi xodimlardan biri.

Bu bibliotekada asosan talabalar va ilmiy xodimlarni ko’rasiz. Ba’zan qariyalar ham kelib turadi.

“G’amxo’rlik” degan loyiha ochganmiz, nafaqaxo’rlar uchun. Qariyalar kitob bilan o’zlarini alahsitadi. Bir-biri bilan uchrashadi, deydi kutubxonachi opa.

Xodimlar oylik maoshlar oshsa, deydi. Hozirda ular oyiga ikki yarim – uch ming qirg’iz so’mi atrofida (50-60 dollar atrofida).

Yosh kitobxonlar nazarida, mahalliy bibliotekalar zamon talabiga javob bermaydi.

“Masalan biron kitobni izlab borsang tezda topib berishmaydi. Hali u bo’limga boring, bu bo’limga boring, deb. Oqibatda biz internetdan izlashga majbur bo’lamiz”, - deydi talaba qiz.

“Kutubxonachilarning xizmat saviyasi yuqori bo’lishini xohlar edim, xodimlar xushmuomala bo’lsa, istagan kitobing topilsa”, - deya davom etadi talaba qiz.

Mahalliy mutaxassislar kutubxonalar inqirozi jamiyatdagi bilim va ma’rifat saviyasiga salbiy ta’sir ko’rsatayotganini aytadi. Vaziyatni qanday o’nglash mumkin?

“Kutubxona faoliyati faqat kutubxonachilarga bog’liq emas. Bu yerda iste’molchilar sifatida kitobxonlar ommasi va nashriyotlar bor. Kutubxonani mana shu uch bo’g’indan iborat bir majmua, deb aytish mumkin. Biron bo’g’ini oqsab qoldimi, kutubxona faoliyati oqsab boraveradi. Aytaylik, kitobxonlarni kitob o’qishga qiziqtirdik, kutubxona jamg’armasini bo’lsin. Ammo shu jamg’arma kitobxonlarning ehtiyojiga javob bermasa, kutubxona ishini yaxshilash mumkin emas. Masalaga keng qamrovda yondashish zarur. Yuqorida aytilgan uch bo’g’inning har biri o’z funksiyalari, maqomini o’rinli holga yetkazsa, bibliotekalar faoliyati umid qilganday bo’ladi”, - deydi tahlilchi Ahmadjon Muhammadjonov.

Mamlakat kutubxonalariga xalqaro tashkilotlar ko’mak berayotgani ma’lum.

Qirg’iz rasmiylari yordam uchun tashakkur bildirgan holda, davlat ham ushbu sohani qo’llab-quvvatlash choralarini ko’rishini aytadi. Ayni paytda o’lka xazinasi quruqligi ham ko’pchilikka ayon.