Suriya Arab Ligasidan chiqariladi

  • Amerika Ovozi

Hula shahridagi manzara... Namoyishlar ketidan namoyishlar. Har juma namozdan keyin omma ko'chaga chiqadi. Xavfsizlik kuchlari qo'lida har hafta o'nlab odamlar halok bo'ladi.

Arab Ligasi Misr poytaxti Qohirada favqulodda majlis o'tkazib, namoyishchilarga qarshi qurol ishlatishda davom etayotgan Suriya hukumatiga nisbatan keskinroq chora ko’rishga bel bog'lagan. Suriyaning tashkilotga a'zoligi vaqtincha bekor qilingan. Shuningdek, liga iqtisodiy sanksiya qo'yish ustida bosh qotirmoqda. Suriyaning diplomatik maqomini pasaytirgan.

Xalqaro hamjamiyat va Suriya muxolifati shu talab bilan chiqqan edi.

AQSh hukumati bu qarorni olqishlamoqda. Prezident Barak Obama nazarida Arab Ligasi yetakchilikni qo'lga olib, Bashar al-Assad ma'muriyatini javobgarlikka tutayotgani tahsinga sazovor.

"Qo'shma Shtatlar Suriya xalqini quvvatlar ekan, Arab Ligasi bilan yonma-yon turib, bu davlat fuqarolari huquqlarini himoya qiladi",- deyiladi Oq Uy chiqargan bayonotda.

Vashington nazarida Bashar al-Assad, o'z xalqi talabiga bosh egib, hokimiyatdan ketishi kerak. Suriyada demokratiya shabadasi esib, yangi tuzumga asos solinishi lozim.

Lekin 22 davlat a’zo tashkilot rasmiylari, Suriyadagi vaziyat, hukumatga qarshi qo’zg’olon va xavfsizlik kuchlariga yuklangan vazifa borasida tomonlar turlicha qarashda. Yakdillik yo’q.

Arab Ligasi Qohirada uchrashib, Suriya taqdiniri ko'rib chiqmoqda, 12-noyabr 2011

O’tgan oy Arab Ligasi Suriya hukumati bilan murosa qilishga harakat qilib, unga qator shartlar qo’ygan edi.

Xususan, xavfsizlik kuchlarini qaytarish, ularni namoyishlarga safarbar etmaslik, ko’chalarni bo’shatib, muxolifat bilan muzokara boshlash hamda siyosiy mahbuslarni ozod etish.

Prezident Bashar al-Assad bu va’dalarning birortasini bajargani yo’q.

Kecha juma namozidan ketin omma yana ko’chaga chiqqanida 26 fuqaro hukumat kuchlari qo’lida jon bergan.

Qozg’olon mart oyida boshlangan bo’lsa, shundan beri 3500 odamning yostig’i quridi.