Kurdiston va Kataloniya misolida ko'rganimizdek, bir davlat hududidan ajralib chiqish oson ish emas. Hatto Shotlandiyada mustaqillik bo'yicha referendum qoldirildi, chunki aholining bu masalada yana bahs yuritishga xohishi yo'q.
Your browser doesn’t support HTML5
Ispaniyaning Kataloniya viloyati prezidenti Karles Puchdemon o'tgan hafta mag'lubiyatni tan oldi. Belgiyadan turib intervyu berar ekan, Madrid bilan muzokaraga tayyorligini ma'lum qildi.
"Haqiqatni tan olib, Ispaniya bilan o'zgacha munosabatlar qurishga tayyormiz", deydi u. Oktabr oyida u boshchiligidagi bo'lginchilar shuning aksini ta'kidlayotgan edi.
Iroq Kurdistonida esa sentabr oxirida mustaqillik bo'yicha referendum o'tganidan keyin Prezident Masud Barzaniy ishdan ketdi. Kurdiston Iroqdan ajralib, alohida davlat bo'lishini aholining 90 foizdan oshig'i qo'llab-quvvatlagan.
"Qarorimiz xato emas edi. Referendum bizning avtonomiyamizni cheklash uchun Bag'dodga bir bahona bo'ldi. Bu tadbir o'tkazilmasa ham markaziy hukumat o'z rejasidan qolmasdi", - deydi Barzaniy.
Kurd yetakchilarining hammasi ham sobiq prezident fikriga qo'shilmaydi. Masalan, Kurdiston Vatanparvarlar Ittifoqi referendumni kechiktirish tarafdori bo'lgan. Hozirda Bag'dod bilan muzokaralar ketmoqda.
Katalon va kurd mustaqillik harakatini kuzatgan boshqa mamlakatlardagi bo'lginchi kuchlar ulardan saboq olishi aniq. Yangrayotgan fikrlarga ko'ra, kurdlar ham, katalonlar ham yirik davlatlar quvvatlovini olmagan, xalqaro hamjamiyat qarshilik bildirsa ham saylov o'tkazgan. Ayniqsa kurdlar misolida regiondagi ko'plab mamlakatlar hamda Qo'shma Shtatlar referendum natijasini tan olmasligini oldindan ma'lum qilgan edi.
Gap shundaki, "Islomiy davlat" jihodchilari bilan kurashda AQSh ham Kurdiston, ham Iroq bilan ittifoqchi. Terrorga qarshi koalitsiya buzilmasligi kerak, deb eslatdi Vashington.
Kataloniya o'tkazgan referendumni ham na qo'shnilar, na yirik davlatlar qo'llab-quvvatladi. Katalon hukumati Yevropa Ittifoqidan yordam kutganini tan oladi. Biroq Bryusselda xavotir shu bo'lganki, qit'adagi boshqa millatchi guruhlar ham shu yo'ldan borib, Yevropadagi azaliy tartib-qoidalar barbod bo'ladi.
Kataloniya prezidentining sobiq yordamchisi Santi Vila hammasiga o'zimiz aybdor, deydi. U safdoshlarini soddalikda, Yevropa Ittifoqidagi kayfiyatni tushunmaganlikda ayblaydi."Siyosiy jihatdan go'lmiz", - deydi Vila.
Uning aytishicha, Kataloniya mustaqil davlat sifatida o'zini boshqarishga tayyor bo'lmagan. "O'z territoriyamiz, bandargohlar, aeroportlar va transport tizimlari ustidan nazorat o'rnatish haqida o'ylamadik", deydi Vila.
Referendum sababli taxminan ikki ming kompaniya bosh idorasini Kataloniyadan boshqa shaharlarga ko'chirgan. Mustaqil bo'lsak ham, iqtisodiy blokdan tashqarida qanday hayot kechiramiz, deydi fuqarolar. Separatist hukumat biror reja taqdim etmagan.
Shveysariya sobiq elchisi Daniel Vokerga ko'ra, Kataloniya mustaqillik kampaniyasi shuni ko'rsatadiki, o'z taqdirini o'zi belgilash tamoyilini mavridida, shart-sharoitga qarab qo'llash lozim. Bu gap muxtoriyatini saqlab qolishga urinayotgan Kurdistonga ham taalluqli.