Huquq himoyachilarining aytishicha, Suriyada armiya prezident Bashar al-Assadga qarshi bosh ko’targan isyonkor Rastan shahrini qurshovga olgan.
Rastan namoyishlar tinmayotgan Hims va Hama shaharlaridan 20 kilometr narida joylashgan.
Kecha Arab Ligasi Suriya rahbariyatini namoyishchilarga qarshi hujumni bas qilishga chaqirgan edi.
22 davlat, jumladan, Suriya ham a’zo liga Assad ma’muriyatini kech bo’lmasidan qon to’kilishlarni bas qilishga undagan.
Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy bu davlatga borib, vositachilik qilishga rozi.
Lekin Suriya hukumati nazarida liga boshqa davlat ishlariga aralashmoqda va bu bayonot safsata.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, mart oyidan beri Bashar al-Assadning 11 yillik boshqaruviga qarshi isyonda 2200 odam o’lgan.
Yakshanbaga o’tar kechasi Idlib, Daraa viloyatlari, Damashq va Xarasta shaharlarida armiya kamida to’rt odamni o’ldirdi, deydi huquq faollari.
Ularning aytishicha, shanba kuni poytaxt Damashq yaqinida harbiylar masjidda yig’ilgan namoyishchilarga hujum qilib, bir necha kishi, jumladan, imomni jarohatlagan.
Suriya rahbari esa zo’ravonlikda chet el g’alamislari, jinoiy to’dalar va terrorchilarni ayblaydi. Ishki ishlar vazirligi Damashq ahlini osoyishtalikka undab, internetda qo’zg’olon ko’tarish haqidagi da’vatlarga quloq tutmaslikka chaqirgan.
Turkiya prezidenti Abdulla Gul so’zlariga ko’ra, qo’shni Suriya rahbari ishonchga loyiq emasligini namoyish etmoqda. Prezident Basha al-Assad har qancha islohotlar va’da qilmasdin, endi kech, deydi Gul.
Prezident Assad kecha senzurani tugatib, matbuot erkinligini mustahkamlovchi qonunni ma’qullagan.
Holbuki, u aksariyat xorijlik muxbirlarni mamlakatga kiritmay qo’ygan va Suriyadagi ahvolni xolis baholash mushkul bo’lib qolgan. Muxolifat Assadning va’dalari va qonunlarini soxta, deya rad etmoqda.