Pokiston Osama bin Laden borasida AQShdan norozi

  • Amerika Ovozi

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy Fransiyaga safaridan qaytar ekan, "yurtim terrorizmga qarshi jangda asosiy frontga aylangan" deydi

Pokiston hukumati AQSh uning zaminida ruxsatsiz operatsiya olib borganidan norozi. 1 may kuni poytaxt Islomoboddan uncha uzoq bo’lmagan Abbotobod shahrida al-Qoida yetakchisi Osama bin Laden o’ldirilgan edi.

Shunisi ma’lumki, Pokiston razvedka xizmati Abbotobod haqida AQShga axborot uzatib turgan. Biroq hozir prezident Osif Ali Zardariy ma’muriyati xalqaro bosim ostida.

“Birinchi raqamli terrorchi Pokistonning harbiy istehkom va akademiya joylashgan shahrida bemalol yashagani haqida nahotki bilishmagan”? degan savol hammaning og’zida.

AQSh Markaziy Razvedka Agentligi direktori Leon Panetta kecha Kongressga reyd haqida hisobot bergan.

“Operatsiyaga Pokiston tomonini jalb qilmadik”, - deydi u, “toki ular jangarilarni oldindan ogoh qilmasin deb”.

Harbiy vertolyotlar manzilga yetganidagina rasmiy Islomobodga xabar berilgan.

Prezident Barak Obamaning terrorizmga qarshi kurash bo’yicha maslahatchisi Jon Brennan nazarida Osama bin Laden qaysidir ma’noda Pokiston qo’llab-quvvatlovida yashagan. U turgan katta hovli garnizon shahar – Abbotobodda, poytaxt Islomoboddan 60 kiolometr narida joylashgan bo’lgan.

Afg’oniston tomoni fikricha ham Pokiston razvedkasi buni binoyiday bilgan bo’lishi kerak. Mudofaa vazirligi matbuotdan kotibi Zahir Azimiy fikricha, bu kabi ma’lumotni Pokiston Razvedka Xizmati kabi qudratli idora u yoqda tursin, zaif boshqarma ham xabardor bo’lishi muqarrar.

“Vashington Post” gazetasiga bergan intervyusida prezident Zardariy tanqid va gumonlarni inkor etmoqda.

Uning aytishicha, Bin Laden o’ldirilgach, Tolibon Pokiston hukumatiga dag’dag’a qilgan. “Terrorizmdan jabr tortgan va unga qarshi kurashayotgan faqat Amerika emas”, - deydi Zardariy.

Zardariy xulosasi shuki, bin Laden Abbatobodda yillab emin-erkin yashagani nafaqat Pokiston, balki butun dunyo gardanida turgan xatodir.


AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha mas’ul vakili Mark Grossman kecha Islomobodda ikki davlat rasmiylari bilan ko’rishgan.

“Al-Qoida yetakchisi insoniyatga qarshi shafqatsiz jinoyatlar sodir etgan, demak barchamiz uchun g’anim edi” , - deydi u.

Hamid Karzay

Pokiston yetakchi diplomati Salmon Bashir so’zlariga ko’ra, bin Laden endi o’tmish va uning davlati AQSh hamda Afg’oniston bilan aloqalarda yangi sahifa ochishga tayyor.

Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri muovini Javed Ludin fikricha ham uch davlat terrorizmga qarshi birga harakat qilishi kerak.

AQSh Senati maxsus kuchlar xizmatini olqishlab, rezolyutsiya chiqargan.
Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi, tez kunda Afg’onistonga safar qilishi rejalangan demokrat Jon Kerri deydiki:

“Osama bin Laden o’ldirildi, endi Afg’onistondan chiqamizmi degan savolga hozircha javob berish qiyin. Tolibonga qarshi janglar davom etmoqda”.

Respublikachi senator Richard Lugar “afg’on urushi yiliga 100 milliard dollarni yeb ketmoqda”, deydi. Arbob fikricha bu yurt oyoqqa tura olishi, xavf-xatardan xoli bo’lishiga ishonish qiyin.

Demokrat senator Richard Durbin uning xalqi Afg’onistondagi urushdan charchaganini aytadi. Osama bin Ladenning o’lgani terrorizm barham topadi degani emas, deydi u.

Oq Uyning aniqlik kiritishicha, al-Qoida yetakchisi 1 may kuni Abbotobod shahridagi imoratning ikkinchi qavatida o'ldirilganida oldida quroli bo'lmagan.

Osif Ali Zardariy

Bin Laden AQSh maxsus kuchlari bilan o'q almashmagan, ammo o'zini himoya qilishga uringan.

Terrorist yetakchi boshi va ko'ksidan o'q yegan. Rafiqasi uni pana qilmoqchi bo'lganida, oyog'idan yaralangan.

Qurolsiz bo'lsa, nega tirik qo'lga olinmadi degan savolga Oq Uy "maxsus kuchlarning oldida o'ldirishdan boshqa chora qolmagan" deb javob beradi.

"Tirik qo'lga olishga tayyor edik", - deydi prezident Barak Obamaning terrorizmga qarshi kurash bo'yicha maslahatchisi Jon Brennan sal avvalroq matbuot bilan gaplashganida.

Osama bin Laden qurol ishlatmagan bo'lsa-da, u topilgan katta imoratda qurollangan himoyachilari bo'lgan va ular maxsus kuchlar bilan olishgan.

Operatsiya va uning natijasini aks ettiruvchi tasviriy materiallar mavjud ekani ma'lum. Oq Uy ularni ommaga havola etish ustida o'ylanmoqda.