Kelasi 30 yil ichida dunyoda oziq-ovqat ishlab chiqarishni ikki hissa oshirish zarur. Aholi soni ko’paygan sari, ayniqsa go’sht va sut mahsulotiga talab ham kuchayib borayapti, deya ogohlantiradi Birlashgan Millatlar Tashkiloti.
Lekin qoramol boqish va chorvachilikni kengaytirishning ham o’z talablari bor. Ko’plab ekologlar bu sohani kichraytirish kerak deya bong urib keladi. Insoniyat kamroq go’sht yeb, ozroq sut iste’mol qilishni o’rganishi lozim, deydi ular. Lekin bunga erishish mumkinmi?
Jahon ahlini boqish hech qachon oson bo’lmagan. Bugun yanada og’irlashgan.
Nensi Morgan Qishloq Xo’jaligi va Oziq-Ovqat Tashkilotining Jahon Bankidagi vakili.
“2050-yilga borib, go’sht ishlab chiqarish va iste’moli ikki barobar oshishi kutilmoqda”.
Tashkiloti hisobicha, hozirda yer yuzida 1,5 milliard bosh qoramol bor. 1 milliard cho’chqa va 6 milliard tovuq.
AQShning o’zida har yili millionlab qoramol va parranda iste’mol uchun so’yiladi.
Nensi Morganning aytishicha, o’tgan o’n yillikda eng xaridorgir mahsulot bu go’sht edi, jumladan qoramol va tovuq.
Yer shari bo’ylab, qishloq xo’jaligi uchun mo’ljallangan maydonning yarmidan ko’pida mol boqiladi. Chorvachilik - atrof-muhitga zarar keltiradigan soha, deydi ko’plab olimlar. Metan gazi global haroratning ko’tarilishiga hissa qo’shadi. Zaharli gazlarning 18 foizi shu sanoatga to’g’ri keladi.
Jahon Muhofazasi Jamg’armasi degan xususiy ekologik tashkilot yaqinda yillik hisobot chiqardi. Unda hukumatlarga beriladigan asosiy tavsiyalardan biri – chorvachilikni qisqartirish.
Mol boqish maqsadida o’rmonlar buzib tashlanmoqda, ko’kalamzorlar barbod qilinmoqda, masalan Braziliyaning Amazon mintaqasida, deyiladi hisobotda.
"Qoramol uchun deb o’rmonlarni yoqamiz, yashil zonalar vayron qilinadi. Metan gazi darajasi osharkan, asosiy aybdor – chorva",- deydi u.
Jahon Muhofazasi Jamg’armasi hukumatlardan go’sht va sut sanoatiga subsidiya bermaslikni so’ramoqda.
"Go’sht va sut mahsulotlari iste’moli yuqori ekani global iqlimga tahdid… Ekologiyaga katta zarar. Insoniyatga xavf. Shu mahsulotlar sabab qand, saraton va yurak kasalliklari keng tarqalgan",- deydi Jerard Vedderburn-Bishop.
Lekin dunyoning katta qismi aynan shu sohada tirikchilik qiladi.
“Amerikada mol boqish uchun yer va sharoit yetarli. Ekinzorlarga umuman halal bermaydi”,- deydi Xetfild.
Bu sohada izlanadigan ilmiy markazlar chorvachilikning atrof-muhitga salbiy ta’sirini o’rganib chiqib, choralar taklif qilgan, deydi rasmiy.
“Gap muvozanatda. Uni ta’minlayapmiz deya olmayman, lekin urinayapmiz”.
Qishloq xo’jaligiga asoslangan mamlakatlarga qoramolni kamaytiring deyish eng samarasiz harakat bo’ladi, deydi mutaxassislar, lekin ular bu sohaning ekologiyaga ta’sirini tushunib yetishi kerak.