Muvaqqat rahbariyat Qaddafiy “vasvos” bo’lib qolgan deydi

  • Amerika Ovozi

Hozirda Qaddafiy tug’ilib o’sgan Sirta shahri va qamal holatida yashayotgan boshqa hududlar ustida bahs ketmoqda. Biroq shaharlar kelasi haftagacha yaxshilikcha taslim bo’lmasa, kuch ishlatishga to’g’ri keladi

Liviyada vaqtinchalik hukmron kengash nazarida Muammar Qaddafiy “vasvos” bo’lib qolgan, uning so’nggi bayonoti “alahlash”dan boshqasi emas.

Liviyani 42 yil boshqargan, biroq xalq isyoni oqibatida quvilgan Muammar Qaddafiy kechagi audiomurojaatida tarafdorlarini taslim bo’lmaslikka va qo’zg’olonga undagan edi.

“Liviya qonga belansin, mayli, alanga olsin. Bo’sh kelmang va oxir-oqibat g’alaba qozonamiz”, - deydi u.

Qaddafiy yana NATO davlatlarini Liviyani mustamlaka qilmoqchi ekanlikda ayblab, G’arbni neft zaxiralariga yo’latmasligini aytgan.

Muvaqqat rahbariyat matbuot kotibi, polkovnik Ahmad Bani so’zlariga ko’ra, Qaddafiy xalqdan uzilib bo’lgan.

“Zolim Qaddafiy qochib qolmoqchi, lekin birato’la yurtga o’t qoymoqchi”, - deb hisoblaydi Ahmad Bani.

“Ovozimni boshqa eshitmasangiz-da, jangni davom ettiring, degan gapidan ma’lumki, u juftakni rostlamoqchi. Qaddafiy chegarada yashirnib yurib, Niger-dan panoh topish niyatida”, - deydi u.

Muvaqqat boshqaruv kengashi Liviyada qirg’in va adovatni tugatishga bel bog’lagan. Hozirda Qaddafiy tug’ilib o’sgan Sirta shahri va qamal holatida yashayotgan boshqa hududlar ustida bahs ketmoqda. Biroq, deydi Ahmad Bani, shaharlar kelasi haftagacha yaxshilikcha taslim bo’lmasa, kuch ishlatishga to’g’ri keladi.

“Qaddafiy pana joyda o’tirar ekanu oilalar, yosh bolalar uning uchun jon berar ekan! Kim uchun jon olib-jon berib kurashayapsiz?”- deb so’raydi Ahmad Bani, davlatni vaqtincha boshqarayotgan kengash matbuot kotibi.

“Vahshiy arbob va uning zolim o’g’illari uchun jang qilish arzimaydigan ish. Liviyani desangiz, bizga qo’shiling”, - deb da’vat etdi u.

Bu orada Qo’shma Shtatlar muvaqqat rahbarlar bilan gaplashib, 1988-yilda AQShga qarashli yo’lovchi samolyotni portlatgan liviyalik masalasini ko’targan.

Liviya fuqarosi Abdul Bosit al-Magrahiy o’shanda Shotlandiyaning Lokerbi shahri uzra 270 odam mingan samolyotni portlatganlikda ayblangan. Shotlandiya sudi uni umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan, biroq Magrahiy rak bilan kasallanib, o’lim yoqasida ekani aniqlangach, 2009-yilda ozod qilingan edi. Vatani Liviyada uni qahramon, deb kutib olishgan. Xabarlarga ko’ra, Magrahiy hozir Tripolida koma holatida.

Qaddafiy rejimi ayblovni tan olmasa-da, siyosiy izolyatsiyadan qutulish uchun 2003-yilda o’lganlar oilalariga ikki yarim milliard dollar to’lashga rozi bo’lgan edi. Bu pulning hammasi ham hali to’lanmagan.

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton marhumlar oilalariga hamdard. “O’lganlarning aksariyati talaba edi. Ota-onalar, yaqinlarning g’azabini tushunaman”, - deydi u. Klinton kecha Parijda Liviya taqdiriga doir xalqaro anjumanda muvaqqat rahbariyat bilan masalani alohida muhokama qilgan.

“Magrahiy qamoqqa qaytishi kerak, Qo’shma Shtatlar Lokerbi halokatiga aloqador liviyaliklar ishini ko’rib chiqishi lozim”, - deydi Xillari Klinton.

“Liviyada hozir qilinadigan ishlar ko’p. Dastlab xavfsizlik, qonun ustuvorligi, hukumat tuzish kabilar yechimini topishi kerak. Lekin Liviya rahbariyati Lokerbi fojeasi qanchalik ahamiyatli ekanini tushunadi va masalani tez orada ko’rib chiqishga va’da berdi”, - deydi Xillari Klinton.

Obama ma’muriyati o’tgan hafta Qaddafiyga tegishli, biroq BMT qarori bilan muzatilgan puldan bir yarim milliardini Liviya xalqiga uzatgan. Qo’shma Shtatlar shu paytgacha qiymati 30 milliard dollarlik mulkka tamg’a qo’ygan. Ayrim qonunchilar fikricha, bu pul evaziga Magrahiy AQShga topshirilishi kerak.