Qaddafiyning o'g'li o'ldimi? Suriyada yana bir qonli kun

  • Amerika Ovozi

Qaddafiyning o'g'li o'ldimi? Suriyada yana bir qonli kun

Liviya hukumati Muammar Qaddafiyning o’g’illaridan biri NATO havo hujumida o’lgani haqidagi xabarlarni inkor etgan.

Bu gaplar “g’irt yolg’on” deydi hukumat matbuot kotibi Musa Ibrohim.

Lekin oppozitsiyaning ta’kidlashicha, Zlitan shahrida xalqaro koalitsiya reydi oqibatida Hamis Qaddafiy va kamida 30 odam o’lgan.

Hamis Qaddafiy armiyaning yetakchi qo’mondonlaridan biri sanaladi. Uning o’limi Liviya rahbariyati uchun qaqshatqich zarba bo’lishi mumkin.

Yil boshida NATO operatsiyasida Qaddafiyning boshqa o’g’li – Saif al-Arab halok bo’lgani aytilgan edi. Hukumat alyansni tinch aholini bombardimon qilayotganlikda ayblab keladi.

Suriyada prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olon tinmayapti. So’nggi haftalarda aynan juma kunlari namoz ketidan namoyishlar qizimoqda. Bugun poytaxt Damashqda politsiya to'rt kishini o'ldirgan.

Faollarning aytishicha, dushanbadan beri Suriyada 130 fuqaro nobud bo’lgan. Armiya qamalidagi Hama shahri eng ko’p talofat ko’rgan.

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton xalqaro hamjamiyatni Assad ma’muriyatiga bosimni oshirishga undamoqda.

Yevropa va arab davlatlari Suriyani kuchliroq sanksiyalar bilan siquvga olishi kerak, deydi u. Klinton nazarida Bashar al-Assad yurtni boshqarish huquqidan ayrilgan.

Ramazon oyining ilk jumasida bugun Yamanda namoyishlar.

Ko’cha-kuyda prezident Ali Abdulla Solih tarafdorlarini ham, unga qarshilarni ham ko’rish mumkin. Solihning o’zi hali ham Saudiya Arabistonida, iyun oyida suiqasd xuruji oqibatida olgan jarohatlarini davolayapti.

Bugun Isroil hukumati Quddusning al-Aqsa masjidiga kirish-chishni chekladi.

Falastinlik minglab odamlar islom olamining muqaddas dargohlaridan biri bo’lmish masjidda yig’ilgan, atrofda esa politsiya va chegarachi askarlar.

Muayyan yoshdagi ayol va erkaklarning bu dargohga kirishi man qilingan ekan, Isroil bu chora zo’ravonlikning oldini olish uchun zarur, deydi.