Medvedev va Karimov "arab bahori" haqida gaplashgan

  • Amerika Ovozi

Toshkent, 14 iyun 2011

O'zbekiston prezidenti Islom Karimov va Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev Do’rmon qarorgohida qurgan suhbatida arab dunyosida kechayotgan inqiloblar haqida ham gaplashgan.

Kremlin.ru saytida yozilishicha, Karimov Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Afg’onistonda kechayotgan voqealar Rossiyani ham, O`zbekistonni ham befarq qoldirmasligini va ikki davlat umumiy pozitsiya ishlab chiqishi kerakligini aytgan. Buni tez kunda amalga oshirish kerak deb hisoblaydi Karimov.

Toshkent xalqaro aeroportida

Rus axborot vositalarining xabar berishicha, Medvedev “arab bahori” Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada vaziyatni o’zgartirgani va buning oqibatlari uzoqqa cho’zilishi mumkinligi, Rossiya va O’zbekiston bu borada maslahatlashib ish tutishi zarurligini qayd etgan.

Respublika matbuoti bu uchrashuv haqida qisqa ma’lumot berdi. O’zbekiston Axborot Agentligining bildirishicha, asosiy maqsad savdo aloqalari, hamkorlikni mustajkamlashdir va Rossiya prezidentining tashrifi Karimov taklifiga ko’ra amalga oshgan.

O'zbekiston rahbari arab dunyosidagi o'zgarishlarga nisbatan Rossiya bilan bir pozitsiyada turish kerak degan fikrda.

Ziyolilar nazarida tashrif ahamiyati katta. Mavjud mulohazalardan biri shuki, O’zbekistonda arab dunyosidagi kabi vaziyat vujudga kelsa, Karimov Kremldan madad so’rashga majbur bo’ladi.

Siyosatdonlar Rossiya-O’zbekiston aloqalari oxirgi paytda ancha sovigan deb kelayotgan edi.

Ishonchli manbalarning ayon qilishicha, Medvedevning tashrifida, rasmiy Toshkent talabi bilan, jurnalistlar ishtiroki cheklangan. Safar to’rt soat davom etgan.

Medvedevni Qozog’istonga kuzatgach, Islom Karimovning o’zi ham Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yillik sammitida qatnashish uchun Ostonaga yo’l olgan.

Arab dunyosidagi o’zgarishlar bu sammitda ham muhokama qilinishi kutilmoqda.