Pokiston prezidenti: Amerika bilan hamkorlikni to'xtatmaymiz

  • Amerika Ovozi

Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan, Islomobod, 2011

Bugun Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy parlament oldida so’zlab, “davlatimiz demokratik qadamlar tashlashda davom etmoqda”, -dedi.

Bu hafta Pokiston qonunchilari Amerika bilan aloqalarni muhokama qiladi. O’tgan bir yil ichida hamkorlik ancha orqaga ketdi.

Pokistonda Amerikaga qarshi namoyishlar

Ko’plab senatorlar Qo’shma Shtatlarni Pokiston suverenitetini hurmat qilmayotganlikda, bu davlat ruxsatisiz Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarda harbiy operatsiyalar olib borayotganlikda ayblaydi, xususan uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarida terror o’choqlarini nishonga olayotganini qoralaydi.

Vashington esa al-Qoida va Tolibonga qarshi urush shunday missiyalar talab qilayotganini aytadi, ammo hujumlar haqida ko’p og’iz ochmaydi.

Pokiston 2001-yildan beri Amerikadan terrorga qarshi kurashda hamkorlik qilayotgani uchun milliardlab dollar moliyaviy yordam olgan.

Prezident Zardariy fikricha ikki davlat bir-birining ko’magiga muhtoj va o’zaro manfaatlarni hisobga olgan holda til topishib ishlashga majbur.

Uchuvchisiz qiruvchi samolyotlar

“Biz Amerika bilan hamkorlikni to’xtata olmaymiz va to’xtatmaymiz ham”,- deydi u.

AQSh Pokistonni zimdan jangari kuchlarni quvvatlayotganlikda ayblab keladi.

Bu davlat maxfiy xizmatining Tolibon bilan tili bir degan iddao qo'shni Hindiston tomonidan ham olg’a suriladi va Obama ma’muriyati keyingi paytlarda Islomobodga bu borada bosimni oshirgan.

Pokiston hukumati bu da’volarni rad etadi. Lekin 2011-yilning may oyida al-Qoida yetakchisi Osama bin Laden Islomobod yaqinidagi kichik shaharda yillar davomida yashab kelgani ma’lum bo’lgach bu gumon yanada kuchaygan. Osama bin Laden AQSh maxsus kuchlari tomonidan o’ldirilgan edi.