Suriya, Misr, Iordaniya…

  • Amerika Ovozi

Misr, Tahrir maydoni

Suriya

Faollarning aytishicha, Suriyaning qator shaharlarida xavfsizlik kuchlari bosh ko’targan aholini o’qqa tutib, 19 odamni o’ldirgan.

Mart oyidan beri hali bunaqa yig’in bo’lmagan edi, deydi guvohlar. Rasmiy matbuot talqinicha, hukumatga xayrixoh odamlar prezident Bashar al-Assad sharafiga uyushtirgan bularni.

Juma namozidan keyin minglab fuqaro hukumatdan norozi bo’lib ko’chaga chiqqan, poytaxt Damashq, Daraa va Idlibdagi to’polonda jarohat olganlar bor. Eng ko’p talofat ko’rgan – poytaxt.

Odamlar oldinroq namoyishlarda qamalgan safdoshlarining ozod etilishini talab qilmoqda.

Huquq tashkilotlari hisob-kitobiga qaraganda, chorshanbadan beri hukumat ta’qibiyu hujumlari natijasida olti fuqaro jon bergan, 20 kishi qamoqqa olingan. Davlatni 11 yil boshqarib kelayotgan Assad muxolifatga taslim bo’lmoqchi emas.

U siyosiy islohot o’tkazaman, deb va’da qilsa-da, oppozitsiya murosaga ko’nmayapti.

Misr

Jazirama issiqqa qaramasdan Misr poytaxti Qohiraning nomi chiqqan Tahrir maydonida minglab odamlar namoyish qilib, hukumatdan islohotlarni tezlatishni so’ramoqda.

Ba’zilar maydonni bir haftadan beri tark etmay keladi.

Hafta boshida esa Misr Ichki ishlar vazirligi 600 dan ziyod politsiyachini bahordagi qo’zg’olon paytida xalqqa zulm qilganlikda ayblab, ishdan bo’shatgan edi.

Bu qaror sobiq rahbar Husni Muborak safdoshlari ustidan sudlar sust kechayapti deb norozi bo’layotgan aholi talablariga javobdir.

Iordaniya

Irodaniya poytaxti Ammonda hukumat tarafdorlari va korrupsiyadan nolib, siyosiy, iqtisodiy islohot talab qilayotgan fuqarolar to’qnashgan.

Politsiya to’qmoqchi ishga solib, olishuvda to’qqiz kishi, asosan, voqeani yoritayotgan jurnalistlar jabr ko’rgan.