Liviya fuqarolik urushi yoqasida ekan, rahbar Muammar Qaddafiy ishdan ketmoqchi emas. “Xalq mening tarafimda”, - deydi u.
Qaddafiyga sodiq kuchlar bugun mamlakat sharqida hujumga o’tdi.
Port shahar Brega-da ular neft konlari va aeroport uchun olishib, muxolifatga mag’lub bo’lgan. Ajdabiya shahrida ham to’qnashuvlar kuzatildi.
Muammar Qaddafiyga qarshi namoyishlar boshlanganidan beri bu ikki shahar xalq iznida edi.
Qo’zg’olon uyg’ongan Bing’ozi shahri hozir muxolifat qarorgohi rolini o’tayapti.
Chetdan harbiy yordam
Vaqtincha hukumat tuzgan faollar xorijdan harbiy yordam so’rash haqida o’ylanib qolgan. Chet davlatlar yordamisiz bu kurash toabad davom etishi mumkin.
Qaddafiyning o’g’li Sayf al-Islom xalqaro hamjamiyatni aralashmaslikka chaqirdi. “Birov musht ko’tarsa, biz ham qarab o’tirmaymiz”, - deydi u.
Huquqshunos, olim, sudya va va boshqa arboblardan iborat muvaqqat kengashning ayrim a’zolari xorij harbiy madadidan umidvor. Boshqalar qarshi – Liviya sarhadlari ajnabiy kuchlar uchun yopiq, deydi ular.
Xorijda yashayotgan liviyalik faollar joriy hafta Vashingtonda AQSh rasmiylari bilan muloqot qilar ekan, NATOdan yordam so’ramoqda.
Amerikaning BMTdagi vakili Syuzan Rays deydiki, Liviya muxolif guruhlari oldin o’zaro kelishib, birlashib olishi kerak. “Hozircha harbiy ko’mak haqida gapirishga erta”, - deydi u.
Rays fikricha, Vashington Liviya hukumatiga siyosiy, iqtisodiy bosimga zo’r berishi kerak.
Kechagi olishuvdan keyin g’arbdagi Zaviya shahri hanuz muxolifat qo’lida.
Lekin Qaddafiy qo’shinlari shahar yaqinida o’rnashib, qulay fursatni kutayapti, deydi guvohlar.
Ayrimlar nazarida Qo’shma Shtatlar Liviya masalasida sust harakat qilmoqda. Vashington bu da’volarni rad etadi.
"Qo'shma Shtatlar bo'shanglik qildi"
Liviyadagi vaziyat shiddat bilan o’zgarmoqda. “Obama ma’muriyati o’ylab ish tutish tarafdori”, - deydi Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni.
“Ikki-uch hafta oldin Qaddafiy ketadi deb birov xayoliga ham keltirgani yo’q edi”, - deydi Karni.
Liviyaning katta qismi hozir xalq iznida. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, arab dunyosi Qaddafiyga qarshi. “Bunaqa bo’lishini kim ham o’ylabdi?” – deydi Oq Uy matbuot kotibi.
Qo’shma Shtatlarga qarashli harbiy kemalar Liviya yaqiniga, Misrning Suvaysh kanaliga safarbar etilgan.
“Gumanitar yordam uzatishga, evakuatsiya uchun hozirlik ko’rayapmiz”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts.
NATO davlatlari Liviya uzra harbiy parvozlarni man qilish masalasini muhokama qilmoqda. Qo’shma Shtatlar Senati bu taklifni ma’qullab, rezolyutsiya qabul qildi. Hujjat BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim etilgan.
Biroq NATO hali bir to’xtamga kelmadi. Liviya havo sarhadlarida uchishni man qilish, shu tariqa Qaddafiy armiyasi hujumlarini to’xtatish zarur. “Lekin bu o’ta murakkab operatsiya”, - deydi AQSh harbiylari.
Ba’zi mutaxassislar Liviya havo mudofaa tizimiga zarba berishni taklif qilmoqda. Shunda Qaddafiy kuchlari NATO va AQSh jangovar samolyotlariga tega olmaydi.
Liviyani BMT Inson huquqlari kengashidan haydashdi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Liviyani 47 davlat a’zo Inson huquqlari kengashidan chetlatishga qaror qildi. Bu – o’z xalqiga hujum qiladigan boshqa rahbarlar uchun ham o’git. Qo’shma Shtatlar BMT qadamini olqishladi.
“Fuqaroni qirgan davlatga inson huquqlarini himoya qilgan kengashda o’rin yo’q”, - deydi Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton.
BMT Bosh Assambleyasi Qaddafiyning xatti-harakati, insoniyatga qarshi shafqatsiz qarorlaridan xavotirda.
Tashkilot Inson huquqlari kengashi 2006 yilda tuzilgan va Liviya undan chetlatilgan ilk davlat.
Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti BMT taklifidan mamnun. Liviyani kengashga umuman qabul qilmaslik kerak edi, deydi huquq himoyachilari.
Inson huquqlarini poymol qilgan har bir davlat arbobi bilsinki, u jazosiz qolmaydi, deydi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.
Qochqinlar
Tashkilot hisob-kitobiga ko’ra, 140 ming odam Liviyani tashlab chiqqan. Aksariyati yaqinda qo’zg’olonni boshidan kechirgan qo’shni Tunis va Misrga qochmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qochqinlar agentligi chegarada palatkalar o’rnatgan. Odamlar uchun zarur mahsulot, kiyim-bosh yetkazmoqda.