Arab Ligasi raisi Nabil al-Arabiy Suriyada prezident Bashar al-Assad bilan muzokara olib bormoqda. Maqsad - uni qo’zg’olonlarni kuch bilan bostirish ahdidan qaytarish.
22 davlat a’zo liga nazarida mart oyidan beri 2200 odamning yostig’ini quritgan harbiy harakat tinchlikka olib bormaydi, aksincha vaziyat kun sayin og’irlashib bormoqda.
Bashar al-Assad uning hokimiyatdan ketishini talab qilayotganlarni “terrorist va xalq dushmanlari” deb ataydi. Kecha yana bir necha fuqaro o’ldirilgan.
Assad siyosatini qoralab, Suriyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirgan Amerika va Yevropa Ittifoqi bu mamlakatda rahbar yangilanishi kerak deb kelmoqda.
Boshida Assadning yonini olgan Rossiya bugun BMTda unga qarshi yangi rezolyutsiya qabul qilinishiga rozi.
Lekin, deydi prezident Dmitriy Medvedev namoyishchilar orasida zo’ravonlikka berilgan, terrorizm orqali maqsadga erishmoqchi bo’lgan odamlar yurganini ham unutmaslik kerak.
Rossiya shu tariqa Bashar al-Assad prezidentlikdan ketishi kerak degan chaqiriqlarni rad etmoqda.